«Agar so‘z erkinligida ortga qaytsak, boshqa huquqlarni o‘ylamasak ham bo‘ladi» - Karim Bahriyev
Taniqli jurnalist OAV erkinligi va jurnalistlar himoyasiga bag‘ishlangan qonunlarni tasdiqlamay kelayotgani uchun Qonunchilik palatasini tanqid ostiga oldi.
23 sentabr kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan «O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda taniqli jurnalist va media huquqi mutaxassisi Karim Bahriyev chiqish qildi hamda jurnalistlarni qiynab kelayotgan qator to‘siqlar haqida gapirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bugungi kunda so‘z erkinligi va jurnalistlar huquqlarini ta’minlashga oid qator qonunlarni tasdiqdan o‘tkazmay kelayotgani sohada ko‘plab muammolarni yuzaga keltirmoqda.
«Deputatlar – xalq xizmatkori. Xalq istagi va orzularini ro‘yobga chiqaradiganlar ham ular. Ammo bizda deputatlik joyiga shu joydan ketganidan keyin o‘tiriladigan mansab uchun kelinadi. Shuning uchun ularning tafakkuri xalqqa emas, mansabdorga kerak qonunlarni qabul qilishga o‘rgangan.
Hozir so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha hatto prezident qat’iy iroda ko‘rsatyapti. Lekin jurnalistlar himoyasiga oid bir nechta qonunlar bugun deputatlar qo‘lida turibdi. Masalan, jurnalistlarni himoya qilishga oid qonunni oling. Ushbu qonunda jurnalistlarning majburiyatlari bir yarim bet qilib belgilab qo‘yilgan. Agar jurnalist bu qoidalarni buzsa, katta miqdorda jarima belgilangan va qattiq jazolar oladi. Lekin qonunda uning faoliyati himoyasiz qolsa, bunga jazo bormi? Yo‘q.
Jurnalistlarni himoya qilishga oid qonunda uning faoliyati tegishli tartibda himoya qilinadi, deyilgan. Lekin o‘sha tegishli tartibning o‘zi yo‘q.
Parlamentda «Televideniye va radioeshittirish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham necha yillardan beri qabul qilinmay yotibdi. Bu qonun Tojikistonda ko‘p yillar avval qabul qilingan va hozir ishlayapti.
Shuningdek, bizda «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonun bor. Unda davlat sirlarining ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, degan norma bor. Sovet ittifoqi davrida senzura bor edi, lekin biz aynan nima davlat siri ekanligini bilardik. Senzura bekor bo‘lgach, bu ro‘yxat OAVning bosh muharrirlariga berilishi kerak edi. Chunki inson davlat siri nima va nimalar sir tutilishi kerakligini bilishi lozim. Inson o‘zi bilmaydigan narsasini qanday qilib saqlaydi?
Hozir birorta muharrirda bu sirlar ro‘yxati yo‘q. Shuni qonuniy qilib kiritsa bo‘ladimi, bo‘ladi. Uzoqqa bormaylik, qo‘shnimiz Tojikistonda «Davlat sirlari to‘g‘risida» qonun bor.
Yaqinda Jinoyat kodeksining yangi tahriri parlamentda ko‘rib chiqildi. Kodeksga jurnalistning kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik, ularni turli ko‘rinishdagi material yozish yoki yozmaslikka majbur qilish jinoyat ekanligi haqida modda kiritilgan. Lekin u hanuz qabul qilinmay turibdi.
Ma’muriy kodeksda jurnalistni ta’qib qilganlik uchun javobgarlik kiritish masalasi ham parlamentda turibdi. «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun ham turibdi», – dedi Karim Bahriyev.
Uning fikricha, O‘zbekistonning OAV to‘g‘risidagi qonunlarida mulkni chegaralash holatlari mavjud. Bu mustaqil tahririyatlarning rivojlanishiga katta to‘siq bo‘lmoqda.
«Masalan, yangi sayt ochish, matbuot tashkil qilish bu – biznes. Egasi o‘zi ochgan saytdan foyda qilishni istaydi. Lekin qonunda unga chet el investitsiyasini jalb qilish huquqi 30 foizga ham yetmaydi – 29,9 foiz. Axir bu kabi holatlar juda eski zamondan qolib ketgan. Davlatda bu borada hamon qo‘rquv bor. Lekin u tushunmaydiki, odamlar internet ishlatyapti. Xalq biladi-ku dunyoda nimalar bo‘layotganini.
Yangi qonunda buni faqat 50 foizgacha ko‘tarishdi. Lekin bu tartib ham qabul qilinmay turibdi», – dedi u.
Karim Bahriyevning qo‘shimcha qilishicha, so‘z erkinligini ta’minlashda davlatning siyosiy irodasi juda muhim hisoblanadi.
«Bugun prezident siyosiy iroda ko‘rsatyapti, ammo chinakam so‘z erkinligiga erishish uchun prokuratura, sud va Adliya vazirligiga ham juda muhtojmiz. Ular hammani bir ko‘zda ko‘rishi kerak.
BMTning 1948 yilda qabul qilgan 56-rezolyutsiyasida so‘z va OAV erkinligi qolgan huquq va erkinliklarning tamal toshi, asosi ekanligi aytiladi.
Agar insonda erkin gapirish huquqi bo‘lmasa, qolgan huquqlar ham amalga oshmaydi. Mamlakatda so‘z erkinligida ortga qaytilsa, qolgan huquqlar haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi», – dedi jurnalist.
Karim Bahriyev — chala so‘z erkinligi, Islom Karimovni cho‘chitgan loyiha va jurnalist sha’ni haqida
Mavzuga oid
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
19:55 / 06.08.2024
Yosh jurnalistlar jamiyat uchun nega muhim? Amerikalik maktab o‘quvchisining mulohazalari
20:01 / 26.06.2024