Jahon | 15:57 / 03.12.2025
13355
12 daqiqa o‘qiladi

Maduroning imkoniyatlari tugadi. Uning Tramp bilan telefon muloqoti haqida nimalar ma’lum?

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela rahbari Nikolas Maduro bilan uning iste’foga chiqishi va mamlakatda rejim almashinuviga rozi bo‘lgan taqdirda xavfsizlik kafolatlari masalasini muhokama qilgan.

Foto: Shutterstock / FOTODOM / miss.cabul

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 21 noyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan qisqa telefon suhbatidan so‘ng iste’foga chiqish va AQSh xavfsizligi kafolati ostida mamlakatni tark etish uchun barcha imkoniyatlarini ishlatib bo‘ldi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi Tramp ma’muriyatidagi manbalarga tayanib. Muloqot paytida Tramp Venesuela prezidentining bir qator iltimoslarini rad etgan.

Tramp prezident Maduro bilan qisqa telefon suhbati o‘tkazgani va undan iste’foga chiqish hamda Venesuelani oilasi bilan tark etishini talab qilganini tasdiqladi.

«Suhbat yaxshi yoki yomon o‘tdi, demayman, bu shunchaki telefon orqali muloqot bo‘ldi», degan AQSh prezidenti.

Mazkur muloqot AQSh va Venesuela munosabatlari keskinlashuvi fonida, AQSh Davlat departamenti Cartel de los Soles guruhini (uni Maduro boshqarishi iddao qilinadi) terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilganidan bir necha kundan keyin bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga Cartel de los Soles chindan ham mavjudligi aniq emas va Venesuela tashqi ishlar vazirligi buni «qat’iyan, uzil-kesil va mutlaqo rad etib», bu ma’lumotni «navbatdagi bema’ni yolg‘on» deb ataydi.

Maduro va uning hukumati muntazam ravishda barcha jinoiy ayblovlarni rad etib keladi va AQSh Venesuelaning ulkan tabiiy resurslari, birinchi navbatda, neft ustidan nazoratni qo‘lga kiritish uchun rejimni o‘zgartirishga intilayotganini ta’kidlaydi.

Maduro OPeKga yo‘llagan maktubida (yakshanba kuni uning matni Venesueladagi davlat nashrlarida e’lon qilindi) AQShni «Venesuelaning sayyoradagi eng yirik neft zaxiralarini ajalvor harbiy kuch ishlatish orqali qo‘lga kiritish»ga urinishda ayblagan.

Dushanba kuni Venesuela bosh prokurori Tarek Uilyam Saab BBC’ga bergan intervyusida Trampning ayblovlari mamlakatning tabiiy resurslariga nisbatan «katta hasad»dan kelib chiqqanini aytdi.

U, shuningdek, AQSh va Venesuela hukumatlarini «o‘tgan yilning iyulidan beri kuzatilayotgan toksik muhitni tarqatish uchun» to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotga chaqirdi.

Oktyabr oyida New York Times nashri Maduro Vashingtonga mamlakatdagi neft konlarida ulush va agar u hokimiyatda qoladigan bo‘lsa, Amerika biznesi uchun imkoniyatlar taklif qilgani, ammo AQSh bu muzokaralarni to‘xtatgani haqida xabar bergandi.

Tramp va Maduro nima haqida gaplashgan?

Telefon muloqoti o‘tkazilgani to‘g‘risida birinchi bo‘lib xabar bergan Miami Herald nashri yozishicha, Vashington va Karakas o‘rtasidagi muzokaralar uchta masala tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

«Birinchidan, Maduro o‘zi va guruhi tomonidan sodir etilgan barcha jinoyatlar uchun yalpi amnistiya so‘ragan, ammo bu rad etilgan», – deb xabar beradi Miami Herald manbasi.

«Ikkinchidan, ular qurolli kuchlar ustidan nazoratni saqlab qolishni so‘ragan – 1991 yilda Nikaraguada Violeta Chamorro bilan bo‘lgani kabi. Buning evaziga ular erkin saylovlar o‘tkazilishiga ruxsat bergan bo‘lardi», – deydi manba va Vashington bu taklifni ham rad qilganini qayd etgan.

Uchinchi masala demokratiya tiklanishi uchun Maduro barcha yaqin kishilari bilan birgalikda zudlik bilan iste’foga chiqishi talabi bo‘lgan. Unga o‘zi, rafiqasi Siliya Flores hamda ularning o‘g‘li Venesuelani xavfsiz tark etishiga kafolat berilishi aytilgan, ammo u bu taklifni rad etgan.

«Siz o‘zingizni va eng yaqin kishilaringizni saqlab qolishingiz mumkin, ammo buning uchun mamlakatni hoziroq tark etish kerak», – degan Tramp Maduroga uning rafiqasi va o‘g‘li faqatgina «u zudlik bilan iste’fo bersagina» xavfsiz ketish imkoniga ega bo‘lishini aytgan, deb yozadi Miami Herald.

Tramp Maduroning takliflarini rad etgan va unga AQSh xavfsizligi kafolati ostida Venesuelani tark etish uchun bir hafta vaqt bergan. Foto: Bloomberg via Getty Images

Uchta manba Reuters agentligiga Maduro muloqot chog‘ida Trampga u va uning oilasi a’zolari to‘liq yuridik amnistiyaga ega bo‘lishi, ya’ni AQSh qo‘llagan barcha sanksiyalar yechilishi hamda uning ishi Xalqaro jinoiy sudda ko‘rsatilishi to‘xtatilishi evaziga Venesuelani tark etishga tayyorligini aytgan.

Manbalarga ko‘ra, u Venesuela hukumatining 100 dan ortiq mulozimlariga qarshi kiritilgan sanksiyalar ham bekor qilinishini so‘ragan, ulardan ko‘pchiligi AQShda inson huquqlari buzilishi, giyohvandlik moddalari savdosi va korrupsiyada ayblangan.

Agentlikning ikki manbasi tasdiqlashicha, Maduro Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodrigesdan yangi saylovlarga qadar hukumatni vaqtincha boshqarib turishni so‘ragan.

Tramp 15 daqiqadan kamroq davom etgan suhbat davomida Maduroning aksariyat iltimoslarini rad etgan, biroq unga oila a’zolari bilan Venesuelani tark etib, o‘zi tanlagan joyga borishi uchun bir hafta vaqti borligini aytgan, deb xabar berdi Reuters manbalari.

Juma kuni Tramp tomonidan belgilangan muddat tugadi, shanba kuni esa AQSh prezidenti Venesuela havo hududi yopilishini e’lon qildi.

Venesuela osmoni yopilishi

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashishda davom etmoqda. Tramp ma’muriyati 2013 yildan beri hokimiyat tepasida o‘tirgan Maduroni Venesuelaning qonuniy prezidenti sifatida tan olmasligini ma’lum qilgan. O‘tgan yili u navbatdagi marta milliy saylovlarda g‘alaba qozonganini e’lon qildi, mustaqil kuzatuvchilar esa saylovlarda muxolifatning qo‘li baland kelganini aytishgan, AQSh va g‘arbning boshqa davlatlari hukumatlari saylov natijalari soxtalashtirilgan deb hisoblaydi.

Tramp ma’muriyati shu yil noyabr oyida Maduroni giyohvand moddalar yetkazib berish va AQShga noqonuniy muhojirlarni jo‘natish uchun mas’ul bo‘lgan xorijiy terrorchilik tashkilotining a’zosi deb e’lon qildi.

AQSh Maduroning hibsga olinishiga olib keladigan ma’lumot uchun mukofotni 50 million dollargacha oshirdi, shuningdek, Venesuela hukumatining giyohvand moddalar savdosi va boshqa jinoyatlarda ayblanayotgan boshqa yuqori martabali amaldorlari, jumladan, ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloga 25 million dollar mukofot belgiladi. Ularning barchasi ayblovlarni rad etmoqda.

Shukronalik kuni munosabati bilan butun dunyo bo‘ylab joylashtirilgan bazalarda xizmat o‘tayotgan amerikalik harbiylarga qilgan murojaatida Tramp venesuelalik narkosavdogarlarga qarshi hujumlar kengayishini aytdi – endi bunday hujumlar quruqlikda ham amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Ba’zi tahlilchilar bu bayonot ortidan Venesuela hududiga zarbalar berilishini taxmin qilmoqda, biroq boshqa kuzatuvchilar AQSh prezidenti o‘z tahdidlarini keng ko‘lamli harbiy harakatlar bilan mustahkamlamoqchi ekaniga shubha bilan qaraydi.

Tramp boshqa davlat osmonini yopishga haqli emas, ammo xorijiy aviakompaniyalar uning bayonotini inobatga olishi aniq.
Foto: ​​​​Anadolu via Getty Images

Shunga qaramay, shanba kuni AQSh prezidenti Venesuela havo kengliklari «to‘liq yopilishi»ni e’lon qildi.

«Barcha aviakompaniyalar, uchuvchilar, giyohvand moddalar savdogarlari va odam savdogarlariga murojaat qilaman, shuni yodda tutingki, VeNeSUELA VA UNING ATROFIDAGI HAVO MAKONI YoPILDI. E’tiboringiz uchun rahmat!», – deya yozdi shanba kuni AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh boshqa davlatning havo hududini yopishga haqli emas, biroq bu tahdid aviakompaniyalar orasida vahima uyg‘otishi, Venesuelaga safarlar borasida noaniqlikka olib kelishi va Maduroni xavotirga solishi mumkin, deya qayd etadi Daily Telegraph.

Shanba kuni e’lon qilingan bayonotda Venesuela Trampning bayonotini o‘z suverenitetiga «mustamlakachilik tahdidi» sifatida qoraladi.

Bu post «xalqaro huquqning eng asosiy tamoyillariga mos kelmaydigan dushmanona, bir tomonlama va o‘zboshimcha harakatdir», dedi mamlakat tashqi ishlar vaziri Ivan Gil.

Trampning postidan keyin Maduro Oq uyga qayta qo‘ng‘iroq qilish bo‘yicha so‘rov yuborgan, biroq unga javob qaytarilmagan.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Maduro endi o‘zi xohlagan taqdirda ham AQSh kafolatidan foydalangan holda mamlakatni xavfsiz tark etishi mumkinmi yoki yo‘qmi, bunisi noma’lum. Amerikalik yuqori martabali mulozimning so‘zlariga ko‘ra, dushanba kuni Tramp o‘z maslahatchilari bilan Venesuelaga bosim o‘tkazish kampaniyasini muhokama qilish uchun muzokaralar o‘tkazgan.

Yakshanba kuni Wall Street Journal tahririyati Tramp ma’muriyatini Venesuelaga bosimni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Nashrdagilar fikricha, Maduroning hokimiyatdan chetlatilishi AQShning milliy manfaatlariga mos keladi. Gazeta tahririyati shunday bayonot bergan: «Agar Maduro ketishdan bosh torsa, Tramp esa uni ishdan bo‘shatish bo‘yicha harakatlarga jur’at etmasa, bundan Tramp va AQSh nufuzi yutqazadi».

Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro o‘z mamlakatidagi Kartaxen shahrini Maduro rejimi va Venesuela muxolifati o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish mumkin bo‘lgan joy sifatida taklif qilmoqda.

AQSh Karib havzasida giyohvand moddalarni tashishda gumon qilingan kemalarga zarba berishda davom etmoqda

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlarning o‘zida prezident Trampning giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan kemalarga zarba berish qarori oqibatlari Kongressdagi surishtiruv mavzusiga aylandi. Amerikalik harbiylar allaqachon giyohvand moddalarni tashishda gumon qilingan 20 dan ortiq kichik kemalarga zarba bergan va 80 dan ortiq odamni o‘ldirgan.

Vakillar palatasidagi respublikachilar va demokratlar bu zarbalarning qonuniyligini shubha ostiga olishdi va ularning ba’zilari bu urush jinoyatlari yoki qotilliklarga tenglashtirilishi mumkinligini taxmin qilishdi.

Oq uy ushbu kemalar giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan degan xulosaga kelish uchun asos bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etmagan va halok bo‘lganlarning shaxsini oshkor qilmagan.

Bu vaqtda AQSh narkotrafikka qarshi operatsiya doirasida Karib havzasidagi harbiy mavjudligini kengaytirishda davom etmoqda. Mamlakatning eng yirik harbiy kemasi USS Gerald R Ford aviatashuvchisi o‘nlab samolyotlar va esminetslardan iborat zarbdor kuchlar bilan birga noyabr oyi boshida Karib dengiziga yetib kelgandi.

O‘tgan hafta payshanba kuni Tramp AQSh «juda tez orada» Venesuelaning «quruqlikdagi» narkotrafigini to‘xtatishga o‘tishi haqida ogohlantirgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid