O‘zbekiston | 18:32 / 29.07.2025
4384
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada og‘ir yuk mashinalari harakati vaqtincha cheklandi

Bu chora ekstremal iqlim sharoitlarida, xususan, havo harorati ko‘tarilib ketgan vaqtda yo‘llar va yo‘l sun’iy inshootlarining texnik holatini saqlab turish zarurati bilan izohlangan.

Foto: Kun.uz

Farg‘ona viloyati hududidan o‘tgan avtomobil yo‘llarida og‘ir yuk mashinalari harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda viloyat hokimi qarori (.pdf) qabul qilindi.

Qayd qilinishicha, 20 iyuldan 20 oktyabrgacha Farg‘ona viloyati hududidan o‘tgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakati har kuni soat 8:00 dan 18:00 ga qadar vaqtincha cheklanadi.

Ushbu qaror Farg‘ona viloyatida ekstremal iqlim sharoitlarida, xususan, havo harorati ko‘tarilib ketgan vaqtda yo‘llar va yo‘l sun’iy inshootlarining texnik holatini saqlab turish zarurati bilan izohlangan.

Cheklov avtomobil yo‘llarida yuk tashishda transport vositasining g‘ildirak o‘qiga tushadigan og‘irligi 10 tonna va undan ortiq bo‘lgan yuk avtomashinalari, yong‘inga chidamli bo‘lmagan yoki muhit uchun xavfli yuk tashuvchi transport vositalari, boshqa maxsus talablarga javob bermaydigan og‘ir avtotransportlarga taalluqli etib belgilandi.

Tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish va favqulodda holatlar xizmatlariga tegishli transport vositalari, kommunal va sanoat xizmatlarini ta’minlovchi maxsus transportlar, ruxsatnomaga ega bo‘lgan mahalliy tadbirkorlik sub’yektlarining mahsulot yetkazib berish vositalariga (faqat maxsus belgilar bilan) mazkur cheklov tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid