O‘zbekiston | 12:40 / 24.01.2020
90780
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu tizimni fuqarolarimizning oyog‘iga kishan qilganmiz» - Prezident propiskani isloh qilish bo‘yicha topshiriq berdi

Parlament va hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadi.

Prezident parlamentga murojaatnomasida hukumatga propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda hududlarni komleks rivojlantirish va aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish zarur. Ana shu ishlar doirasida yettita yirik shahar - Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Farg‘ona, Namangan va Nukus, Nukusga yo‘ldosh bo‘lgan 12ta shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shunga bog‘liq yana bir masala. Asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlarimiz o‘rtasida juda katta tafovut mavjud. Buning yechimi ichki migratsiyani erkinlashtirishdir.

Shu bois, parlament va hukumat 2020 yil 1 apreliga qadar propiska tizimini isloh qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganib chiqishi va aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim», dedi prezident.

Prezident bu muammo shu vaqtga qadar fuqarolar oyog‘ida kishan bo‘lib kelayotganini qayd etdi.

«Bu masala qanday qiyinligini hammamiz bilamiz. 30 yil fuqarolarimizning oyog‘iga kishan qilib bu masalani hal qilmadik.

Fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasining xohlagan joyida propiskadan o‘tib, xohlagan joyida ishlashining qonuniy asosini yaratmasak, quruq gap bilan ishlar amalga oshmaydi», dedi prezident.

Davlat rahbari «O‘zbekistondagi har bir inson o‘z uy-joyiga ega bo‘lishi»ni istashi haqida ham gapirdi.

«Qaysi qurilish tashkiloti arzon, sifatli, muddatini ta'minlab, odamlarga ma'qul taklif bilan chiqsa, auksion orqali o‘zi yutib olsin. Moliyada, bankda o‘tirganlar u 4 trillion so‘mni xohlagan odamga berish zamoni o‘tdi, korrupsiyani yo‘q qilishning bitta-yu bitta yo‘li — auksion.

Yuragimdagi bir niyatimni sizlarga aytmoqchiman. Hammamiz ham o‘z vaqtida uy olish, propiskaga o‘tish bo‘yicha muammolarga duch kelganmiz, 50-60 yoshdagi o‘rta yosh vakillarini, ayniqsa, Toshkentga yoki katta shaharlarga kelib ishlayman deganlarni hayotida eng qiynagan narsa — uy va propiska edi. Mening eng katta niyatim shuki, vatanimiz ichra har bir inson, o‘zining kichik vataniga – uy-joyiga ega bo‘lsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi bo‘ladi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid