O‘zbekiston | 12:57 / 07.09.2017
40217
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zMU Sotsiologiya fakultetida test imtihonlari qaytadan o‘tkaziladimi? - KUN.UZ surishtiruvi

Saytda O‘zbekiston Milliy universitetining Sotsiologiya yo‘nalishida «tanlanganlar» o‘qishga kirgani, bu yo‘nalishda o‘qishga kirgan abituriyentlar to‘plagan ballar bilan o‘qishga kira olmagan abituriyentlar to‘plagan ballar o‘rtasida keskin tafovutini ko‘rish mumkinligi haqida «Estafeta davom etadi. Navbatdagi «tasodif» Milliy universitetda» maqolasi e'lon qilingan edi.

So‘ngra Milliy universitet rektori Avazjon Marahimov universitetga «tanlanganlar» guruhi o‘qishga kirgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirgan, u bunday holatlar uchun asosan ko‘cha industriyasini ayblagan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Oliy va o‘rta ta'lim vaziri o‘rinbosari M.Inoyatov tomonidan 4 sentabr kuni imzolangan, O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish davlat komissiyasi raisi, Davlat test markazi rahbari, O‘zMU rektoriga yo‘llagan xatiga ko‘ra, O‘zMUning Sotsiologiya yo‘nalishiga oldindan «tanlangan» abituriyentlar o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risidagi dalillarga asosan, O‘zbekiston Milliy universiteti Sotsiologiya yo‘nalishi imtihon natijalari bekor qilinishi va 2017 yil 3 oktabr kuni ushbu yo‘nalishlar uchun universitet binosida davlat imtihonlari qaytadan o‘tkazilishi haqidagi xat fotosurati tarqalgan.

Biroq KUN.UZ’ning oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga qo‘ng‘iroq qilib aniqlashicha, bu fotosuratda tasvirlangan xat haqiqiy emas. Vazirlikda xatlar bu tarzda ro‘yxatga olinmaydi, qolaversa, vazir o‘rinbosari xat imzolangan kunda viloyatlardan birida xizmat safarida bo‘lgan. Vazirlik xodimi kirish imtihonlarida shubhali holatlar aniqlangan oliy o‘quv yurtlari va qabul qilingan talabalarga nisbatan biror chora ko‘rilmayotganini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instititutining ham bir qator yo‘nalishlarida xuddi shu kabi qoidabuzarlik asosida «tanlangan» abituriyentlar o‘qishga qabul qilingani haqida KUN.UZ’da maqolalar yoritilgan edi. Boshqa bir manbamizning bergan xabariga ko‘ra, saytimizda tilga olib o‘tilgan va qolgan oliy o‘quv yurtlarida ham bu borada tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda. E'tirozlar birma-bir o‘rganib chiqilmoqda.

Mavzuga oid