O‘zbekiston | 16:37 / 13.03.2021
7898
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda ikkita shamol elektr stansiyasi quriladi

Prezident tomonidan Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan hamda Peshku tumanida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish to‘g‘risidagi qarorlar imzolandi.

Norma’ning yozishicha, hujjatlar bilan O‘zbekiston hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «International Company for water and power projecs» (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi va quyidagi loyiha kompaniyalari o‘rtasida 2021 yil 24 yanvarda imzolangan investitsiya bitimlari tasdiqlandi:

investor tomonidan «Buxoro viloyati Peshku tumanida quvvati 300-500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida ta'sis etilgan «ACWA Power Dzhankeldy Wind» MChJ;

investor tomonidan «Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida ta'sis etilgan «ACWA Power Bash Wind» MChJ.

Investorlar va loyiha kompaniyalari quyidagilar bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmalariga oldi:

investitsiya loyihalarini amalga oshirish butun davri mobaynida shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda ekspluatatsiya qilish;

har bir investitsiya loyihasi bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni o‘z zimmalariga olgan holda, jami dastlabki baholash bo‘yicha 650 mln AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish.

Shuningdek «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va loyiha kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar natijasida imzolangan elektr energiyasi sotib olish to‘g‘risida bitimlar ma'qullandi.

Bitimlarga muvofiq, loyiha kompaniyalari:

a) ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona xaridor bo‘lgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga kafolatlangan tarzda sotish majburiyatini oladi;

b) qurilish davridagi o‘z majburiyatlari lozim darajada bajarilishi ta'minoti sifatida 18 mln AQSh dollari miqdorida bank kafolati taqdim etadi;

investor va loyiha kompaniyalari shamol elektr stansiyalarini yagona elektr energiyasi tarmog‘iga ulash uchun havo elektr uzatish tarmoqlari va boshqa elektr inshootlari qurilishini amalga oshiradi, ushbu ishlar uchun sarflangan xarajatlar «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan 10 yil davomida oylik to‘lovlar asosida qoplanadi;

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish majburiyatini oladi va elektr energiyasi uchun to‘lovni milliy valutada amalga oshiradi.

Investitsiya bitimlari va elektr energiyasi sotib olish to‘g‘risidagi bitimlar amal qilish muddati davomida elektr energiyasi sotib olinishi chet el valutasida denominatsiyalangan qat'iy tarif bo‘yicha amalga oshirilishi belgilandi.

Mavzuga oid