Jamiyat | 15:10 / 06.11.2018
19975
6 daqiqa o‘qiladi

Hokimiyatlarda hujjatlar qachon tartib bilan yuritiladi? Qamashilik fermerning 15 yillik hasrati

Kun.uz tahririyatiga har kuni turli-tuman murojaatlar kelib tushadi. Biri elektron tarzda, biri qo‘ng‘iroq orqali yoki qabulxonaga kelgan fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ladi. Sayt vakillari bu murojaatlar izidan xalq dardi bilan hamnafas bo‘lishda davom etmoqda.

Navbatdagi murojaat ham shunday, sayt ofisiga kelgan fuqarolardan biri, fermer Sayfuddin aka edi. Uning murojaati kishini hayron qildirgulik emasdi. Bugungi kunda bunday e'tirozlar tufayli ko‘plab fermer va tadbirkorlar eshik qoqib kelishmoqda. E'tirozlar uchun sabab hokimiyatlar organlaridagi hujjat ishlaridagi chalkashliklar bo‘lmoqda.

Ushbu maqolada bir fermerning 15 yillik hasrati hikoya qilinadi. Balki bu bir fermer emas, ko‘plab shunday mehnatkashlarning yillar aro yig‘ilib kelgan dard-u tashvishlaridir.

«Kenja bobo Ergashbek» (A) fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisining bizga taqdim etgan hujjatlariga ko‘ra, yer maydoni ko‘p marotaba «sarson» bo‘lgan. Ya'ni, bu yerning uzoq hikoyasi bor. Quyida ushbu tarix qisqacha bayon etiladi:

2003 yil 4 noyabrdagi X-1224/11-sonli qaror asosida fermerga 50 gektar lalmi, 168,1 gektar yaylov, 0,6 gektar suv ostidagi yerlar, 0,5 gektar yo‘l ostidagi yerlar jami 222,2 gektar yer maydoni 30 yilga ijara asosida yer ajratiladi.

Qashqadaryo viloyati hokimining 2009 yil 31 dekabrdagi X-471-d/12 – sonli qarori asosida yer uchastkalarini maqbullashtirish maqsadida boshqa fermerga (B) berilmoqda (jurnalistik sir tufayli nomini aytishni lozim topmadik).

Qamashi tumani hokimining 2010 yil 5 noyabrdagi X-721/11 – sonli qaroriga asosan yer A fermerga qaytarib berilgan.

Oradan 1,5 oy o‘tib, hokimning 2010 yil 17 dekabrdagi X-1025/12 – sonli qarori bilan yana B. fermerga qaytariladi.

Shundan so‘ng, tuman prokurori tomonidan X-1025/12 – sonli qarorga nisbatan protest keltirilgan. Protest mazmuni bo‘yicha qaror noqonuniy qabul qilingan.

2011 yil 2 iyul kuni tuman hokimining X-743/7 – sonli qarori bilan prokuror protesti inobatga olinib, yer yana A fermerga qaytariladi.

2012 yil 26 iyul kungi X-508/7 – sonli qarorda esa ushbu yer maydoni B fermer balansida ko‘rsatilmagan. Demak, yer zaxirada yoki A fermerda bo‘lishi kerak.

2013 yil 27 may kuni Qashqadaryo viloyat prokuraturasining 11-5/2013 sonli protestiga asosan X-721a/11 – sonli viloyat qarori bekor qilingan.

2016 yil 30 may kuni Qashqadaryo viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan tuman hokimiga holatni aniqlashtirish maqsadida taqdimnoma kiritiladi. Shu yilning 16 iyun kuni tuman kadastr bo‘limi yer A fermerda ekani qonuniyligini tasdiqlab, tuman hokimiga buni e'tirof etish taklifini beradi. 21 iyun kuni tuman Fermerlar kengashi tomonidan ham bu bo‘yicha taklif berilgan.

2017 yil 28 sentabrda A fermerga berilgan xatda ham tuman kadastr bo‘limi yer A fermerga tegishli ekani tasdiqlangan.

Yuqoridagi hujjatlarda yer A fermerga tegishli ekanligi o‘z tasdig‘ini topsa ham, tuman hokimining 2018 yil 28 fevral kungi X-296/02 – sonli qarori bilan yer B fermerniki sifatida ko‘rsatiladi va zaxiraga olish belgilanadi.

Shu sababdan ushbu qarorni qonuniy emas deb hisoblab, bekor qilish masalasini so‘rab, 18 avgust kuni prokuror protest keltiradi.

Tuman hokimi ushbu protestni inobatga olib, 28 sentabr kuni hokim protestni qisman qanoatlantirish bo‘yicha qaror chiqaradi. Lekin, qarorda qanoatlantirish choralari belgilanmagan.

Ushbu holatni aniqlashtirish fikri bilan tuman hokimi bilan bog‘landik. Hokim yer tenderga qo‘yilgani va sud orqali hujjat olib kelinsa, tenderni to‘xtatib turishini aytdi.

Ushbu masala yuzasidan fermer hokimiyat bilan sudlarda ko‘p marotaba uchrashgan.

Diqqatimizni tortgan masalalardan biri, viloyat sudida Qamashi soliq inspeksiyasi tomonidan ma'lumot keltirilgan. 2018 yilning 25 iyunidagi 13/X-411 – sonli ma'lumotnomada, A fermer xo‘jaligi 2009-2015 yillarda soliq inspeksiyasiga hisobot taqdim etmagan deb keltirilgan.

Oradan biroz o‘tib, fuqaroning o‘zi inspeksiyadan ma'lumot so‘ragan. 19 iyul kungi 13/4-01265 – sonli xatda fermer xo‘jaligi soliq hisobotini inspeksiyaga taqdim etib kelmoqda, deya ko‘rsatilgan.

Bir inspeksiya tomonidan, bir shaxs tomonidan ikki xil mazmundagi xujjat. Qaysi biri to‘g‘ri ekanligini soliqchini o‘zi bilar balki?

Fermerlardan birini haq, ikkinchisini nohaq deyishdan yiroqmiz. Hujjatlar sarhisob qilinganda, e'tiroz boshqa tomonga qaratiladi. Davlat idoralarida hujjatlarning tartib-intizomi yuritiladimi? Qachongacha bir yer uchun ikki xil qaror chiqarilaveradi?

Hozirgi kunda fermer sudga murojaat qilishga taraddudlangan. Qaysi tomon haq ekanligini esa odil sud hal qilib beradi, degan umiddamiz.

Ma'lumot uchun, yuqoridagi hujjatlar tahririyat ixtiyorida saqlanmoqda.

Bahodir Ahmedov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid