Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainaga kuchli zarbalar: qurbonlar soni kamida o‘n kishiga yetdi
3 aprel, juma kuni Rossiyaning Ukraina hududlariga bergan ommaviy zarbalari oqibatida kamida o‘n kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odam yaralandi, uylar vayron bo‘ldi, shuningdek veterinariya klinikasidagi hayvonlar nobud bo‘ldi. Bu haqda dastlabki ma’lumotlar keltirilmoqda.
Foto: AP
Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, 3 aprel, juma kuni Rossiyaning Ukrainaga qarshi ommaviy hujumlari natijasida kamida o‘n kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar yaralangan, o‘nlab turar joy binolariga zarar yetgan. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari 542 ta hujumkor dron, 10 ta ballistik raketa va 25 ta qanotli raketa uchirgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Pasxa arafasida vaziyat keskinlashganini bildirdi.
“Bugun Rim papasi Lev XIV bilan gaplashdim. Aynan shu suhbat paytida rossiyaliklar yana Ukrainaga hujum qildi — shaharlarimiz va jamoalarimizga qarshi yuzlab dronlar va o‘nlab raketalar ishlatildi. Odamlarimiz uchun bir soat ham tinchlik yo‘q — bu Rossiyaning Pasxada o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifimizga javobidir”, — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
U Rossiya qo‘shinlari amalda zarbalar intensivligini oshirganini va sukunat rejimi o‘rniga “pasxalik eskalatsiya”ga o‘tganini ta’kidladi. Bundan avval Ukraina prezidenti Pasxa vaqtida energetika sohasida vaqtinchalik tinchlik rejimi joriy etishni taklif qilgan, ammo Kreml bu taklifni rad etgan edi.
Kiyev viloyatida Rossiya zarbalari oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana sakkiz kishi, jumladan bir bola yaralandi, deb ma’lum qildi Kiyev viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik. Uning aytishicha, Bucha, Fastov va Obuxov tumanlarida xususiy va ko‘p qavatli uylar, avtomobillar, ma’muriy binolar va boshqa obektlarga zarar yetgan. Shuningdek, Rossiya hujumi natijasida veterinariya klinikasida qariyb 20 ta hayvon nobud bo‘lgan.
3 aprel kuni kunduzi Rossiya qo‘shinlari Kramatorskka beshta aviabomba tashlagan. Oqibatda kamida ikki kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan, deb xabar qildi Donetsk viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Vadim Filashkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, beshta ko‘p qavatli uy, texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi va avtomobillarga zarar yetgan.
Xarkivda Rossiyaning Shevchenko tumaniga qilgan hujumi natijasida yetti kishi jarohat olgan. Keyinroq ulardan ikki nafari — taxminan 60 yoshli erkak va 29 yoshli ayol shifoxonada vafot etgan, deb ma’lum qildi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov.
Dnipropetrovsk viloyatida 3 aprel kuni Rossiyaning dronlar, artilleriya va raketa hujumlari oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana 12 kishi yaralangan, deb xabar qildi viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganja.
Hududiy hokimiyatlar ma’lumotiga ko‘ra, yana uch nafar halok bo‘lganlar Sumi viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Jitomir viloyatida ham bir nafar mahalliy aholi vakili halok bo‘lgan. U yerda Rossiya hujumi oqibatida o‘n kishi jabrlangan, ulardan ikki nafari qutqaruvchilar tomonidan vayronalar orasidan olib chiqilgan.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lum qilishicha, 18 ta bino, jumladan to‘qqizta turar joy uyi vayron bo‘lgan. Shuningdek, 100 dan ortiq turar joy uyi, 55 ta xo‘jalik inshooti va ikki do‘konga zarar yetgan.
Mavzuga oid
17:56 / 04.04.2026
Rossiyada naqdsiz to‘lovlarda ommaviy uzilish kuzatildi. Bu VPN'larni bloklashga urinish bilan bog‘lanmoqda
10:24 / 04.04.2026
200 dan ortiq ukrain harbiylari Liviyada - surishtiruv tafsilotlari
21:20 / 03.04.2026
“O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiya ishini tiklaymiz” – Ukraina TIV o‘rinbosari
10:35 / 03.04.2026