Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Amaldorlar daromadini deklaratsiyalash qonunini muhokamaga qo‘yish Adliya vazirligiga bog‘liq emasligi aytildi
Davlat xizmatchilarining aktivlari va daromadlarini deklaratsiyalash yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga kiritilmadi. Avvalroq Aksilkorrupsiya rahbari Akmal Burhonov bu haqdagi qonun loyihasi takomiliga yetkazilgani, uni jamoatchilik muhokamasiga chiqarish endi Adliya vazirligiga bog‘liqligini aytgan edi. Vazir Akbar Toshqulov esa buni rad etdi. Ma’lum qilinishicha, regulation.gov.uz portaliga NHH loyihalarini mas’ul tashkilotning o‘zi joylaydi.
Akbar Toshqulov / Foto: "Taraqqiyot strategiyasi" markazi
O‘zbekistonda uzoq yillardan beri kutilayotgan qonun – davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash masalasi yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidan joy olmadi. Bu masala yangi strategiya taqdimotiga bag‘ishlab 20 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ko‘tarildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 6 fevral kuni Kun.uz muxbirining savoliga javoban ushbu qonunni takomillashtirish bo‘yicha ishlar yakuniga yetgani, endi uni muhokamaga chiqarish Adliya vazirligining vazifasi ekanini aytgandi.
Biroq 20 fevral kungi matbuot anjumanida adliya vaziri Akbar Toshqulov buni rad etdi. Keyinroq vazirlik vakilining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz portaliga Adliya vazirligi emas, hujjat loyihasini ishlab chiqqan asosiy tashkilotning bevosita o‘zi joylaydi.
“Adliya vazirligi regulation.gov.uz tizimini ishlab chiqqani uchun, biz shunchaki o‘rtada vositachimiz xolos. NHH loyihalarini muhokamaga chiqarish yoki chiqarmaslik bizning vakolatimiz emas. Loyiha tizimga kiritilsa, avtomatik chiqib ketadi”, – dedi vazirlik vakili.
Matbuot anjumanida, shuningdek, Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov jismoniy shaxslar daromadlarini deklaratsiyalash tartibi Soliq kodeksida allaqachon borligini aytib, davlat xizmatchilari borasida alohida qonunga zarurat bor-yo‘qligini savol ostiga oldi.
“2019 yilda qabul qilingan yangi Soliq kodeksida umumiy deklaratsiya qilish tartibi bor. Davlat xodimlari uchun deklaratsiya qanchalik kerak, bilmadim. O‘ylaymanki, hozir gap qonunning yo‘qligida emas, qonunning amalda qo‘llanmasligida”, dedi Abduqodirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi umume’tirof etilgan choralardan biri – davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash hamda jamoatchilikka ochiqlash masalasi rasmiylar tomonidan 2017 yilda kun tartibiga qo‘yilgan, ammo qator hujjatlarda belgilab qo‘yilgan muddatlarga qaramay, tegishli qonunni qabul qilish kechikmoqda.
2025 yil 21 aprelda imzolangan prezident farmoniga ko‘ra, qonun loyihasi 2025 yil may oyida tayyor bo‘lishi kerak edi.
Mavzuga oid
21:08 / 01.04.2026
Qirg‘izistonda Qamchibek Tashiyevning ukasi korrupsiyada gumon qilinib qo‘lga olindi
21:40 / 28.03.2026
Chust tumani bosh soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
14:14 / 23.03.2026
Sirdaryoda 2 nafar MIB xodimi pora bilan qo‘lga olindi
09:48 / 23.03.2026