Biznes | 17:46 / 05.09.2025
3774
2 daqiqa o‘qiladi

Oltin narxi rekord darajada qimmatladi

5 sentabr kuni oltin narxi tarixda birinchi marta 1 unsiya uchun 3 570 dollardan oshdi. Bu juda katta ko‘rsatkich bo‘lib, oltin yil boshidan buyon qariyb 30 foizga qimmatlagan.

Foto: Reuters

Nega oltin bunday ko‘tarilmoqda?

Birinchi sabab – AQSh Markaziy banki foiz stavkasini tushirishi mumkin degan kutish. Foiz past bo‘lsa, odamlar pulni bankda ushlab turishdan ko‘ra, oltin olishni afzal ko‘radi.

Ikkinchi sabab – dollar zaiflashmoqda. Oltin dollarda baholangani uchun dollar kuchsiz bo‘lsa, boshqa davlatlar uchun oltin olish arzonlashadi. Bu ham talabni oshiradi.

Uchinchi sabab – dunyoda xavf ko‘p. Urushlar, savdo mojarolari, siyosiy tangliklar kuchayganida investorlar xavfsiz joy qidiradi. Oltin esa eng ishonchli boylik sifatida qaraladi.

To‘rtinchi sabab – markaziy banklar oltin sotib olyapti. Ko‘p davlatlar o‘z zaxirasini diversifikatsiya qilmoqda, ya’ni dollar ulushini kamaytirib, oltin ulushini ko‘paytirmoqda.

Demak, oltin narxi aynan mana shu omillar yig‘ilib qolgani sababli rekord darajaga chiqdi. Agar foiz stavkalari tushsa, geosiyosiy xavf davom etsa va markaziy banklar oltin xarid qilishni davom ettirsa, narx yana yuqoriga ko‘tarilishi mumkin. Agar buning teskarisi bo‘lsa – inflatsiya pasaysa, dollar mustahkam bo‘lsa, narx sekin-asta orqaga qaytadi. Hozirgi vaziyatda esa oltin tarixdagi eng yuqori darajani qayd etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2 centyabr kuni oltin narxi birinchi marta $3 500 dan yuqoriga ko‘tarildi. Xususan, $3 529 atrofida savdolar qayd etilgan, undan keyin esa $3 578,50 darajasiga ham chiqqan.

5 sentabr kuni esa, Trading Economics ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi $3 551,46 atrofida bo‘lgan — bu yilning eng yuqori bahosi desa ham bo‘ladi.

Mavzuga oid