Jahon | 11:22 / 22.02.2026
15467
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: AQSh va Rossiya urushni to‘xtatish uchun bir xil talab qo‘ymoqda

Zelenskiyning aytishicha, AQSh va Rossiya hududiy masalalar bo‘yicha o‘xshash pozitsiyani egallamoqda. U shuningdek Yevropa tinchlikparvar kuchlarini front chizig‘iga yaqinroq joylashtirishga chaqirdi.

Foto: Yuliia Ovsiannikova / Ukrinform / Future Publishing / Getty Images

AQSh va Rossiya hukumatlari ukrain qo‘shinlari Donbassdan olib ketilishi uchun Kiyevga birgalikda bosim qilmoqda, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

«Amerikaliklar ham, rossiyaliklar ham shunday deyishmoqda: agar siz urush ertaga tugashini xohlasangiz, Donbassdan chiqib keting», – degan u AFP uchun intervyusida.

Shu bilan birga, Zelenskiy «Ukraina urushni yutqazyapti» deb bo‘lmasligini qayd etgan. «Ochig‘ini aytsam, bizning mag‘lubiyatimiz muqarrar emas. Savol shundaki, biz g‘alaba qozona olamizmi? Ammo bu juda qimmat turadigan masala», – degan prezident fransuz jurnalistlari bilan suhbatda.

2026 yil boshidan buyon Rossiya va Ukraina Abu-Dabi va Jyenevada AQSh ishtirokida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha qator muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda hududiy masala asosiy mavzu bo‘lib qolmoqda. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa narsalar qatorida tomonlar Donbassda demilitarizatsiya zonasini yaratish imkoniyatini muhokama qilgan. Ushbu masalada hozir hech qanday ilgarilash yo‘q.

G‘arb razvedkasiga ko‘ra, Kreml tez orada tinchlik o‘rnatilishidan umuman manfaatdor emas va Donbass ustidan to‘liq nazoratni harbiy yo‘l bilan qo‘lga kiritishni davom ettirishga tayyor, muzokaralardan esa sanksiyalarni bekor qilish va AQSh bilan ishbilarmonlik bitimlarini tuzish uchun foydalanmoqda.

Ukraina hamon Donetsk oblasti hududining beshdan bir qismini nazorat qilmoqda. Zelenskiyning aytishicha, Ukraina qurolli kuchlari janubiy frontda qarshi hujumlarda qator muvaffaqiyatlarga erishgan.

«Men tafsilotlarni keltirmayman. Ammo bugun birinchi navbatda qurolli kuchlarimizni tabriklasam bo‘ladi – chunki bugungi kunda 300 kilometr kvadrat hudud ozod etilgan», – degan Ukraina prezidenti AFP bilan suhbatda. U bu hududlar qaysi vaqt oralig‘ida ozod etilganiga aniqlik kiritmagan. 

Hududiy talablardan tashqari, AQSh va Rossiya tinchlik rejasi doirasida Ukrainada prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Zelenskiy ilgari Ukrainada ovoz berish jarayoni faqat urush tugaganidan keyin o‘tkazilishi mumkinligini aytib kelardi. Prezident fikricha, Kreml uni hokimiyatdan chetlatish uchungina tezkor saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. «Rostini aytaylik, ruslar shunchaki meni almashtirmoqchi. Urush paytida hech kim saylovga borishni xohlamaydi. Uning halokatli oqibatlaridan hamma qo‘rqadi», – degan u AFP jurnalistlariga.

Zelenskiyning fikricha, Ukrainadagi saylovlar Kiyevning ittifoqchilari Rossiya hujumlarining oldini olish uchun ishonchli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etgan taqdirdagina bo‘lib o‘tishi mumkin. Ukraina rahbari harbiy harakatlar to‘xtatilgan taqdirda Ukrainaga yuborilishi mumkin bo‘lgan Yevropa qo‘shinlari front chizig‘iga yaqinroq joylashtirilishi kerakligini ta’kidlagan. «Albatta, hech kim oldingi safda turishni xohlamaydi, lekin ukrainlar hamkorlarimiz oldingi safda biz bilan yonma-yon turishini istashadi», – deydi u AFP’ga.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid