O‘zbekiston | 20:42 / 24.12.2021
5315
2 daqiqa o‘qiladi

“OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi “negativ” bizni chiniqtiradi” - Ortiqxo‘jayev

“[Internetda] Toshkent shahar hokimligiga bo‘layotgan “negativ”lar bizni albatta chiniqtiradi”, dedi Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev. U hokimlik matbuot xizmati “hamma vaqt hammaga ochiq”ligini ta’kidladi.

24 dekabr kuni poytaxt hokimligida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 53-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyaning savol-javob qismida deputat Husniddin Ergashev hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga hokimlikning matbuot xizmati faoliyati qanchalik talab darajasida ekani haqida savol berdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Hokim savolga javoban o‘z matbuot xizmatining faoliyatidan qoniqishini bildirdi.

“[OAV va ijtimoiy tarmoqlarda] Toshkent shahar hokimligiga bo‘layotgan “negativ”lar bizni albatta chiniqtiradi. “Negativ” bo‘lmasa, biz chiniqmaymiz, ishlamaymiz, [ular] bizga kuch-qudrat beradi. Lekin men bu bilan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ishlamayapti deb aytolmayman. Ya’ni ishlashni xohlagan ommaviy axborot vositalari bilan, blogerlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab kelyapti. Ishlashni xohlaganlari bilan. Lekin ayrimlariga javob berolmay qolayotgan bo‘lishi ham mumkin.

To‘g‘ri, kamchiligimiz bor. Kamchilik har doim bor. Hech qachon biz hammadan zo‘rmiz, ilg‘ormiz, deb aytish Toshkent shahri hokimligiga yarashmaydi. Bunday narsani aytish ham kerakmas. To‘g‘ri aytdingiz, kamchilik bo‘lsa, birga ishlashga harakat qilib ko‘rish kerak. Lekin Toshkent shahar hokimligining matbuot xizmati hamma vaqt hammaga ochiq. Hamkorlikda ishlashga tayyor”, dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Avvalroq shahar hokimi Toshkent yoshlar forumining yopilish marosimidagi chiqishida internetda tanqid yozadiganlarni tanqid qilib, “undaylar vatanning kelajagiga ishonmasligi”ni aytgandi.

Ma’lumot uchun, 2019 yili Toshkent shahar kengashi deputati etib saylangan Husniddin Ergashev Rahmonbek Usmonov hokim bo‘lgan vaqtda uning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan, Usmonov o‘rniga Ortiqxo‘jayev tayinlanganidan ko‘p o‘tmay ushbu lavozimni tark etgandi.

Mavzuga oid