Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Odamlar orasidagi prezident, avtobuslarda reydlar va “dom” qurilishidagi katta ko‘zbo‘yamachiliklar - hafta dayjesti
Konteynerga ko‘chgan yana bir hokim, naqd pul olinmaydigan shahar avtobuslarida tekin yurgan yo‘lovchilarga qarshi reydlar, 2024 yilning eng shov-shuvli korrupsion ishida kutilmagan yakun va qurilishdagi oxiri yo‘q ko‘zbo‘yamachiliklar nihoyat tan olingani bilan Kun.uz’ning hafta dayjesti dasturida tanishishingiz mumkin.
Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Prezident Namanganda bo‘ldi
Joriy haftada prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrif buyurib, qator yangi loyihalar bilan tanishdi. Davlat rahbarining hududga safari Namangan aeroportidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlandi. Shundan so‘ng Yangi Namangan va Chust tumanlarida ishlab chiqarish, sanoat va servis sohasidagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan prezident Norin tumaniga qarab yo‘l oldi.
Tashrifning esda qoladigan voqeasi Shavkat Mirziyoyevning "og‘ir" mahalla aholisi bilan muloqoti bo‘ldi. Kortej kutilmaganda marshrutini o‘zgartirib, Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kirgan.
Shu yerda davlat rahbari oldindan tayyorlab qo‘yilmagan oddiy odamlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tinglagan. Prezident matbuot xizmati xabarida qayd etilishicha, mahallaning sharoiti og‘ir, ichki yo‘llar ta’mirtalab, ko‘cha chiroqlari va lotoklar yo‘q. Bu yerda 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz bor, 157 odam migratsiyada.
Prezident viloyat mas’ullariga muammolarni hal qilish va namunali sharoitlar yaratishga topshiriq bergan. Jumladan, uchrashuvda endi mahalla Sho‘rariq emas, Yangi Namangan mahallasi deb nomlanishi, mahallani obod qilish uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi aytilgan.
Bildirilgan tanqidlar va berilgan topshiriqlardan so‘ng Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov Sho‘rariq mahallasiga konteyner uy o‘rnatib, unga ko‘chib o‘tdi.
Hokimning konteyner uyga ko‘chib o‘tish an’anasi oldin ham kuzatilgan. Masalan, 2021 yil fevralida aynan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahridagi Bunyodkor mahallasiga ko‘chib o‘tgandi.
O‘shanda ham prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi vaqtida kutilmaganda yo‘lni burgan va mavjud ahvolni tanqid qilgandi.
17 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida o‘tgan yirik xalqaro forumda ishtirok etdi. Kambag‘allikni qisqartirishga oid forumda qiymati 495 mln dollarlik kelishuv va memorandumlar imzolangani ma’lum qilindi.
SAT imtihonidan 1200 ball olganlar grantda o‘qiydi
Yakunlangan haftada bilimli va intiluvchan yoshlar uchun muhim voqelik sodir bo‘ldi. SAT imtihonida 1200 dan yuqori ball olganlar qo‘shimcha davlat grantiga qabul qilinadi. Bu haqda hukumat qarori qabul qilindi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi yangi nizomga ko‘ra, quyidagi 3 ta xalqaro sertifikat olgan abituriyentlarga imtiyozlar belgilandi:
- “A level” sertifikati (“B” va undan yuqori daraja) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;
- “International Baccalaureate” sertifikati (32 va undan yuqori ball) — bazaviy to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi;
- “Scholastic Aptitude Test - SAT” xalqaro imtihoni (eng yuqori ballning 75 foizi – 1200 ball va undan yuqori) — qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bu imtiyoz sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga taalluqli bo‘ladi.
Aziz Voitov ozodlikka chiqdi
Haftaning shov-shuvli yangiliklaridan biri – sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning sudi bo‘ldi. 15 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan Aziz Voitov va boshqa jami 62 kishiga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugadi hamda hukm e’lon qilindi.
Qaynota, kursdoshi va boshqa yaqinlari bilan jinoiy guruh bo‘lib, 150 milliardlik zarar yetkazganlikda ayblangan Aziz Voitov sud yakunida Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilgan tarzda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari, aniqrog‘i 164 mln 800 ming so‘m miqdorida jarima va oylik ish haqining 30 foizini davlat hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Vazirlikning yana bir sobiq mulozimi Xayrullo Karimovga 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilgan holda 8,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Qolgan 60 nafar sudlanuvchiga ham qilmishiga muvofiq ravishda tegishli jazolar belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu ish talon-toroj qilingan kredit mablag‘lari, budjet pullari hamda davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 200 mlrd so‘mdan oshiqligi, Voitov bu ishlarni asosan kursdoshi, qaynotasi va boshqa yaqinlari orqali qilgani bilan bog‘liq edi.
Eng serdaromad soha – qurilishda soliqdan qochish
Sizningcha, “novostroyka”ning 1 kv/metr 1 mln 200 ming so‘m bo‘lishi mumkinmi? Bizda mumkin. Qurilish sohasi vakillari soliqdan qochish uchun shunday qilishadi. Uylarning asl narxlarini rasmiylashtirishda pasaytirib ko‘rsatish oqibatida 1,9 trln so‘m soliq tushumi ta’minlanmagan. Savdo-sanoat palatasi bergan ma’lumotlarda 914 ta obekt qurilishida ishlar hajmi kamaytirib ko‘rsatilgani sababli 243 mlrd so‘m mablag‘ budjetga tushmagan, o‘z muddatida qurilgan 1,5 mingta obekt hisobga qo‘yilmagani sababli 200 mlrd so‘m mol-mulk va yer solig‘i hisoblanmagani aytilgan.
Turar joylarning oldi-sotdisida qiymatni pasaytirib ko‘rsatish oqibatida 126 ming kvadrat metr uy-joy (10 mingta xonadon) har kvadrat metri uchun atigi 1,2 mln so‘mdan ($100 dan kam) rasmiylashtirilgan.
Toshkentda qurilayotgan uy-joylar narxiga e’tibor qaratsangiz, hali kotlovani ham qazilmagan, endigina sotuvi boshlangan, hatto 3-4 yildan keyin bitishi va’da qilinayotgan uylarning narxi ham har kvadrat metriga ming dollar, so‘mda hisoblaganda 12 mln so‘mdan kam emas.
Nima ham derdik, hammaga insof bersin.
Suvdan ko‘tarilgan g‘alvir – avtobuslarda reyd
Yodingizda bo‘lsa, shu yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahridagi jamoat avtobuslarida naqd pulda yo‘l haqini qabul qilish amaliyoti butunlay to‘xtatilib, to‘lovlar to‘liq elektronlashtirildi. Yo‘lovchilar yo‘lkirani faqat ATTO, bank kartalari yoki QR kodli bir martalik chiptalar bilan to‘lashlari mumkin bo‘ldi.
Ammo ayrim yo‘lovchilarning yo‘l haqini hech qanday sababsiz to‘lamasdan avtobusdan tushib ketishi ko‘p kuzatiladigan jarayon ekani aytib kelinayotgandi.
G‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt keldi shekilli, Transport nazorat inspeksiyasi reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1 aprel sanasiga qadar yo‘lkira to‘lamagan 56 kishiga 37,5 ming so‘m miqdorida jarima yozilgan bo‘lsa, sentabr oyiga kelib ularning soni 6 ming nafardan oshgan.
Qoidabuzarlar 41 ming 200 so‘mdan jarimaga tortilmoqda.
Toshkentda avtobus cho‘kdi
Tugayotgan haftamizda “chinovnik”larning Toshkent ko‘chalariga munosabati qanday ekanini ko‘rsatuvchi noodatiy hodisa yuz berdi: 15 sentabr kuni Toshkentdagi Gulsanam ko‘chasida yo‘l cho‘kishi kuzatildi. Unda harakat vaqtidagi avtobus va mikroavtobus botib qolgan. Tarmoqlarda tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, avtobusni botgan joyidan chiqarmoqchi bo‘lgan ekskavator ag‘darilib ketgan.
“Toshshahartransxizmat”ning xabar berishicha, 101-sonli yo‘nalishda qatnovchi MAN rusumli avtobus botib qolgan. U TTZ bozori bekatiga to‘xtaganida, ilgari suv quvurlari o‘tkazilgani va suv sizib chiqishi sabab yo‘l qatnov qismi cho‘kib, transport vositasining o‘ng tomoni yerga botib ketgan.
Avtobus cho‘kish joyida qariyb 5 soat qolib ketgan. Hodisa oqibatida yo‘lovchilarga tan jarohati yetmagan.
“Toshkent shahar suv ta’minoti” xabariga ko‘ra, bu yerda 400 diametrli quvur yangilanmoqda. “Qurilish hududiga yaqin joydan o‘tgan tarmoqda yuzaga kelgan nosozlikdan sizib chiqqan suv ko‘milgan chuqurlarning tuproq qismi keskin cho‘kishiga sabab bo‘lgan. Transport vositalari ana shu chuqurga bir tarafi bilan tushib qolgan”, - deyiladi xabarda.
Rasmiy xabarlarda loyga botib qolgan mikroavtobus va qutqaruv vaqtida ag‘anagan ekskavator haqida ma’lumot berilmagan.
Bokschilardan yana yuqori natijalar
O‘zbekiston boks jamoasi Angliyaning Liverpul shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatida jami oltin medallar sonini 6 taga yetkazib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
60 davlatdan 500 dan ortiq bokschilar o‘zaro bahs olib borgan turnirni 6 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza bilan yakunlagan O‘zbekiston boks jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qo‘shni Qozog‘iston esa 7 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan birinchi bo‘ldi.
Toshkentga qaytgan jahon chempionlariga avtomobil va pul mukofotlari topshirildi. Boks, og‘ir atletika, baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatlarida sovrindor bo‘lgan jami 13 nafar sportchi va ularning murabbiylari BYD avtomobillari va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
O‘tgan haftada ham bir nechta odamning o‘limiga olib kelgan ayanchli yo‘l-transport hodisasi yuz berdi.
13 sentabr kuni Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi temiryo‘l kesishmasida poyezd Gentra’ni urib yuborishi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Vafot etganlar 5 nafar ayol va 1 nafar yosh bola bo‘lgan.
O‘zbekiston temiryo‘llari kompaniyasining rasmiy xabarida aytilishicha, Gentra haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan va yaqinlashib kelayotgan poyezd oldidan temiryo‘lni kesib o‘tishga uringan.
Muallif – Dilshod Abduqodirov
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Montaj ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
16:41 / 26.10.2025
Putinni rad etgan Tramp, Mars orzusidagi Mask - hafta dayjesti
21:12 / 28.09.2025
Tan olinayotgan Falastin, BMTda xushlanmagan Netanyahu – hafta dayjesti
20:50 / 14.09.2025
Qabul qilingan «Falastin deklaratsiyasi», rus dronlari NATO osmonida – hafta dayjesti
22:25 / 13.09.2025

