Jamiyat | 08:22
2390
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Namanganda yer uchun pora olgan hokim yordamchilari ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yer masalasini hal qilib berish evaziga katta miqdorda pora talab qilgan hokim o‘rinbosari va hokim yordamchilari qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr

Tezkor tadbirlardan birida Farg‘ona viloyati Bog‘dod tuman hokimining o‘rinbosari 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari jarayonida aniqlanishicha, u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Beshariq tumanida yashovchi fuqaro “elektron onlayn auksion” savdo platformasi orqali ijara huquqi asosida yutib olgan 2,4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.

Namangan shahrida esa shahar hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchisi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ajratilgan yer maydonlaridan 8 sotix qismini bir yil davomida noturar joy sifatida foydalanib turish va keyin yer toifasini turar-joy toifasiga o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Bunga almashuv sifatida u fuqarodan 6 ming AQSh dollari talab qilgan. U kelishilgan summani olgan paytida DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xuddi shunday holat Yangi Namangan tumani mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biri hududida ham kuzatildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hokim yordamchisi tuman hokimligi va kadastr idorasidagi tanishlari orqali mahalladagi davlat zaxirasida bo‘lgan 12 sotix yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilib, fuqarodan 16 ming AQSh dollari talab qilgan. U shundan 6 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida tezkor tadbir davomida ushlandi.

Hozirda ushbu hokimliklar vakillariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid