O‘zbekiston | 11:04 / 02.12.2019
4508
5 daqiqa o‘qiladi

«Yagona darcha» bojxona axborot tizimi joriy etiladi

“Yagona darcha” bojxona axborot tizimi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Davlat bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” bojxona axborot tizimining yangi talqini sinov rejimida ishga tushiriladi.

“Yagona darcha” BATda quyidagilar joriy etilishiga alohida e'tibor qaratiladi:

import, eksport va tranzitga taalluqli tartib-taomillar bo‘yicha standartlashtirilgan ma'lumotlar va hujjatlarni yagona elektron manzildan foydalangan holda olish;

fitosanitariya, sanitar-epidemiologik, veterinariya, ekologik nazorat organlari va boshqa muvofiqlikni baholash organlari, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirishning bosqichlarini masofadan kuzatish;

barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron shakldagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatining reyestrlarini yuritishga to‘liq o‘tish;

xorijiy mamlakatlardagi epizootik, karantin va fitosanitariya holatlari to‘g‘risidagi ochiq ma'lumotlarni eng so‘nggi ko‘rsatkichlar holatida ushlab turish;

dastlabki ma'lumotlar asosida tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga amalda yetib kelishiga qadar ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatini berish;

vakolatli organlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining narxlar preyskurantini doimiy ravishda yangilab borish;

davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun o‘rtacha sarflangan vaqt va mablag‘lar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni real vaqt rejimida kuzatib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi “Yagona darcha” BATni joriy etish, takomillashtirish va uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun mas'ul organ etib belgilanadi.

Belgilanishicha:

“Yagona darcha” BAT doirasida vakolatli organlar va ular tomonidan taqdim etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatining ro‘yxati Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan shakllantiriladi va yangilanib boriladi;

ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatlarini olish uchun “Yagona darcha” BAT orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etganda to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi;

“Yagona darcha” BAT orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari uchun to‘lanadigan davlat bojlari va yig‘imlar hajmining 5 foizi miqdoridagi mablag‘lar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining budjetdan tashqari jamg‘armasiga o‘tkaziladi;

2021 yil 1 yanvar kunidan boshlab majburiy tartibda tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatini olish uchun elektron arizalar vakolatli organlarga faqat “Yagona darcha” BAT orqali taqdim etiladi;

2021 yil 1 yanvardan vakolatli organlar tomonidan quyidagilar ta'minlanadi:

majburiy tartibda Davlat bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” BATga bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida yoki ungacha ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikati bo‘yicha ma'lumotlarni kiritish;

ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatini elektron shaklda berish bilan bir vaqtda xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda mazkur hujjatlarni rasmiylashtirish talab qilinadigan hollarda, qog‘oz shaklda ham berish.

Vakolatli organlar tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2021 yilning 1 yanvariga qadar mazkur idoralarning yagona elektron ma'lumotlar bazasini bosqichma-bosqich shakllantirishni nazarda tutgan holda real vaqt rejimida ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va (yoki) muvofiqlik sertifikatini “Yagona darcha” BAT orqali taqdim etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiradi.

Mavzuga oid