Jahon | 16:41 / 26.10.2025
4859
13 daqiqa o‘qiladi

Putinni rad etgan Tramp, Mars orzusidagi Mask - hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 26 oktyabr, yakshanba. Kuzning ikkinchi oyi tugayapti, qish yaqinlashib qoldi. Siz-u biz qishda uylarni qanday isitish haqida o‘ylayotgan bir vaqtda Ilon Mask Marsga ko‘chib o‘tish haqida o‘ylamoqda. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, odatdagidek haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Trampning ritorikasi o‘zgardi (yana)

Donald Trampni juda o‘zgaruvchan odam degandik, hafta davomida navbatdagi marta buning isbotini ko‘rdik. Mister Tramp yaqindagina Ukrainaga jahl qilib «Donbassni Putinga berib, kelishuv imzolang», degandi. Qarasa vaziyat u o‘ylaganchalik emas, shu bois fikrini yana o‘zgartirdi-da, Putin bilan Mojaristonda rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi. «Mening bekorchi vaqtim yo‘q», dedi u.

Alyaskadagi sammitda Tramp oshib borsa Putin bilan rasmga tushgandi. Uning atrofidagilar Budapeshtdagi uchrashuvdan ham naf chiqmaydi degan ko‘rinadi, Tramp qarorini o‘zgartirdi.

Ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishganiga o‘n oy bo‘lgan Tramp ilk marta Rossiyaga qarshi sanksiya e’lon qildi. Tramp oldingi muddatida Rossiyaga qarshi eng ko‘p sanksiya qo‘llagan prezidentga aylangandi, biroq ikkinchi muddatida Rossiya qo‘shnisi Ukrainaga qarshi urushayotganiga qaramay, Moskvaga qarshi sanksiya joriy qilmagandi. Tramp Baydenning Rossiyaga qarshi kiritgan birorta sanksiyasini bekor ham qilmagandi. Urush boshida Rossiyani juda ko‘p maqtab, Ukraina va Baydenni «urush boshlashda ayblagan» Tramp prezidentligining o‘ninchi oyiga kelib vaziyat o‘ylaganidan boshqacha ekanini tushunib yetgan ko‘rinadi.

Rossiyadagi radikal urush tarafdorlarining nuqtayi nazarini aks ettiradigan sobiq prezident Medvedev Tramp Ukraina tomonga o‘tganini «e’tirof etib», «endi bu Baydenning emas, aynan Trampning urushi ekanini» aytdi.

AQSh G‘arbiy sohil anneksiyasiga yo‘l qo‘ymaydi

Donald Tramp G‘azodagi urushni tugatganidan ko‘p o‘tmay sulh buzilishiga sal qoldi. Avvaliga HAMAS G‘azodagi qaysidir guruh a’zosini o‘qqa tutdi. Isroil buni o‘ziga hujum deb tushunib, bo‘lgadagi ko‘ziga ko‘ringan butun binolarni o‘qqa tutdi. Aftidan vositachilar vaziyat tizginini qo‘lga olib, janjalni tinchitgan.

Bu tortishuv fonida AQSh yana bir marta keskin pozitsiyada ekanini ko‘rsatib, Isroil Falastin davlatiga tegishli O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilini anneksiya qilishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Vaholanki Isroil parlamenti hali sulh imzolanishidan avvalroq bosib olingan G‘arbiy sohilni anneksiya qilish rejasini e’lon qilib bo‘lgandi. Unga ko‘ra, Isroil hududda yahudiylar manzilgohlari qurishni davom ettirib, asta-sekin G‘arbiy sohilni o‘ziniki deb e’lon qilmoqchi edi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio G‘arbiy sohilni anneksiya qilish tinchlik kelishuviga zid ekanini aytdi.

Tramp Si bilan ko‘rishadi

Bu hafta Ukrainadagi urush bo‘yicha diplomatiya keskin o‘zgardi. Yaqindagina Amerika Ukrainaga bosim qilib bu davlat yerlarini Rossiyaga olib beradigandek edi. Endi Tramp Putin bilan ko‘rishishni ham istamay qoldi. Qizig‘i Tramp Ukrainadagi urush borasida Xitoy raisi Si Jinpin bilan gaplashadigan bo‘ldi. Ikki siyosatchi 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyadagi Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari sammiti doirasida uchrashadi.

Xitoy raisi bu urushni adolatli yakunlash bo‘yicha Trampga yordam berishiga ishonish qiyin. Chunki Pekin urushda ochiqchasiga Rossiyani qo‘llaydi. Hatto Xitoy rasmiy tarzda «urushda Rossiya yengilishiga yo‘l qo‘ymasligini» aytib bo‘lgan. Balki Trampda biror reja bordir.

Bu uchrashuv o‘tkazilishining o‘zi ko‘p narsani anglatadi, unda nimalar gaplashilishi ikkinchi masala. Anig‘i shuki, Vladimir Putin qo‘shni davlatga urush boshlaganidan keyin ilk marta Rossiyadan kuchli bo‘lgan ikki davlat — Xitoy va Amerika uning davlati qatnashayotgan urushni tugatishni Rossiyasiz muhokama qiladi. Ukraina prezidenti ko‘p marta bunday ahvolga tushdi, AQSh va Rossiya ko‘p marta Ukraina taqdirini Ukrainasiz «hal qilishga» intildi. Endi Putin ham buning nima ekanini o‘z tanasida his qiladi.

Luvrni o‘marishdi

Haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri Parijdagi afsonaviy Luvr muzeyini o‘marib ketishgani bo‘ldi. «Shovvozlar» kuppa-kunduzi dunyodagi eng mashhur muzey ikkinchi qavatiga narvonda chiqib, million-million dollarlik qimmatbaho eksponatlarni ship-shiydon qildi. Holatning yashirin kameradan olingan kadrlariga ham ehtiyoj qolmadi, barchasini muzey mehmonlarining o‘zi suratga olishdi. Tarmoqda «fransuz politsiyasi xuddi komediya kinolardagidek ekan» degan gap mahshur bo‘ldi.

Bu o‘g‘rilik dunyoda politsiyachilar, boshqa xizmatlar, xullas xavfsizlikni ta’minlashi kerak bo‘lgan idoralar real xavf bilan kurashish o‘rniga «xayoliy dushman bilan» kurashayotganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Masalan, Parij politsiyasi mamlakatga hech qanday xavf tug‘dirmaydigan osiyolik muhojir jamoat joyida qora sumka ko‘tarib ketayotgan bo‘lsa, uni «shubhali nusxa sifatida» muammosiz ushlashi mumkin. Ammo butun boshli Luvrni kuppa-kunduzi hammaning ko‘z o‘ngida tunashayotganda farang politsiyachilar kim bilsin nima ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lgan.

AQSh — Venesuela mojarosi avj olmoqda

AQSh prezidenti Yaqin Sharqdagi va Yevropa sharqidagi urushlarni tezroq tugatishga intilayotganining sabablaridan biri bor e’tiborni Venesuelaga qaratish bo‘lsa kerak. Tramp Nikolas Maduroni ag‘darish fikrida sobit, u mamlakat armiyasi Venesueladagi narkokartellarga qarshi quruqlik amaliyoti o‘tkazishi mumkinligini istisno qilmadi. Venesuela sohillariga ilk marta aviatashuvchi ulkan kema yuborildi. Bu vaqtda Nikolas Maduro «Tramp urush boshlamoqchi ekanini aytib» har kuni chiqish qilyapti.

Darvoqe, Trampning tahdidlari Maduro uchun ayni muddao bo‘ldi. Uning saylovda qanday yutganini hamma biladi, venesuelaliklar Maduro uchun jon berishiga ishonish qiyin. Chunki dunyodagi eng katta neft zaxirasiga ega, oltinga serob bu davlat aholisi oddiy oziq-ovqat muammosidan aziyat chekadi, narx-navo har yili aql bovar qilmas tempda oshadi. Lekin Trampning gaplari Maduroga «xalqni o‘zining atrofida birlashtirish», taxtni mustahkamlash uchun qo‘l kelyapti. Maduro hatto Trampni mazax qilib chiqishlar qildi.

Endi Venesuela mavzusiga ham tez-tez to‘xtalib turamiz chog‘i. Chunki Rossiya Nikolas Maduro hukumatini faol qo‘llab-quvvatlashi hisobga olinsa, bu davlatning Amerika bilan munosabatlari ikki hissa muhim bo‘ladi. Agar Tramp bu davlatda Maduro o‘rniga «AQShga moyil kimnidir» olib kelolsa, neft qazib olish hajmini oshirish evaziga «qora oltin»ni suvtekin qilib qo‘yishi mumkin. Neft narxi tushishidan eng ko‘p qaysi qudratli davlat zarar ko‘rishini bilsangiz kerak.

So‘zi qadrli Rubio

Navbatdagi mavzumiz aslida yangilik emas, shunchaki mening mulohazam. Oxirgi bir oy davomida AQSh prezidenti Tramp bir nechta keskin qarorlar qabul qildi. Shunday qarorlardan biri G‘azoda urushni to‘xtatdi. Keyin shu hafta Tramp Putin bilan uchrashuvni bekor qildi. Amerika nashrlariga ko‘ra, Trampning hal qiluvchi qaror qabul qilishida unga davlat kotibi Marko Rubio ta’sir ko‘rsatgan. Buni sezish uchun Amerika nashrlarini manba qilish ham shart emas aslida.

Tramp Alyaskadagi Putin bilan uchrashuvda yomon chuv tushdi. Putin bilan Moskvada olti marta ko‘rishib kelgan quruvchi do‘sti Stiven Uitkoff katta ehtimol Trampga navbatdagi uchrashuvdan keyin «Putin Zaporijjya va Xersonni topshirib urushni tugatmoqchi» degan. Vaholanki, Putin Uitkoffga «Ukraina bu ikki hududdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi kerak», deb aytgan bo‘lgan, bu haqda ko‘p nashrlar ishonchli manbalarga asoslanib yozishdi. Uitkoffga ishonib Putin bilan ko‘rishgan Tramp qarasa, vaziyat butkul boshqacha.

Trampning Putin bilan keyingi uchrashuviga mas’ul etib endi quruvchi Uitkoff emas, diplomat Rubio tayinlandi. Trampning ayni damda xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi ham hisoblangan Rubio Lavrov bilan bir marta telefonda gaplashganining o‘zida Moskvaning pozitsiyasi umuman o‘zgarmaganini tushunib yetdi. Va o‘sha suhbatdan keyin Tramp Putin bilan uchrashuvni bekor qildi.

G‘azodagi urush bo‘yicha ham Trampning Amerika prezidentlariga xos bo‘lmagan tarzda Isroilga xush kelmaydigan pozitsiya tanlashida Rubioning ta’siri katta bo‘lgan. AQSh G‘arbiy sohil anneksiya qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida ham aynan Rubio gapirdi.

Kelib chiqishi kubalik bo‘lgan sobiq senator borgan sari Tramp ma’muriyatidagi ta’sir doirasini oshirayotgan ko‘rinadi. U Vens kabi populist emas, AQSh siyosiy byurokratiyasi ichidan chiqqan, ancha yil senator bo‘lib ishlagan. Va aytgancha, Rubio Tramp ma’muriyatiga kirishdan avval prezident bo‘lish istagini ham yashirmagan. Tramp oxirgi muddatini ishlayotgani inobatga olinsa, Amerikada nisbatan yosh siyosatchilar orasida «zimdan kurash boshlanganini» tushunish mumkin.

Mask Mars orzusida

Endi haftaning eng qiziq xabariga yetib keldik. Dunyoning eng boy odami Ilon Mask Donald Tramp ma’muriyatiga kirib, «yillar davomida to‘plagan obro‘sini to‘kkani» esingizda. Siyosatga kirib «Putin bilan telefonda gaplashganini» maqtanib aytib bergani-yu, «Trampni men prezident qildim», qabilida gapirib yurganiga qadar uni dunyo daho injyener deb bilardi. Chindan koinotni insoniyatga yaqinlashtirgan Mask daho, takrorlanmas daho.

Siyosatdan chekinganidan keyin Mask yana «bo‘ladigan ishlar bilan» shug‘ullanmoqda. Masalan, hozir milliarder Marsda koloniya yaratish o‘yida. Uning fikricha, 100 ming ko‘ngilli bo‘lsa, ya’ni Maskning kemasida hayotiga tavakkal qilib Marsga borishni istaydigan shuncha odam topilsa, «qizil sayyora»da ilk aholi punktini yaratish mumkin ekan.

Mask Marsga chiqishiga ishonmoqda. Yaqinda bergan intervyularidan birida injyener o‘zining Starship loyihasi muvaffaqiyatiga shubha qilmasligi, boshqa sayyoralarni kolonizatsiya qilish uchun rejalar allaqachon tuzib bo‘linganini aytdi. Ilon inson Marsga kamida million tonna asbob-uskuna ham olib chiqishi kerakligi, u yerdagilar Yerdan uzilib qolgan taqdirda ham yashab ketishi uchun zarur sharoit yaratilishi kerakligini aytdi. Mana shu bosqichdan o‘ta olsa, inson Marsni o‘zlashtirishi mumkin bo‘larkan.

Ana shunaqa gaplar, Ilon Mask Yerga sig‘mayapti. Men uning «Marsni egallash», bu sirli sayyorani o‘zlashtirish haqida gaplarini telbalikka yo‘ymagan bo‘lardim. Ilon inson aql-zakovatining chegarasi qanchalik katta ekanini ko‘rsatmoqda. Uning puli ko‘p, yaqinda 500 milliard dollar bo‘ldi, adashmasam. Lekin Ilon zavodim bor, pulim ko‘p, deb oyog‘ini uzatib yotgani yo‘q, milliardlab insonlar borib bo‘lmaydi degan sayyoraga ilm-fan, o‘zi kabi daho injyenerlar yordami bilan borishga intilmoqda. Bu yo‘lda pulni ham ayagani yo‘q.

Men Mask siyosatdan qaytib yana o‘zi qirol bo‘lgan injyenerlik olamiga qaytganidan juda xursandman. Daho zamondoshimiz o‘z jamoasi bilan Marsga odam qadamini yetkazgan kunni ko‘rgim keladi. Omon bo‘ling, azizlar...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid