Turizm | 12:46 / 28.05.2026
2731
3 daqiqa o‘qiladi

Qattiq qo‘riqlanadigan panda, power bank olib kelgan robot: Chin yurtidagi sarguzashtlar

Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Madaniyat vazirligi hamkorligida Chin yurtiga 5 kunlik sayohat uyushtirildi. Dastur doirasida mamlakatning ramzi sanalgan pandalar vodiysi, diqqatga sazovor tarixiy obidalari, zamonaviy shaharlar qiyofasi, kishini hayratga soluvchi g‘aroyib infratuzilmalar bilan tanishildi. Xitoyda bo‘lib qaytgan Kun.uz muxbiri o‘z taassurotlarini videolavhaga jamladi.

Safar davomida Xitoyning janubi-g‘arbidagi yirik hududlar – Sichuan provinsiyasi hamda Chunsin shahri bo‘ylab sayohat uyushtirildi.

Sichuan provinsiyasi – ulkan tog‘lar va tekisliklardan iborat Xitoyning eng go‘zal maskanlaridan biri. Uning ma’muriy markazi – Chendu shahri. Chendu shahrining e’tiborli tomoni bu yerda pandalar saqlanadi.

Chunsin dunyodagi eng yirik megapolislardan biridir.

Xitoyga tashrif davomida YuNeSKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Dutszyanyan irrigatsiya tizimi bilan ham tanishildi. Dutszyanyan – hozirgacha saqlanib qolgan eng qadimiy to‘g‘onsiz sug‘orish inshooti bo‘lib, hozirgacha o‘z vazifasini bajarib kelmoqda. To‘g‘on miloddan avvalgi 256 yilda qurilgan.

Dutszyanyan irrigatsiya tizimi

Xitoyga borsangiz albatta Zhongshuge kitob do‘konini tomosha qilishni tavsiya qilaman.

80 mingdan ortiq kitoblar jamlangan ajoyib dizaynga ega mazkur do‘kon dunyodagi eng mashhur maskanlardan biridir. Do‘kon intererida Dutszyanyan tabiati uyg‘unlashgan: 360° panoramali oynasimon gumbaz, baland kitob javonlari kishini hayratga soladi.

Sayohat davomida ajoyib manzaraga Dutszyan’yan Pandalar vodiysida duch keldik. Atrofi qattiq qo‘riqlanadigan maxsus vodiyda 20 dan ortiq panda saqlanar ekan. Xitoyning ramzi bo‘lgan pandalarni tomosha qilish uchun bu yerga har kuni minglab sayyohlar tashrif buyuradi. Vodiyda bo‘lish maroqli. Chunki bu yerning ajoyib yashil tabiati kishini hayratga soladi.

Shuningdek, sayohat davomida oltin hassa, bronza daraxt va qadimiy niqoblar saqlanadigan Guanxan shahridagi Sansinduy muzeyi, Tsin sulolasi davriga mansub qadimiy Kuanchjaysyanszi ko‘chasi, Chendu shahridagi Shutszin ipak to‘qish va kashtachilik muzeyi, Lunmenxao qadimiy ko‘chasi, dronlar shousi o‘tkaziladigan Nanbinlu sohili, Chunsindagi dastlabki xususiy bog‘lardan biri hisoblangan Yanszi va Tszyalinszyan daryolari qo‘shiladigan nuqta hamda tog‘li shahar bo‘lgan Elin bog‘i, Elin Erchan madaniy-kreativ markazi, Chjunshansilu ko‘chasida bo‘lish nasib etdi.

 

 

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid