O‘zbekiston | 20:15 / 02.07.2020
57911
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar hokimligi kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari qamoqqa olindi

U 50 ming dollarlik pora ishi bo‘yicha figurantlardan biri ekani ma'lum bo‘ldi.

Bir necha kun avval Chilonzor tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i tadbirkorga yerga egalik huquqini rasmiylashtirib berish uchun 50 ming dollar pora olayotganida qo‘lga olingandi. Xabarda hokimlik vakili tadbirkorga 1 gektar yerga egalik huquqini rasmiylashtirib berish evaziga 1,4 million dollar so‘ragani aytilgandi.

Ushbu ish doirasida Toshkent shahar hokimligi Kapital qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari ham qamoqqa olingan. Bu haqdagi ma'lumotni Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz`ga tasdiqladi.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimligi mansabdori – B.A. (1968 y.t.) 24 iyun kuni yuqorida qayd etilgan maqsad bilan 50 ming dollar pora olgan vaqtida DXX va shahar prokuraturasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Bir kun o‘tib, 25 iyunda Chilonzor tuman hokimligi bo‘lim boshlig‘i X.Sh. (1985 y.t.) ham hibsga olingan — tezkor tadbir davomida B.A. pullarni X.Sh.ga olib borib bergani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210- (pora olish) va 212-moddalari (pora olish-berishda vositachilik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, ayblanuvchilar hibsda saqlanmoqda.

Mavzuga oid