O‘zbekiston | 12:57 / 09.02.2023
21748
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Shavkat Mirziyoyev Turkiya elchixonasiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev turk qardoshlarga yana bir bor hamdardlik bildirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga bordi.

«Ma’lumki, 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy ellarida yuz bergan kuchli zilzilalar vayronkorligi bilan butun dunyoni larzaga soldi. O‘zbek xalqi ham ofat oqibatlarini qalbiga yaqin olib, chuqur qayg‘u va hamdardlik hissini tuydi.

Davlatimiz rahbari o‘sha kuniyoq qardosh Turkiya xalqiga va prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga hamdardlik bildirgan edi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish uchun mamlakatimizdan bir necha guruh qutqaruvchilar Turkiyaga yuborildi. Shuningdek, gumanitar yordam yuklari muntazam jo‘natib turilibdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident bugun Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, qardoshlarga yana bir bor hamdardlik bildirdi. Parvardigordan marhumlarni o‘z rahmatiga olishini, ularning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik berishini so‘radi. Jarohat olgan insonlar tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi.

«O‘zbek va turk xalqlari yaxshi-yu yomon kunlarda hamisha birga bo‘lgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Bu do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro yelkadoshlik hozirgiday og‘ir kunlarda yanada bilinadi», deyiladi xabarda.

Davlat rahbari O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini bildirdi. Elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada zilzila oqibatida 12873 kishi halok bo‘lib, 62 mingdan ortiq kishi jarohatlangani tasdiqlangan. Qurbon va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.  

Mavzuga oid