Jahon | 18:41 / 15.11.2025
11063
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Bashar Asadning mahbuslarni qiynoqqa solgan generali Mossad agenti bo‘lgan

Suriyada rejim muxoliflarini shafqatsiz tarzda azoblashda ayblanib Avstriyada sudlanayotgan general Xolid al-Halabiy, prokurorlar da’vosiga ko‘ra, bir vaqtning o‘zida Isroil razvedkasiga ham xizmat qilgan. U Suriyadan qochib ketgach, Mossadning qo‘llovi bilan o‘n yildan ortiq vaqt davomida Yevropada yashab kelgan.

Suriyalik sobiq general Xolid al-Halabiy Bashar Assad hukmronligi davrida sodir etilgan jinoyatlar uchun Avstriyada sudlanmoqda. Bu haqda New York Times xabar berdi.

Al-Halabiy 2013 yilgacha Suriya xavfsizlik tuzilmalarida ishlagan. Xususan, Raqqadagi Suriya Bosh razvedka boshqarmasining 335-bo‘limini boshqargan.

Asad rejimi qurbonlari ushbu generalni “2011-2013 yillar davomida rejim muxoliflarini qiynoqqa solishni buyurgan va bu qiynoqlarda shaxsan o‘zi ishtirok etgan shafqatsiz sadist” deb ta’riflaydi.

Raqqa shahridagi hibsxona kamerasidagi qiynoqqa solish mexanizmi. 2013 yil, aprel / Foto: Bryan Denton

Avstriya prokurorlariga ko‘ra, u faoliyati davomida ikkiyoqlama agent sifatida ham Suriya maxsus xizmatlari, ham Isroil razvedka idorasi Mossadga ishlagan. 2013 yilda Suriyadan qochib, Mossad yordamida Parijga kelgan. Shundan keyin Isroil tomonining so‘roviga asosan, Avstriya razvedkasi ko‘magida Venaga ko‘chib o‘tgan.

Xolid al-Xalabiy o‘n yildan ortiq vaqt davomida Yevropada yashab, shu vaqtda urush jinoyatlari bo‘yicha ta’qibdan qochib yurgan. Bunga ko‘maklashgani uchun 2023 yilda Avstriya maxsus xizmatlarining besh nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Sobiq general 2024 yil dekabr oyida Avstriyada qo‘lga olingan. Mustaqil tergovchilarga uni topishga yordam bergan dalillardan biri – uning ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan fotosurati bo‘lgan. Suratda u Budapeshtdagi ko‘prikda ekani ko‘ringan.

Ma’lumot uchun, bir necha yil oldin isroilliklar Suriyaning yuqori martabali razvedka xodimini yollashga muvaffaq bo‘lganliklari haqida xabarlar tarqalgan edi. Shunga ko‘ra, endilikda o‘sha xabarlarda aytilgan shaxs Al-Halabiy bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid