Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: eronliklar gaplashishni istasa, oldimizga kelishi yoki qo‘ng‘iroq qilishi mumkin
AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Eron ikki oylik urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishni istasa, telefon qilishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, u Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lolmasligini yana bir bor ta’kidladi.
Foto: Reuters
«Agar ular gaplashishni istasa, oldimizga kelishlari yoki qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bilasizmi, telefon bor. Bizda yaxshi, xavfsiz aloqa liniyalari mavjud», dedi Tramp 26 aprel kuni Fox Newsʼga bergan intervyusida.
JUST IN: President Trump lays down a hard line on Iran talks, saying future discussions will happen by phone — not long-distance travel.
— Fox News (@FoxNews) April 26, 2026
“They cannot have a nuclear weapon. Otherwise there’s no reason to meet.” | @JacquiHeinrich @SundayBriefFNC pic.twitter.com/0ub40kNac8
«Ular kelishuvda nimalar bo‘lishi kerakligini yaxshi bilishadi. Hammasi juda oddiy: ularda yadroviy qurol bo‘lishi mumkin emas, aks holda uchrashishdan ma’no yo‘q», deya qo‘shimcha qildi u.
Reutersʼning yozishicha, reytingi tushib borayotgan Tramp mamlakat ichida qo‘llab-quvvatlanmayotgan ushbu urushni tugatish bo‘yicha bosimga duch kelmoqda. Eron rahbarlari esa strategik muhim Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini to‘xtatish qobiliyati orqali muzokaralarda ustunlik topishga harakat qilmoqda.
Axios nashri yakshanba kuni ismini oshkor etmagan ikki manbaga tayanib xabar berishicha, Eron pokistonlik vositachilar orqali AQShga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish va urushni tugatish bo‘yicha yangi taklif yuborganini yozdi. Unda Eron yadroviy muzokaralarni keyingi bosqichga qoldirishni taklif qilgan. AQSh Davlat departamenti va Oq uy ushbu xabar bo‘yicha izoh bermadi.
Eron uzoq vaqtdan beri Vashingtondan uranni boyitish huquqini tan olishni talab qilib keladi. Tehron buni faqat tinch maqsadlarda ekanligini aytsa-da, G‘arb davlatlari buni yadroviy qurol yaratishga qaratilgan deb hisoblaydi.
Eron «majburiy muzokaralar»ga kirmaydi
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon shanba kuni Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan telefon orqali muloqot qildi. U suhbatda Tehron tahdid yoki blokada ostida «majburiy muzokaralarga» kirmasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, muzokarachilar kelishuv uchun zamin tayyorlashni boshlashdan oldin, Qo‘shma Shtatlar birinchi navbatda barcha to‘siqlarni, jumladan, dengiz blokadasini olib tashlashi kerak.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa yakshanba kuni vositachi davlatlar — Pokiston va O‘mon o‘rtasida diplomatik safarlar amalga oshirdi va so‘ngra prezident Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga yo‘l oldi.
Eron davlat matbuotining xabar berishicha, Aroqchi O‘mon rahbari Haysam bin Tariq bilan bo‘g‘ozdagi xavfsizlik masalasini muhokama qilgan va tashqi aralashuvdan xoli mintaqaviy xavfsizlik tizimini yaratishga chaqirgan.
Aroqchi O‘mon bilan muzokaralar markazida «barcha qo‘shnilar va dunyo manfaatlariga xizmat qiladigan xavfsiz tranzitni ta’minlash yo‘llari» bo‘lganini aytdi.
«Tasnim» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Aroqchining Pokiston rasmiylari bilan uchrashuvida «Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yangi huquqiy rejimni joriy etish, tovon puli olish, urush tarafdorlari tomonidan harbiy tajovuz qaytarilmasligini kafolatlash va dengiz blokadasini olib tashlash» masalalari muhokama qilingan.
Dam olish kunlaridagi voqealar fonida tinchlik sa’y-harakatlarini tiklash umidlari pasayib ketdi. Dushanba kuni erta tongda Osiyo savdolarida neft narxi ko‘tarildi, dollar kursi biroz yuqoriladi
Garchi 28 fevralda boshlangan urush — o‘t ochishni to‘xtatish rejimida bo‘lsa-da, uni to‘liq tugatish shartlari bo‘yicha hali kelishuvga erishilmagan.