Jahon | 20:32 / 20.02.2026
6341
9 daqiqa o‘qiladi

Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishi: ular G‘azoga tinchlik olib keladimi?

Donald Trampning o‘zi tuzgan kengash bo‘yicha maqsadlari G‘azoni qayta qurishdan tortib, xalqaro mojarolarni hal etishda BMT muqobili bo‘lishgacha boradi. Ammo Tinchlik kengashi – G‘azoning o‘zida hal qilishi lozim bo‘lgan kamida 4 yirik sinov qarshisida turibdi.

19 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi tuzgan Tinchlik kengashining ilk yig‘ilishini Vashingtonda o‘tkazdi. 47 davlat vakillariga yo‘llagan uzun va murakkab nutqining yakunida Tramp bir qancha bayonotlar berdi.

Tramp dastlab AQSh Tinchlik kengashiga 10 milliard dollar ajratishini aytdi. U mablag‘ qayerdan olinishi yoki uni AQSh Kongressidan so‘rash-so‘ramasligini aytmadi.

Trampning aytishicha, ishtirokchi davlatlar G‘azoni qayta qurish uchun dastlabki badal sifatida 7 milliard dollar yig‘gan. Badal qo‘shganlar qatorida Qozog‘iston, Ozarboyjon, BAA, Marokash, Bahrayn, Qatar, Saudiya Arabistoni, O‘zbekiston va Kuvayt bor.

Shuningdek, FIFA G‘azoda futbol bilan bog‘liq loyihalar uchun 75 million dollar ajratadi, BMT esa humanitar yordam uchun 2 milliard dollar qo‘shadi, dedi AQSh yetakchisi.

Foto: Reuters

Reuters’ning yozishicha, xalqaro tashkilotlar ikki yillik urushdan so‘ng vayronaga aylangan G‘azoni tiklash xarajatlarini 70 milliard dollargacha baholagan. Bu vayronkor hujumlarning sababi bo‘lgan Isroil esa G‘azoni tiklash ishlariga pul berish-bermasligi noma’lum.

Kengash a’zolari va BMTga raqobat

Tramp ushbu kengashni 2025 yil centyabr oyida Isroilning G‘azodagi urushini tugatish rejasini e’lon qilganida taklif qilgandi. Keyinchalik u kengash vakolatini G‘azodan tashqariga ham kengayib, dunyo bo‘ylab boshqa mojarolarni ham qamrab olishini ochiq aytgan.

Kengashga 27 ta a’zo davlat yetakchilari va TIV darajasidagi vakillari kelgan. Qolgan ishtirokchi davlatlar, shuningdek Yevropa Ittifoqi – kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

Tinchlik kengashiga Isroil ham qo‘shildi. Lekin, isroilliklar Hamas bilan uzoq yillik aloqalarga ega bo‘lgan Qatar va Turkiyaning ishtirokidan shubhalanmoqda.

Tinchlik kengashi a’zolari / Foto: Reuters

Falastinliklar esa qariyb 2 million aholisi yashaydigan hudud kelajagi muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, ularning vakillari kengashga taklif qilinmaganidan norozi.

G‘arbning nufuzli OAVlari bu kengash a’zolarini asosan Yaqin Sharq davlatlari va Trampning ko‘nglini olishga intilayotgan yoki uning e’tiborini qozonmoqchi bo‘lgan yetakchilaridan iborat, deya baholamoqda.

AQShning Yevropadagi ittifoqchilari Kengashning vakolatlari ko‘lami tufayli unga kirishdan bosh tortgan. Ularga ko‘ra, bu BMTning roliga soya solishi mumkin.

Tramp Kengash BMT o‘rnini egallamoqchi degan xavotir bildirayotgan tanqidchilarga javoban «kun kelib men bu yerda bo‘lmayman, BMT esa bo‘ladi», dedi. «Menimcha u ancha kuchli bo‘ladi va Tinchlik kengashi deyarli BMT ustidan nazorat qilib, uning to‘g‘ri ishlashini ta’minlaydi,» deya qo‘shimcha qildi u.

Hamasning qurolsizlanishi

O‘tgan yili oktyabrdagi sulh kelishuvining ikkinchi bosqichida – Hamas qurollarini topshirishi, xalqaro kuchlar joylashtirilishi ortidan Isroil qo‘shinlari G‘azodan chiqishi kerak edi. Ammo bu borada aniq muddat belgilanmagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Hamas qurolsizlanmaguncha hech qanday qayta qurish bo‘lmasligini aytgan, bu esa falastinliklarni keng ko‘lamli vayronagarchilik orasida noaniq holatda qoldirmoqda.

Tinchlik kengashining arab va musulmon a’zolari esa Isroilni kundalik zarbalar orqali sulhni izdan chiqarishda ayblab, AQShni o‘z yaqin ittifoqchisini tiyishga chaqirmoqda. Ular Hamasni qurolsizlanishga chaqirgan bo‘lsa-da, Isroil qo‘shinlarining chiqishi ham xuddi shunchalik muhimligini ta’kidlamoqda.

G‘azo vayronalari / Foto: AP

Isroil qurolsizlantirishni og‘ir qurollardan — masalan, granatomyotlardan tortib, taxminan 60 mingta miltiqqacha bo‘lgan barcha qurollarni qamrab oladigan jarayon sifatida ta’riflaydi. Hamasning yuqori martabali amaldorlari o‘tish davrida tartibni saqlash uchun xavfsizlik kuchlari ayrim qurollarni saqlab qolishi kerakligini aytgan.

Associated Press nashri muzokaralarda ishtirok etayotgan ikki amaldorga tayanib yozishicha, muhokama qilinayotgan g‘oyalardan biri — Hamas qurollarini tashqi nazorat ostida muhrlangan omborlarga joylashtirib «muzlatib qo‘yadi». Yana bir fikr esa guruh og‘ir qurollardan voz kechib, politsiya vazifalari uchun ayrim to‘pponchalarni saqlab qolishidir. Qurolsizlanish murakkab jarayon bo‘lib, bir necha oy davom etishi mumkin.

Kengashdagi nutqida Tramp Hamasni qurolsizlantirish uchun kuch ishlatish shart bo‘lmasligiga umid bildirdi. Uning aytishicha, Hamas qurolsizlanishga va’da bergan: «ular buni qilayotganga o‘xshaydi, lekin buni ko‘ramiz», dedi Tramp.

Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari

Sulh kelishuvi – a’zo davlatlardan askarlar jalb qilingan vaqtinchalik Xalqaro barqarorlashtirish kuchini ham nazarda tutadi. Uning vakolati batafsil belgilanmagan. Tavsifiga ko‘ra, ular yordam yetkazib berishni himoyalash, qurol kontrabandasining oldini olish hamda falastinlik politsiya kuchlarini tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

ISF kuchlari qo‘mondoni Jasper Jyeffers / Foto: AFP

ISF kuchlariga rahbarlik qiluvchi amerikalik harbiy – general mayor Jasper Jyeffers G‘azo uchun 12 ming nafar politsiya va 20 ming nafar askar kerak bo‘lishini aytdi.

Payshanba kungi yig‘ilishda Indoneziya, Marokash, Qozog‘iston, Kosovo va Albaniya xalqaro kuchlar uchun qo‘shin yuborishga va’da berdi. Xususan, Indoneziyaning o‘zi G‘azoda tinchlikni ta’minlash uchun 8 ming yoki undan ko‘proq askar yubormoqchi. Misr va Iordaniya esa Falastin politsiyasini tayyorlash majburiyatini oldi.

Xalqaro qo‘shinlar dastlab – Isroil to‘liq nazoratida bo‘lgan, jiddiy zarar ko‘rgan va deyarli bo‘sh qolgan Rafahga joylashtiriladi. Keyin, butun sektor bo‘ylab tarqaladi. Trampning kuyovi Jared Kushner G‘azodagi qurilish ishlarini aynan Rafahdan boshlamoqchi.

Bundan tashqari, Falastin politsiya kuchini shakllantirish jarayoni boshlangan: unga kirish uchun «bir necha soat ichida 2 000 kishi ariza topshirgan». Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari politsiyaga yordam beradi.

Urushdan keyingi boshqaruv

Sulh bitimiga ko‘ra, Hamas G‘azodagi hokimiyatni siyosiy jihatdan mustaqil falastinlik ma’murlardan iborat qo‘mitaga topshirishi kerak. AQSh 15 kishilik qo‘mitani belgilagan: BMTning sobiq maxsus vakili Nikolay Mladenov kengashning G‘azo bo‘yicha vakili sifatida ularni nazorat qiladi.

Nikolay Mladenov / Foto: Reuters

Mladenov o‘tgan hafta Hamas hokimiyatni topshirmaguncha va sulh buzilishlari to‘xtamaguncha qo‘mita ishlay olmasligini aytdi.

«Biz faqat qo‘mitani noqulay ahvolga solyapmiz va oxir-oqibat uni samarasiz qilyapmiz,» dedi u Myunxen xavfsizlik konferensiyasida. «Bularning barchasi juda tez harakatlanishi kerak».

Falastin ma’muriyatining sobiq vazir o‘rinbosari Ali Shaat boshchiligidagi qo‘mita esa hamon Misrda. Isroil ularning G‘azoga kirishiga ruxsat bermayapti.

Noaniqlik

Tramp Tinchlik kengashi yuqoridagi rejalarning birortasi uchun aniq muddatlarni ko‘rsatmadi. Falastinliklar, jumladan ko‘plab tinch aholi vakillari esa Isroil deyarli har kuni sulhni buzib berayotgan zarbalaridan halok bo‘lishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

Kelgusi oylar davomida Tinchlik kengashining samaradorligini sinovdan o‘tkazadigan asosiy 4 ta masala bor. Bular: Hamas a’zolarini qurolsizlantirish, Isroil qo‘shinlarining sektordan chiqishi, qayta qurish jamg‘armasining hajmi hamda urushdan jiddiy zarar ko‘rgan G‘azo aholisiga humanitar yordam oqimini oshirish.

«Agar bu yig‘ilish tez va amalda sezilarli o‘zgarishlarga — ayniqsa humanitar yo‘nalishda o‘zgarishlarga olib kelmasa, uning ishonchliligi tezda yemiriladi,» deydi tahlilchilar.

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid