O‘zbekiston | 16:00 / 05.07.2023
10305
9 daqiqa o‘qiladi

Geosiyosatga kirib kelgan sun’iy intellekt. Yosh tadqiqotchi bilan suhbat

Sun’iy intellektni yaratgan insoniyat endi uni ko‘pdan ko‘p sohalarga tatbiq qila boshladi. Bu borada global siyosat yetakchilari o‘rtasida poyga ham boshlanib ketgan. Demak, Kun.uz'ning “Geosiyosat” ruknidagi suhbatlarning navbatdagi mavzusi – xalqaro munosabatlarda sun’iy intellekt faktori.

Suhbatdoshimiz – Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jahon siyosati yo‘nalishi bitiruvchisi, Sharqshunos tahlilchilar klubi a’zosi, Kaliforniya davlat universiteti magistraturasiga qabul qilingan Nurmuhammad Samijonov.

— Sun’iy intellekt bizning hayotimizga qanday kirib keldi va hozirgi jarayonlarga ta’siri qanday?

— Sun’iy intellekt tushunchasi hozir juda ko‘p tilga olinyapti. Aslida esa bu narsa o‘tgan asr o‘rtalarida ixtiro qilingan. Hali rivojlanmagan kompyuter tizimlari sababli o‘sha paytda sun’iy intellektga investitsiyalar kamayib ketgan. 2010 yildan keyin katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlay oladigan kompyuterlar yaratilgach, sun’iy intellekt sohasida katta siljish bo‘ldi va ular bugungi hayotimizda keng qo‘llanadi.

Boshqa rivojlangan davlatlardagi oliy ma’lumotli kishilardan so‘raganda, ular ham sun’iy intellekt asli nima ekaniga qiynalib javob beradi. Odamlarning tasavvurida ilmiy-fantastik kinolarda insoniyatga qarshi chiqadigan sun’iy intellekt tushunchasi o‘rnashib qolgan. Aslida, sun’iy intellekt allaqachon keng ko‘lamda hayotimizga kirib kelgan. Deylik, aqlli elektr energiya yetkazib berish tizimlarida ham sun’iy intellekt qo‘llanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum integratsiya asosida algoritm bilan tavsiya etish funksiyasi ham sun’iy intellekt asosida bo‘ladi.

— Xalqaro munosabatlarda, siyosatda sun’iy intellektdan foydalanish – yangilik. Geosiyosiy jarayonda sun’iy intellektni amaliyotga kiritgan davlatlar ham bormi?

— Sun’iy intellekt geosiyosatga katta ta’sir o‘tkazmoqda. Geosiyosatda aerokratiya degan yo‘nalish bor. Bu atama havoda kuchli bo‘lishga asoslangan. Sun’iy intellektni siyosatda qo‘llash, harbiy sohalarga jalb etish barcha davlatlarning xohishi. Ko‘plab davlatlar bosqichma-bosqich buni amalga oshib kelmoqda.

2020 yilni sun’iy intellekt harbiy dronlarda o‘zini ko‘rsatgan yil deb olsak bo‘ladi. O‘sha yili yanvarda sun’iy intellektning siyosatga ta’siri ochiq ko‘rina boshladi. 3 yanvarda Eron generallaridan biri Qosim Sulaymoniyning Pentagon droni tomonidan o‘ldirilgani bilan belgilanadi jarayon boshlanishi. 2021 yilda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Qorabog‘ uchun janglarda ham sun’iy intellektli dronlardan foydalanildi.

Sun’iy intellektni hozirgi bo‘layotgan Rossiya-Ukraina urushida ham ko‘rish mumkin. Ukrainaga dronlarga qarshi sun’iy intellektga asoslangan antidron texnologiyalarni ishlatdi.

— Sun’iy intellekt bo‘yicha davlatlar poygasi bormi?

— Bugunda global yetakchilikni da’vo qiluvchi AQSh va XXRni olish mumkin. Yaxshi bilamizki, 2017 yilda bu ikki davlat o‘rtasida savdo urushi boshlangan edi. Bugun shu narsa boshqa sohalarni ham qamrab oldi. Bayden ham XXR bilan katta raqobat bo‘lishini aytib o‘tgan edi. 2018 yilda Oq uy «Sun’iy intellekt – Amerika sanoati uchun» nomli sammit o‘tkazgan edi. Sun’iy intellekt rivojlanishi bo‘yicha alohida strategiyalar ham bor. 2017 yilda sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi ko‘p davlatlarda. Putin ham kim sun’iy intellekt bo‘yicha lider bo‘lsa, o‘sha dunyo boshqaruvini qo‘lga oladi, deb aytib o‘tgandi o‘sha vaqtda.

2017 yilda Xitoyning katta aqliy salohiyat talab qiluvchi «Gou» intellektual o‘yinida Britaniya kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy intellekt ko‘p karra chempion Li Sidolni yengadi. Bu voqea AQSh rasmiylari tomonidan «the sputnik moment» deb ataldi (The sputnik moment/the sputnik crisis – G‘arb davlatlarida sovetlar tomonidan dunyodagi birinchi sun’iy yo‘ldosh bo‘lgan Sputnik-1'ning uchirilishi natijasida yuzaga kelgan Qo‘shma Shtatlar va Sovet ittifoqi o‘rtasidagi texnologik tafovut haqidagi jamoatchilik qo‘rquvi va xavotir davri).

2017 yilda Hongkong texnologiyalar universitetida ishlab chiqarilgan Sofiya ismli sun’iy intellekt robotga Saudiya Arabistoni tomonidan fuqarolik ham berildi. Bu esa robotlar (sun’iy intellekt) insonda bo‘lgan huquq va majburiyatlardan foydalana oladimi, degan savolni o‘rtaga chiqardi.

Hozir Xitoy va AQSh o‘rtasidagi sun’iy intellekt poygasi juda jadal ketyapti. Xitoyda bu masala davlat darajasida yoritiladi va shunday qaraladi. XXR 2030 yilgacha bu borada global yetakchilikni qo‘lga kiritishni rejalashtirgan. «Made in China-2025» nomli dastur ham bor Xitoyda. Bunga ko‘ra, 2025 yilgacha Xitoyda ishlab chiqarilgan texnologiyalar, 5G internet ta’minoti butun dunyo bozorini egallashi kerakligi ko‘zda tutilgan.

Xitoy allaqachon 5G tarmog‘i bo‘yicha AQShdan ilgarilab ketgan. Xitoy kompaniyalari bu borada yetakchilikni qo‘lga olgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi Afrika davlatlari bozori to‘liq Xitoy tovarlari bilan egallangan. Bunga nisbatan esa inson huquqlari buzilishi haqidagi xavotirlar aytiladi. Lekin hech kim iqtisodiy tomonlama bo‘layotgan ikki tomonlama shartnomalarni javobgarlikka tortolmaydi. Xitoy shu tariqa bosqichma-bosqich jahon bozorini egallashni amalga oshiryapti.

Bugungi kunda Xitoyda 130 dan ortiq sun’iy intellekt bilan ishlovchi sun’iy yo‘ldoshlar uchirilishi rejalashtirilyapti. Shulardan 70 dan ortig‘i koinotda harakatlanmoqda. Ular aniq ma’lumotlar bera olish imkoniyati bilan AQShga kosmosda ham musobaqa taklif qilishmoqchi.

Xitoyda 2023 yilda sun’iy intellekt sohasiga 14,7 mlrd dollar investitsiya kiritilishi belgilangan. Bu – global miqyosdagi sun’iy intellekt uchun kiritilayotgan investitsiyalarning 10 foizini tashkil qiladi. 2026 yilgacha esa 26 mlrd dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

— Bu vaziyatda kiberxavfsizlik masalasi qanday bo‘ladi?

— Bu narsa sun’iy intellektdan qay darajada to‘g‘ri foydalanishga bog‘liq bo‘ladi. Endilikda kiberxavfsizlik borasida tadqiqotlar olib borish taqozo etiladi. Kiberxavfsizlik sun’iy intellektga chidamlimi yoki sun’iy intellektga ishonib topshirsa bo‘ladimi, degan savollar o‘rtaga chiqyapti endi. Sun’iy intellekt mana shu darajaga chiqib boryapti.

Bu borada ba’zi misollar paydo bo‘lib ulgurdi. Masalan, shu yil may oyida Vashingtonda portlash bo‘lgani surati tarqaldi, buning ortidan AQSh fond birjasida qisqa muddatli qulash kuzatildi. Surat esa soxta bo‘lib, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan ekan. Siyosiy jarayonlarga, axborotga ta’siriga yana bir misol: Buyuk Britaniyada bo‘lgan oxirgi saylovda saylovchilarni manipulyatsiya qilish uchun botlar ishlatildi.

Sun’iy intellektga keragidan ortiq ishonch bildirish ham kuzatilyapti. Jumladan, 2017 yilda Rossiyada saylov arafasida 40 ming kishi Yandex'ning Alisa ilovasini prezidentlikka nomzod qilib tavsiya etishdi. Sabab qilib esa unda biologik xarakter yo‘qligi, inson omili bo‘lmasligini ko‘rsatishdi. Yaponiyada shahar merligi uchun saylovda sun’iy intellekt ikkinchi o‘rinni olgan vaziyat ham bo‘ldi.

Ko‘rinadiki, ba’zilar keragidan ortiq ishonadi, ba’zilar esa qo‘rqadi bundan.

— Sun’iy intellekt insoniyatga pand bergan holatlar bo‘lganmi?

— 2016 yil Tesla avtomobili bo‘lgan voqeani eslash kerak bo‘ladi. Boshqaruvchisiz mashina trassada harakatlanish davomida yuk mashinasi oynasidagi quyosh nurini osmon sifatida qabul qilgan va yuk mashinasiga borib urilgan. Natijada yuk mashinasi haydovchisi halok bo‘lgan. Bunday holatlar kuzatilib turadi. Bu turdagi voqealar transportlarda sun’iy intellektdan foydalanishga e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Qachonki sun’iy intellekt va inson o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilsa, o‘shanda foydali bo‘ladi. Ijtimoiy jarayonlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, qora tanli va pardozli ayollarni yuzidan tanib olishda sun’iy intellekt bir qator muammolarga duch kelyapti. Bu esa o‘z navbatida ayollar huquqi, irqchilik masalalariga borib taqaladi. Shu kabi jihatlar bugungi kunda sun’iy intellektning kamchiliklari hisoblanadi.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid