Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tan olinayotgan Falastin, BMTda xushlanmagan Netanyahu – hafta dayjesti
Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 28 sentabr, yakshanba. Ortda qolayotgan hafta davomida BMTda chindan tarixiy sessiya o‘tkazildi: katta-katta davlatlar Falastinni mustaqil davlat sifatida tan oldi, Isroil bosh vaziri Netanyahu so‘zga chiqishi bilan zaldan chiqishda tirbandlik kuzatildi. Zelenskiy Trampdan bitta qurol so‘raganini aytdi. Parallel olamda esa turkmanistonlik oqsoqollar pensiyani oshirmaslikni podshohlaridan «o‘tinib so‘radi». Quyida haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.
Falastin tan olinmoqda
Haftaning eng muhim voqeasi dunyodagi eng boy, qudratli va ta’sir doirasi katta yahudiylar yashaydigan Nyu York shahrida Fransiya, Britaniya, Kanada, Avstraliya kabi katta-katta davlatlar Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgani bo‘ldi. Shu tariqa BMTga a’zo 193 davlat ichida Falastinni tan olganlar soni 145 taga yetdi.
Ayniqsa Fransiya va Britaniyaning tan olishi jiddiy voqea, axir bu ikki yadroviy davlat BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lmish besh davlat sirasiga kiradi. Hozircha bu yirik davlatlar Falastinni davlat sifatida tan olgani hech narsani o‘zgartirmasligi mumkin, lekin G‘arb liderlari musulmon olamining asriy muammosiga jiddiy qaray boshlagani quvonarli holat. Darvoqe, AQSh allaqachon G‘arbning lideri emasligi mana shu epizodda navbatdagi marta ko‘rindi...
Netanyahu jazavada
BMT Bosh assambleyasida eng xushlanmagan odam Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bo‘ldi. U doimgidek xarita ko‘tarib minbarga chiqayotganida zaldan chiqib ketishda tirbandlik kuzatildi. Delegatsiyalar Isroil bosh vazirining navbatdagi iddaolarini eshitishga toqat qila olishiga ishonmay zaldan chiqib ketishdi. Bibi deyarli bo‘sh zalda nutq so‘zladi.
Isroil bosh vaziri hali tashkil etilmagan Falastin davlatini terror davlati deb atadi: «Bizning boshimizga terror davlatini olib kelolmaysiz, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Netanyahu tahdid ohangida.
Keyin o‘zi bilan olib kelgan xaritasini qo‘lga oldi. Unda Eron ta’siridagi davlatlar qizil bilan belgilangandi. Keyin Netanyahu qo‘liga markerni oldi-da, Yahyo Sinvar, Hasan Nasrulloh, xusiychilar lideri, eronlik generallar o‘ldirilgan hududlarni belgilab ko‘rsatdi. Agar uning yonida Lukashenko bo‘lganida harbiylar chegaraning qayeridan o‘tganini ko‘rsatib bergan bo‘lardi balki. Darvoqe, Netanyahu Suriyada Bashar Asad ag‘darilganini ham belgilab ketdi. Bu bilan Isroil bosh vaziri nimaga ishora qilganini tushungandirsiz...
Aftidan, delegatsiyalar zaldan chiqib ketgani Isroil bosh vaziriga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. U butun nutqi davomida jazavaga tushib gapirdi. Isroil G‘azoda genotsid qilayotgani safsata ekani, HAMAS odamlarni u yerdan chiqishiga qarshilik qilayotganini aytdi. Xullas, Netanyahu BMT minbaridan turib butun dunyoga qarshi bayonotlar berdi.
Dembele «Oltin to‘p» yutdi
Hafta davomida yaxshi voqealar ham bo‘ldi. Masalan, Fransiyada France Football jurnalining «Oltin to‘p» sovrinini topshirish marosimi o‘tkazildi. Bosh sovrin PSJ hujumchisi Usmon Dembelega nasib qildi. Fransiyalik futbolchi asosiy raqobatchisi Lamin Yamalni katta farq bilan ortda qoldirdi. Portugaliyalik Vitinya uchlikka kirdi. Muhammad Saloh so‘rovnoma yakunlariga ko‘ra to‘rtinchi, Rafinya beshinchi bo‘ldi. Ko‘pchilikni hayron qoldirgani «Barselona» futbolchisi Pedri o‘ntalikka ham kirmagani bo‘ldi.
Lekin bosh sovrin haqli tarzda Dembelega berildi deb o‘ylayman. Chunki Usmon Chempionlar Ligasi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Odatda ko‘p jarohat olishi bilan memlar nishonida bo‘ladigan Dembele inson mehnat qilsa, o‘zi istagan darajaga ko‘tarilishini navbatdagi marta isbotladi.
