Jamiyat | 16:40 / 25.11.2024
12240
13 daqiqa o‘qiladi

 “42 km yugurish unga cho‘t emas” – 54 yoshida marafon chempioni bo‘lgan yangibozorlik o‘qituvchi

Dilfuza Allayorova uch farzandning onasi, bir nevaraning buvisi. 33 yildan beri Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida rus tildan dars berib keladi. U asosiy kasbidan tashqari muntazam yugurishni odat qilgan. Joriy yilda 50-54 yosh toifasida Sidney marafonida g‘olib chiqqan. Kun.uz bilan suhbatda u shu yoshda qanday qilib uzoq masofalarga yugurishning uddasidan chiqayotgani, buning mashaqqatlari haqida gapirib berdi.

Onamning istagi bilan o‘qituvchi bo‘lganman

33 yildan beri maktabda pedagog sifatida ishlayman. O‘zbek sinflarga rus tilidan, rus sinflarga esa o‘zbek tilidan dars beraman. Aslida o‘quvchilik davrimdan sportga ishtiyoqim baland edi. Basketbolga qiziqardim, shu sport turi bo‘yicha musobaqalarda qatnashardim. Maktabni tamomlagandan so‘ng jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘qishni davom ettirish niyatim bo‘lgan. Salohiyatimni bilgan universitetdagi murabbiylar “oliygohimiz nomidan basketbol bo‘yicha musobaqalarda ishtirok etsang, seni o‘qishga imtihonsiz qabul qilamiz”, degan takliflarni ham bildirgan. Ammo onam sport sohasida ta’lim olishimni xohlamagan. “Pedagogika bo‘yicha o‘qiyver, bo‘sh vaqtingda basketbol bilan mustaqil shug‘ullanib yuraverasan”, degan maslahatlarni berib, o‘qituvchilik kasbini egallashimni istagan. Shu sabab oliy ta’limni Nijniy Novgorod davlat pedagogika oliygohida olganman. Universitetda ham basketbol terma jamoasiga qabul qilinib, turli musobaqalarda qatnashganman. O‘sha paytda onamning sport sohasida o‘qishimga qarshilik qilganidan ranjigan bo‘lsam-da, hozirda ulardan minnatdorman. Sababi, ayni vaqtda sevimli kasbim ham bor, sevimli mashg‘ulotim – sport ham bor.

Mahallada yugurish boshida noqulaylik tug‘dirgan

Tongi soat 05:00 da ko‘chaga chiqib, sport mashg‘ulotlarini boshlayman. Kunlik rejamga ko‘ra, bir soatdan bir yarim soatgacha jismoniy mashqlarni bajaraman. Har kuni o‘rtacha o‘n kilometrdan ortiq yuguraman. Maktabdagi darslarim soat sakkizda boshlangani uchun shu vaqtga qadar mashg‘ulotlarni tugatib, darsga ketaman.

Uyimiz Toshkent viloyatining chekka hududlaridan biri – Yangibozor qo‘rg‘onida joylashgan. Yugurishni boshlagan ilk vaqtlarimda mahalladan o‘tish juda noqulay bo‘lardi. Yoshi katta ayolning ko‘cha bo‘ylab yugurib yurishi mentalitetimizga yotroq jarayon bo‘lgani uchun qo‘shnilar g‘ayrioddiy ko‘z bilan qarashardi. Ko‘rganlar “qiladigan boshqa ishing yo‘qmi, ertalabdan nima zaril senga?” degan turli kesatiqlar qilardi. Qolaversa, yosh kelinlar saharda hovli-uylarni supurib turganda ularning oldidan onasi tengi bo‘lib yugurib o‘tish o‘zimga ham boshida yanglish tuyulgan. Mashg‘ulotlarni muttasil davom ettirganimdan keyin mahallamizdagilar buni odatiy holdek qabul qiladigan bo‘lishdi. Keyinchalik magistral bo‘ylab yugurishni boshladim. Yo‘lda ham qiziq voqealar yuz berardi: kimdir baland ovozda signal chalib, odamni noqulay holga solib o‘tsa, kimdir “olg‘a”, “my verim v tebya”, “yugurishni to‘xtatmang”, degan so‘zlar bilan motivatsiya berib ketardi.

Keksa ayollar marafonlarda deyarli qatnashmaydi

Dastlab uzoq masofalarga yugurish bo‘yicha o‘zimni sinab ko‘rish maqsadida o‘n kilometrni bosib o‘tdim. 2021 yil avgust oyida erta tong soat 04:30 da turib birinchi marafonimni yugurdim. Ilk marafonda Yangibozordan Toshkentga kelib va yana xuddi shu yo‘nalishda poytaxtdan Yangibozorga qaytdim. Jami 42 kilometr yugurdim. Bu masofani 3 soat 42 daqiqada bosib o‘tdim. Har bir kilometrga 5 daqiqa 17 soniya vaqt ajratib, o‘rtacha tezlikni saqladim. Marafon muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng o‘zimda katta ishonch paydo bo‘ldi va 2021 yilda o‘tkazilgan II Toshkent xalqaro marafonida qatnashdim. Shu tariqa marafonlardagi ishtirokim boshlandi.

2021 yilda Jizzax viloyatida ikkinchi Zomin ultramarafoni tashkil etilgan edi. 50 km masofalik ultramarafonda ishtirok etishga katta yosh toifasida 50 nafar qatnashchi ro‘yxatdan o‘tgan, shularning orasida faqat ikkitasi ayol bo‘lgan, ayollardan bittasi esa men. Katta yosh toifasidagi marafonchilar ichida negadir ayollarni uchratish qiyin, odatda. Bizda keksa ayollarning yugurishini normal holat sifatida qabul qilishmaydi. Fikrimcha, bu qarashni o‘zgartirish vaqti keldi. Zomin ultramarafoniga qaytsak, bu musobaqada yugurish biroz qiyinroq kechdi, sababi, yo‘laklar dengiz sathidan 2000 km balandlikda joylashgan, havo zichligining pastligi va kislorod miqdorining kamligi noqulayliklarni yuzaga keltirardi. Biroq shunga qaramay, ushbu marafonda umumiy hisobda 17-bo‘lib keldim va boshqa erkaklardan yuqoriroq natijani qayd etdim.

Katta yoshli marafonchilar e’tibordan chetda qolyapti

Shu vaqtga qadar umumiy hisobda jami o‘n oltita marafonda ishtirok etdim. Jumladan, 2020 yildan buyon o‘tgan 4 yil ichida Toshkent, Zomin, Chimkent, Olmaota, Ostona va Issiqko‘l shaharlarida tashkil etilgan marafonlarida. Issiqko‘l marafonida yaxshi natijaga erishganim uchun yugurish bo‘yicha Chikagoda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma oldim. Biroq ro‘yxatdan o‘tish va borib-kelish jarayonlarida bir qator qiyinchiliklarga duch keldim.

Pochtaga yuborilgan xatga javob yo‘llash va marafonga ro‘yxatdan o‘tish uchun ingliz tilida yozish kerak, men esa bu tilni bilmasdim. Til masalasida o‘g‘lim yordam berdi. Ro‘yxatdan o‘tish pulli bo‘lib, uning uchun $450 to‘lash talab etiladi. Bundan tashqari, viza olish masalasi bor, bunga ham mablag‘ kerak. Moliyaviy holatlar bilan bog‘liq nuqtalarda oqsadim. O‘sha paytlarda “marafonlarga qatnashmay qo‘ya qolaman” qabilidagi fikrlar ham keldi. Sababi marafonda ishtirok faqatgina jismoniy tayyorgarlikni emas, balki katta tashkiliy ishlarni ham talab qilardi. Bu masalada hududimizdagi hokimiyatga bir necha bor murojaat qildim, lekin javob ijobiy bo‘lmadi, Afsus, bizda katta yoshdagi marafonchilarga deyarli e’tibor qaratilmaydi. Keyin boshqa tashkilotlarga murojaat qildim. Xususiy tashkilotlardan biri men va trenerimning Chikagodagi marafonga borib-qaytish xarajatlarimizni to‘liq qoplab berdi, bularning barchasiga $4000 dan ko‘proq mablag‘ ketdi. Marafonda 50-54 yosh toifasidagilar orasida beshinchi o‘rinni egalladim, masofani 3:01:00 daqiqada bosib o‘tib, shaxsiy rekordimni o‘rnatdim.

Sidneyda shaxsiy rekordimni yangiladim

Chikagodagi marafonda yaxshi natijaga erishganim uchun Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan Butunjahon yengil atletika federatsiyasining platinum darajasidagi “TSS Sydney Marathon”ga taklif etildim. Ma’lum qilishlaricha, marafonga O‘rta Osiyo bo‘yicha bitta menga taklifnoma yuborilgan ekan. Musobaqaga trenerim bilan birgalikda katta tayyorgarlik ko‘rdik, marafon marshrutini avvaldan o‘rganib chiqdik. Sidneyga jo‘nab ketishdan uch hafta oldin Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tog‘li joyda yugurish effektini his qilish uchun turli amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazdik. Tepaliklarga chiqib-tushib yugurish, ob-havoga moslashish, tanani chiniqtirish amaliyotlarini bajardik. Sidney marafoni marshrutini o‘rganishdan tashqari, bellashuvning rasmiy sayti orqali ishtirokchilar, ya’ni o‘zimning raqiblarim bilan ham tanishib chiqdim. Ro‘yxatda yaponlar va amerikaliklar ko‘p edi, ularning salohiyatidan kelib chiqib yugurish taktikamizni o‘zgartirdik. 50-54 yosh toifasidagi bellashuvlarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Masofani 2 soat 55 daqiqa 53 soniyada bosib o‘tdim. Mazkur natija yosh toifasidan qat’i nazar, o‘zbekistonlik ayol marafonchilar tomonidan qayd etilgan eng yaxshi o‘ninchi rekord bo‘ldi.

Yugurishni uzoq masofalarga yurishdan boshlash kerak

Hozirgi natijalar katta mehnat ortidan keldi. Kechagina o‘rindiqdan turib, birdan marafonchiga aylanib qolmaganman. Yillar mobaynida o‘z ustimda tizimsiz ishlash orqali marafonlarda rekord o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldim. Fikrimcha, yugurish bilan hamma shug‘ullanishi mumkin.

Uzoq masofalarga yugurishni mashq qilishdan avval ishni uzoq masofalarga yurishdan boshlash kerak, eng kamida kunning ma’lum bir qismida 1-2 soat ichida 10 ming qadam yurish zarur. Yurish ham ozdiradi, ham tana a’zolarining faol ishlashiga ko‘mak beradi.

Marafonlarda yugurish uchun hech qanaqa diyeta tutish shart emas. Hozirda marafonchilar maxsus energiya jyele (gel)dan foydalanadi. Bu jyele uglevodlarga boy bo‘lib, tanani energiya bilan ta’minlaydi. Yugurish vaqtida mushaklar zaxiradagi glikogen moddasidan foydalanadi, ammo uzoq masofaga yugurish davomida bu zaxira tugab qolishi mumkin. Jyele marafon paytida tanadagi energiya zaxirasini tiklashga yordam beradi. Marafon yuguruvchilari, odatda, har 30-45 daqiqada bitta jyeleni iste’mol qiladi. Bu tanani energiya bilan ta’minlaydi va charchoqni sekinlashtiradi. Energiya jyelelari konsentrlangan shaklda bo‘lgani uchun ularni suv bilan birga iste’mol qilish tavsiya etiladi. Aks holda oshqozonda noqulaylik yuzaga kelishi yoki organizmning suvsizlanishi yuz berishi mumkin.

Marafon yugurish usulini o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, trener yoki murabbiy yordamidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Yugurish jarayonida balansni saqlash kerak, agar birdan tez yugurib ketsangiz, tanangizda turli noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin, bunda birinchi navbatda, nafas olishda yurakka katta bosim tushadi, havo yetishmovchiligi yuzaga keladi. Shuning uchun dastlab sekin yugurishdan boshlash tavsiya etiladi, mashg‘ulot jarayonida o‘rtacha tempni tanlangki, bunda yoningizdagi suhbatdoshingiz bilan nafasni bo‘lmasdan, bemalol gaplasha olish imkoniyati bo‘lsin. Shunda davomli yugurishingiz mumkin.

Tartib – natijaga erishishning eng samarali yo‘li

Ham maktabdagi faoliyatim, ham marafonlarga tayyorgarlik mashqlarini birdek olib borish uchun tartib-intizomga katta e’tibor qarataman. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishishda aniq reja hamda to‘g‘ri vaqt taqsimoti bilan ish yuritsangiz, belgilagan marralarga tezroq yetasiz.

Yoshim 54 da bo‘lsa ham o‘zimda keksalik alomatlarini umuman sezmayman, kun davomida tetik yuraman. Energiya va kuchga boy bo‘lib yurish uchun to‘yib uxlashni maslahat beraman. Kechki soat 22:00 dan 04:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘i tananing kun davomida yo‘qotiladigan hujayralarini tiklab oladigan, melatonin gormonini ishlab chiqaradigan payti sanaladi. Shu sabab erta uxlashning kun davomida tetik yurishga foydasi katta hisoblanadi.

Uch farzandim bor: ikki o‘g‘il, bir qiz va bir nevaram ham bor. Oilam meni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Marafonlarda yuqori o‘rinlarni olib qaytganimda men bilan faxrlanishlarini ko‘rib, yanada ko‘proq, yaxshiroq natijalarga erishgim keladi. Fikrimcha, karerada ham, oilada ham muvaffaqiyatga erishgan ayol bo‘lish uchun doim tartib bilan ishlash kerak. Ko‘pchilik 54 yoshdaman desam ishonmaydi. Yosh ko‘rinishimning siri har kuni sport bilan shug‘ullanishim hamda optimistik kayfiyatda yurishimga bog‘liq.

To‘liq intervyuni Kun.uz'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Mirvohid Mirrahimov, Ziyaddin Mamajonov,
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid