«Hokimiyatda, sudda korrupsiya bo‘lgach, jurnalistlar va prezident – xalq uchun yagona umid» — Karim Bahriyev bilan suhbat (1-qism)

— Bugun «uchinchi renessans» o‘zbekistondagi amaldorlar orasida ko‘p qo‘llanilayotgan atamaga aylandi. Siz bu atamani aslida qanday tushunasiz va umuman, renessans haqida hozirdan gapirishimiz qanchalik to‘g‘ri?

— Biz Navoiy, Jomiy yashagan, yoki undan oldinroq – Beruniy davri, ilm davrini renessans deymiz. Bu juda katta tushuncha. Masalan, hozir G‘arbda ulkan tadqiqotlar qilinyapti. Ayrim universitetlarda o‘nlab Nobel mukofoti laureatlarlari chiqdi.

Renessans davrida 50ga yaqin daho chiqishi kerak. Masalan, biz Navoiyni daho deymiz, qisinib, qimtinib Abdulla Oripovni daho shoir deymiz. Xo‘sh, bizning she’riyatimizda 50 nafar Abdulla Oripov, ilmimizda 50 nafar Beruniy chiqyaptimi?

Bizda qachonki, dunyoni lol qoldirgan kashfiyotlar bo‘lsa, shundagina renessans bo‘ladi. Shuning uchun renessans – bizga ideal. Bugungi foydalanayotganimiz esa Islom Karimovning «Buyuk kelajak» iborasiga o‘xshaydi. Men buni bir kitobimda ham yozganman: «Nabiralar, evaralarga ayting, «buyuk kelajak» albatta keladi, kutishsin». Biz uni ko‘rmaymiz, lekin evaralarimiz ko‘rishar balki.

Bugunini yaxshilay olmaydigan odamlar ertaning umidi bilan yashaydi. Shuning uchun biz shu paytda, shu yurtni obod va farovon qilishimiz kerak. Qandaydir olisdagi narsani orzu qilib yashamasligimiz kerak.

Men Amerikaning buyuk shoiralari Emili Dikinson va Edna Sent-Vinsent Milleyning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. Dikinsonning «Qari qiz» nomli she’ri bor. Shu she’rdagi obrazlar silsilasiga qarasangiz, «Qari qizning eri qabr. Qari qiz erini juda uzoq kutadi va go‘riga gulchambar ham taqdim qiladi», deydi. Qarang, qanday kutilmagan obraz, kutilmagan o‘xshatish. Millat o‘sha qari qiz holiga tushib qolmasligi kerak. Renessans ertaga bo‘ladi deb, kutib yashamasligi kerak. Bugun harakat qilish kerak.

Renessans bir shior, ideal sifatida qayerdadir turishi kerak. Unga borish oson emas. Yuzta tovuq boqqan bilan renessansga borish qiyin.

— Ayrim paytda biror jurnalistning nimadir bo‘lib, o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgani, kasbiy sobitligini yo‘qotishiga guvoh bo‘lamiz. Siz ustoz jurnalist sifatida bu kasbda sha’n masalasini qanday toza saqlab qolish mumkin deb hisoblaysiz? Vijdon emas, aynan sha’n haqida so‘ramoqchiman.