Jamiyat | 17:30 / 01.04.2026
5725
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘z ishxonasiga begonalar”: metropoliten xodimlari ish joylariga kiritilmadi

Toshkent metropolitenida xodimlarni ish joylariga kiritish bilan bog‘liq muammo takrorlandi. Xizmat guvohnomalari muddati uzaytirilganiga qaramay ayrim xodimlar obektlarga kiritilmagan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni xodimlari o‘z ish joylariga kiritilmayotgani aks etgan video tarqaldi. Unda aytilishicha, ish vaqti boshlangan bo‘lsa-da, ayrim xodimlar xizmat vazifasini bajarish uchun obektlarga kirolmagan. Ta’kidlanishicha, bu xizmat guvohnomalari bilan bog‘liq.

“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi axborot xizmati ma’lum qilinishicha, tashkilotda hozir yangi namunadagi xizmat guvohnomalarini tayyorlash jarayoni ketmoqda. Shu sabab joriy guvohnomalarning amal qilish muddati 2026 yil 31 martdan 31 iyulga qadar vaqtinchalik uzaytirilgan va Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash departamentiga rasman xabar berilgan.

“Videoda ta’kidlanishicha, kunduzgi soat 10:00 dan oshganiga qaramasdan, MXTB xodimlari metropoliten ishchi-xodimlarini ish joylariga kiritmagan. Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu holat birinchi marotaba emas — metropoliten ma’muriyati tomonidan korxonaning huquqiy maqomi o‘zgarish jarayonida bo‘lgani sababli xodimlar guvohnomalarining amal qilish muddati uzaytirilgan. Shunga qaramasdan, bir necha bor rasmiy xatlar yo‘llangan bo‘lsa-da, mazkur holat e’tiborsiz qoldirilmoqda hamda takroran sodir bo‘lmoqda”, deyiladi “Toshkent metropoliteni” DUK izohida.

Metropoliten ma’muriyati mazkur holatga munosabat bildirish uchun Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi rahbariyatidan rasmiy izoh kutayotganini ma’lum qilgan.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid