O‘zbekiston | 21:00 / 22.06.2023
11815
4 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtliklarning sutkalik suv sarfi jon boshiga 400 litrgacha yetayotgani aytildi

Senat raisi Tanzila Norboyeva oxirgi paytlarda suv bilan bog‘liq tizimli muammolar haqida jamoatchilik bong urayotgani, turli tanqidiy-tahliliy chiqishlar va asosli mulohazalar bildirilayotgani, biroq mas’ullar jim ekanini ta’kidladi.

Foto: Shutterstock

Oliy Majlis Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida B.Alixonov suv resurslaridan oqilona foydalanish masalasi yuzasidan ma’ruza qildi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida suv sarfi ayrim paytlarda aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrni tashkil qilmoqda. Bu dunyo shaharlari ko‘rsatkichidan ancha yuqori. Masalan, aholi jon boshiga sutkalik suv sarfi Berlin shahrida 124 litrni, Amsterdamda 156 litrni, Londonda 165 litrni, Moskvada 249 litrni, Xitoyning shaharlarida esa 204 litrni tashkil etadi.

Mamlakatda olinadigan chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi (dunyoda ushbu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizga teng). Bu raqam kommunal sohada 4,5 foizni, sanoat va energetika sohasida 4,3 foizni hamda baliqchilikda 1,2 foizni tashkil etadi.

Qishloq xo‘jaligida har bir gektarga suv sarfi ayrim davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Irrigatsiya tizimlarida nosozliklar mavjud. Qolaversa, yerosti suvlarining hajmi va sifati ham tobora pasayib bormoqda.

Alixonovga ko‘ra, iqtisodiy tarmoqlar, ijtimoiy obektlar hatto ayrim holatlarda agrar sohada ham suvdan foydalanishning eskirgan usul va vositalari qo‘llanmoqda. Suvni boshqarish, foydalanish, yuritish hamda suv xo‘jaligi obektlari to‘liq raqamlashtirilmagan. Shu bilan birga, ichimlik suvidan boshqa sohalarda foydalanish avj olgan. Bozorlar, ko‘chalar, xizmat ko‘rsatish maskanlari va boshqa aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan suv tarmoqlari nuqtalarida elementar qoidalarga amal qilinmagan. Mas’ullarning e’tiborsizligi va mas’uliyatsizligi tufayli suvning behuda isrof bo‘lishi holatlari kuzatilmoqda.

Senat raisi Tanzila Norboyeva mamlakatning umumiy suv resurslaridan tejamli foydalanishdagi muammolar yuzasidan fikr bildirib, global muammoga aylanayotgan suv tanqisligidan tegishli xulosalar qilib, bu sharoitlarga moslashish, suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

“Ushbu yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan asosiy masala - suvdan foydalanishdagi isrofgarchilik va o‘ylovsiz ishlatilishi masalasi. Kundalik hayotimizda suvni behuda, maqsadsiz isrof qilish holatlariga ko‘p duch kelmoqdamiz.

 Oxirgi paytlarda suv bilan bog‘liq tizimli muammolar haqida jamoatchilik bong urmoqda. Turli tanqidiy-tahliliy chiqishlar, asosli mulohazalar bildirilmoqda. Biroq mas’ullar jim. Suvdan ratsional foydalanishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rmayapmiz.

Vaholanki, dunyoning ko‘plab taraqqiy etgan davlatlarida ham ularda turmush darajasi qanchalik yuqori bo‘lmasin, suvni asrab-avaylashga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratiladi, turli innovatsiyalar joriy etilgan.

Bizda esa oddiy kundalik ro‘zg‘or darajasidan tortib, yirik davlat tashkilotlarigacha suvdan oqilona foydalanish madaniyati hali to‘liq shakllanmagan. Ayniqsa, katta shaharlarimizda suvni isrof qilish, tejamaslik holatlari ko‘proq ko‘zga tashlanadi.

Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida ishni eng quyidan, ya’ni oilalar va mahallalardan boshlash zarur. Bu borada mutasaddi tuzilmalar, fuqarolar yig‘inlari mas’ullari mas’uliyatni jiddiy oshirishlari, odamlarga tushuntirishlari kerak. Suvni isrof qilish holatlariga nisbatan jamoatchilikning faol ta’sir usullaridan ham samarali foydalanish, ya’ni murosasiz jamoatchilik nazoratini ham ta’minlash zarur”, deya ta’kidlab o‘tgan Senat raisi.  

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda qariyb 1,5 mlrd aholi toza ichimlik suvidan foydalana olmaydi, 2,3 mlrd aholi esa sanitar talabga javob bermaydigan suvni iste’mol qilishga majbur bo‘lmoqda.  

Mavzuga oid