O‘zbekiston | 19:24 / 04.12.2023
35883
2 daqiqa o‘qiladi

Lacetti ishlab chiqarish butunlay to‘xtatiladi

UzAuto Motors 2024 yildan Lacetti-Gentra rusumidagi avtomobil ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu General Motors kompaniyasining global savdo siyosati bilan izohlangan.

UzAuto Motors Lacetti-Gentra ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Kompaniya ushbu modelning butunlay konveyerdan olib tashlanishini GM kompaniyasining global savdo siyosati bilan bog‘lagan.

«Mazkur avtomobil uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari yangi modellarga yo‘naltiriladi», deyiladi xabarda.

Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Lacetti o‘rnini Onix, Cobalt-2 va yangi, hali sotuvi e’lon qilinmagan hamyonbop boshqa bir Chevrolet modeli egallashi mumkin.

Ma’lumot uchun, UzAuto Motors 2003 yildan Lacetti avtomobilini ishlab chiqarishni boshlagan. 2008 yildan ushbu modelni seriyali yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. 2013 yilda esa Lacetti-2 (hozirgi Gentra) ishlab chiqarilishi boshlandi. Bir yildan keyin birinchi avlod Lacetti’ning ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan.

Avvalroq, dekabr oyining ikkinchi yarmida 2024 yilda ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan ommabop avtomobillar uchun onlayn kontraktatsiya ochilishi ma’lum qilingandi. Shartnoma berish Cobalt, Damas  hamda Labo modellari uchun amalga oshiriladi.

UzAuto Motors o‘tgan yilning oxirida Nexia-3 va Spark ishlab chiqarishni ham to‘xtatgandi. 

Mavzuga oid