Qizig‘i, Messi va Ronaldu davri o‘tgach, endi Mbappe – Holand davri boshlanadi deb o‘ylagandik. Lekin har mavsum kutilmagan qahramon paydo bo‘lmoqda: o‘tgan mavsumlar Rodri, endi Dembele, keyingi yildan Yamal asosiy da’vogar bo‘lsa kerak. Kilian, Erling, otni qamchilash vaqti keldi, yigitlar.
Hafta intervyusi
Hafta davomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning Axios nashriga intervyu berdi. 26 daqiqalik suhbat davomida Zelenskiy oxirgi vaqtlardagi muhim mavzularda gapirdi.
Asosiy mavzu tabiiyki, urush bo‘ldi. Va Zelenskiyning mana shu mavzuda aytgan gapi juda ko‘p nashrlarda xato talqin qilindi. Ayniqsa rus nashrlari bu borada «jonbozlik ko‘rsatdi». Ular «Zelenskiy Kremlga zarba berishga tayyorligini aytdi», degan sarlavhalar bilan xabar tarqatishdi. Aftidan, ruscha kanallardagi sarlavhalar ko‘pchilikni chalg‘itgan ko‘rinadi, jiddiy nashrlarda ham shunaqa xabarlar paydo bo‘ldi.
Men intervyuni to‘liq ko‘rib, Zelenskiy bunday demaganiga amin bo‘ldim. Jurnalist shunday savol berdi: «Rossiya Ukraina vazirlar mahkamasi binosiga zara berdi, Kremldagilarga ham bombapanaga tushishga tayyor turing, deya olasizmi?» Zelenskiy shunday javob berdi: «Avvalambor ular bombapana qayerda ekanini bilishi kerak. Rossiya urushni davom ettirar ekan, ular baribir kerak bo‘ladi».
Ko‘rib turganingizdek, Zelenskiy Ukraina Kremlga zarba berishga tayyorligi haqida gapirgani yo‘q. Avvali bu yangilik ham emas, ikki yil avval Kiyev zarbdor dron bilan Kreml tomini nishonga olgandi.
Suhbat davomida Zelenskiy Trampdan bir qurol so‘raganini aytdi. Ba’zi nashrlarga ko‘ra, gap Moskvagacha uchishi mumkin bo‘lgan Tomahawk raketalari haqida bo‘lishi mumkin. Zelenskiy unda olis masofaga uchadigan Amerika raketasi bo‘lsa, hech ikkilanmay Rossiya ichkarisiga zarba berishini aytdi. Xususan, «Putinni muzokara stoliga o‘tirishga majbur qiladigan nishonlarga zarba berishga tayyorligini» ta’kidladi. Va mana shu yerda chindan Kremlga zarbaga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.
Pentagon generallarni yig‘moqda
Pentagon rahbari endilikda AQSh urush vaziri Pit Hegset 30 sentabr kuni mamlakat armiyasidagi barcha general va admirallarni Virjiniyadagi dengiz piyoda askarlari bazasiga yig‘ishni buyurdi. Unda AQShdagi va butun dunyodagi 800 dan ortiq general va admirallar ishtirok etadi. umumiy hisobda yig‘ilishda mingdan ortiq odam qatnasharkan. Amerikalik harbiy ekspertlar bunday miqiyosdagi uchrashuvni eslay olmasligini yozmoqda.
Washington Post manbalariga ko‘ra, Hegset generallar yig‘ilishida AQSh armiyasidagi keng ko‘lamli qisqartirish va yangi milliy mudofaa strategiyasini muhokama qilishi mumkin. Yig‘ilishga aloqasi yo‘qdir, lekin baribir eslatib qo‘ymoqchiman, yaqinda AQSh mudofaa vazirligi nomi AQSh urush vazirligi deb o‘zgartirilgandi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida Pentagon shunday nomlangan...
«HAMAS boshqaruvda bo‘lmaydi»
Falastin muxtoriyati lideri Mahbud Abbos tuzilajak Falastin davlati boshqaruvida HAMASning o‘rni bo‘lmasligini aytdi. Abbos HAMAS va boshqa qurolli guruhlarni qurollarni tashlashga chaqirdi. Mahbud Abbosning bu chiqishi BMT Bosh assambleyasi ishtirokchilariga murojaat ko‘rinishida bo‘ldi. «HAMAS davlat institutlarini boshqarishda hech qanday rolga ega bo‘lmaydi», dedi Falastin yetakchisi. U shuningdek, HAMASning 7 oktyabrdagi Isroilga hujumini «Falastin xalqini ifodalamaydigan harakat» deb atadi. Ya’ni biz HAMASning Isroilga hujumini oqlamaymiz, degan mazmunda gapirdi. «Biz antisemitizmni rad etamiz», dedi Abbos.
«G‘arbiy sohil bosib olinmaydi»
BMT Bosh assambleyasi doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp musulmon davlatlar liderlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv tashabbuskori Turkiya lideri Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bo‘ldi.
Tramp uchrashuv davomida Isroil O‘rdun daryosining G‘arb sohilini bosib olishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. «Isroil G‘arbiy sohilni qo‘shib olishiga yo‘l qo‘ymayman, bunday bo‘lmaydi. To‘xtash vaqti keldi, yetar», dedi Tramp.
Avvalroq Isroil G‘arbiy sohilni anneksiya qilish rejasini e’lon qilgan, mamlakat parlamenti rejani qo‘llab-quvvatlagandi.
Rossiya soliqni oshirmoqda
Qo‘shnisi Ukraina yerlarini bosib olish uchun to‘rt yildan buyon urushayotgan Rossiya oxirgi vaqtlarda iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Neft va gaz savdosidan tushayotgan foyda kamaygani sabab Putin hukumati soliqlarni oshirish rejasini e’lon qildi. Vaholanki, Vladimir Vladimirovich 2030 yilgacha soliqlar oshmasligiga va’da bergandi.
2026 yildan boshlab rossiyaliklar 20 foiz emas, 22 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘laydigan bo‘ldi. Rossiya moliya vazirligi qo‘shimcha tushum mudofaa va xavfsizlik uchun ishlatilishini ma’lum qildi, ya’ni urushish uchun pul kerak deb ochiq aytdi. Iqtisodchilarga ko‘ra, bu chora inflatsiyani tezlashtirishi mumkin.
«Yashil firibgarlik»
AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasidagi chiqishida qiziq mavzuga to‘xtaldi. U iqlim inqirozi haqida tadqiqotlar, bu uchun katta pul sarflanishini «eng katta firibgarlik» deb atadi. «BMT va boshqa tashkilotlar ko‘pincha yomon niyatda qiladigan bu bashoratlarning barchasi noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ularni o‘z mamlakatlariga qimmatga tushgan ahmoq odamlar o‘ylab topgan. Bu yashil firibgarlikdan voz kechmasangiz, mamlakatingiz muvaffaqiyatsizlikka uchraydi», dedi Tramp.
AQSh prezidenti navbatdagi marta shamol elektr stansiyalarini tanqid qilib, uni juda qimmat vosita, dedi. O‘zi Tramp iqlim o‘zgarishiga doim shubha bilan qaraydi, u ayniqsa Yevropa davlatlariga borsa, ulardagi shamol stansiyalarini buzish kerakligini aytib keladi. Tramp ikkinchi muddatga kirishgan kuniyoq AQSh iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi to‘g‘risida farmon imzolagandi.
«Mehribon Arkadag‘imiz, pensiyamizni oshirmang, iltimos!»
Endi haftaning eng qiziq xabariga yetib keldik. Dunyo urushlarlar, tanqidlar, tortishuvlar girdobida jo‘shib aylanayotgan bir davrda parallel olamda fuqarolar davlatdan pensiyalarni oshirmaslikni o‘tinib so‘ramoqda. Turkmaniston xalq maslahati yig‘ilishida oqsoqol Yozmurod Otamurodov Turkmaniston oliy rahbari Gurbanguli Berdimuhammedovdan ish haqi, nafaqa, pensiya, stipendiyalarni oshirmaslikni so‘radi.
Oqsoqol Arkadag‘ga murojaat qilar ekan uning «baxtli xalq turmush darajasi o‘sayotgani uchun qilayotgan ishlarini» yuqori baholadi. Keyin otaxon xalqning turmush tarzi yaxshi ekani, shu uchun tejalgan pullarni boshqa ishlashga sarflash mumkinligini aytdi. Mehribon Arkadag‘ bu taklif uchun rahbat aytdi.
2015 yil xuddi shunaqa yig‘ilishda xalq maslahati a’zosi mehribon Arkadag‘iga xalq shunchalik yaxshi yashaydiki, gaz, suv, elektr energiyasi uchun pul to‘lay olishini aytgandi. Bu bayonot ortidan Turkmanistonda tekin bo‘lgan bu imtiyozlar pulli bo‘lib ketgandi. Ma’lumot uchun, hozir Turkmanistonda eng kam pensiya 27 dollarni tashkil etadi.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Sizlarga salomatlik va pulingiz ko‘p bo‘lishini tilayman. Bizni eshitayotgan bo‘lsangiz, hurmatli mutasaddilar, xalqimizning maoshini, pensiyasini, stipendiyasini oshiravering, qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi. Mehnatkash xalqimizning puli ko‘p, ro‘zg‘ori but, muzlatkichi to‘la bo‘lsin. Bizning ajoyib xalqimiz eng yaxshi hayotga munosib. Omon bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
16:41 / 26.10.2025
Putinni rad etgan Tramp, Mars orzusidagi Mask - hafta dayjesti
23:03 / 20.09.2025
Odamlar orasidagi prezident, avtobuslarda reydlar va “dom” qurilishidagi katta ko‘zbo‘yamachiliklar - hafta dayjesti
20:50 / 14.09.2025
Qabul qilingan «Falastin deklaratsiyasi», rus dronlari NATO osmonida – hafta dayjesti
22:25 / 13.09.2025