O‘zbekiston | 15:35 / 14.01.2023
9184
3 daqiqa o‘qiladi

«Hududiy elektr tarmoqlari» Toshkent shahridagi chiroq o‘chishlari sababini izohladi

Jamiyat rasmiylarining ma’lum qilishicha, tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga yetkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin kamaytirilgan.

Foto: Kun.uz

Respublikamiz bo‘ylab anomal sovuq ob-havo tufayli xonodonlarga berilayotgan gaz bosimi hamda issiqlik energiyasi haroratining tushib ketganligi sababli asosiy yuklama elektr ta’minotiga tushishi oqibatida elektr yetkazib berish va ta’minotda uzilishlar kuzatilmoqda. Buning natijasida, Toshkent shahrining ko‘plab tumanlaridagi elektr tarmoqlarida nosozliklar yuzaga kelib, ta’minotda favqulodda uzilishlar sodir bo‘lmoqda, deyiladi AJ matbuot xizmati tarqatgan murojaatnomada.

Shu munosabat bilan aholi va ijtimoiy soha obektlarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida tun-u-kun filialimiz tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Toshkent shahar filiali tomonidan joylarda yuzaga kelayotgan nosozliklarning oldini olish hamda favqulodda avariyali uzilishlarni tezlik bilan o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida, kuchaytirilgan navbatchilik shtabi tashkil etilgan.

Anomal sovuq kunlarida elektr energiyasini uzluksiz yetkazib, tug‘uruqxonalar, shifoxonalar, muruvvat va mehribonlik uylarining elektr ta’minotini berish, tizimda avariyali uzilishlarni tezkor bartaraf etish, ijtimoiy soha obektlarini alohida nazoratga olish hamda favqulodda holatga barcha elektr qurilmalarini shay holatga keltirish maqsadida, tashkil etilgan tezkor chiqish brigadalariga qo‘shimcha mutaxassislar jalb etilgan.

Xususan, 14 yanvar kuni davomida 100dan ortiq elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi. Nosozliklarni bartaraf etish uchun barcha korxonalarda 24 soat faoliyat yurituvchi maxsus brigadalar tashkil etilgan bo‘lib, ular zarur transport vositalari, qo‘shimcha elektr qurilmalari zaxiralari bilan ta’minlangan.

Bundan tashqari tarmoqlarda yuklamani kamaytirish hamda energiya resurslarini birinchi navbatda aholi va tibbiyot muassasalariga yetkazib berish uchun yirik sanoat korxonalariga gaz va elektr energiyasi yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi. Barcha hududlardagi ko‘cha yoritish chiroqlarining bir qismi o‘chirilib, undan tejalgan elektr energiyasi aholiga yo‘naltirilmoqda.

Shu o‘rinda iste’molchilardan vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslardan imkon qadar samarali foydalanishlarini, nostandart, energiya samarasiz qurilmalardan foydalanmasliklarini iltimos qilamiz. Iqtisod qilingan elektr energiyasi boshqa xonadonlarning chirog‘i yonishiga sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtning qator hududlarida bir necha soatlab chiroq o‘chib qolmoqda. Bu holat Toshkentda oldingi yillar kuzatilmagan.

Mavzuga oid