Tibbiyot xodimlariga nisbatan diskriminatsiya - AQSh–Kanada chegarasidagi holat misolida
Pandemiya davrida tibbiyot xodimlarini e'zozlash bilan birga, ularga virus tarqatuvchi deb qarab, diskriminatsiya qilish holatlari ham uchrab turibdi.
Taxminan 1600 nafar tibbiyot xodimi Kanadaning Vindzor shahridan AQShning koronavirus avj olgan Detroyt shahriga qatnab ishlamoqda. Ammo ular virus tashuvchisi bo‘lib qolishi mumkin, degan xavotirlar bor.
The New York Times chop etgan «Detroytda ular qahramon, Kanadada esa ularni potensial xavf deb ko‘rishmoqda» sarlavhali maqolada shu haqda so‘z boradi.
Pandemiya tufayli AQSh-Kanada chegarasini kesib o‘tish hozir ko‘pchilik uchun ilojsiz. Lekin Laura Dufresne kabi Kanadada yashab, AQShda ishlaydiganlar uchun chegarani kesib o‘tish – doimgi kun tartibining bir qismi bo‘lib qolmoqda.
Vindzor-Detroyt o‘rtasidagi tafovut va yaqinlik
Dufresne xonim – Ontario shtatining Vindzor shahridan Detroytga ishga boradigan 1 600 hamshira va tibbiyot xodimlaridan biri. U yashaydigan Vindzor shahrida 217 ming aholi bor. Detroyt esa 4 millionlik aholiga ega megapolis.
Vindzorda infeksiya tarqalishi nisbatan nazorat ostiga olingan bo‘lsa, Detroyt – AQShning infeksiya eng avj qolgan nuqtalaridan biri.
Miss Dufresne kabi tibbiyot xodimlari bu vaziyatda o‘zlarining tibbiy burchini bajarib, noqulay holatga tushmoqda. Kanada rasmiylari potensial xavf oldida o‘zlarini qo‘pol tutishmoqda, natijada sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari hatto uylarida ham kasallik tashuvchisi sifatida o‘zlarini bosim ostida sezishyapti.
Bu faqat vindzorliklar uchun emas, balki butun Kanadaga taalluqli. Sababi AQShda virus tarqalishi avj olib ketgan, Kanadada esa bemorlar soni qo‘shnisiga qaraganda 22 barobarga kam.
Boshqa mamlakatlarda ham tibbiyot xodimlari shifoxonalardan chiqib, uylariga qaytishayotganda jamoatchilik tomonidan o‘zlariga virus tarqatuvchilar tarzida munosabatda bo‘lishayotganini sezishmoqda.
Masalan, Meksikada rasmiylar tibbiyot xodimlariga nisbatan bir nechta hujum va diskriminatsiya sodir bo‘lganini qayd etishdi. U yerda hamshiralar hujumga uchragan, avtobuslardan tushirib yuborilgan va ularga xlor sepilgan.
Bu kabi holatlar Vindzor rasmiylari oldiga qanday qilib qo‘shnilariga yordam berish va bir vaqtning o‘zida fuqarolarini himoya qilishni amalga oshirish vazifasini qo‘ymoqda.
«O‘ylaymanki, bu qiyin vaziyatda qo‘shnilarimizni tashlab qo‘yishimiz kerak emas. Biroq biz har bir qadamimizda fuqarolarimizni, tibbiyot xodimlarimizni himoya qilayotganimizga va xavfni imkon darajasida qisqartirayotganimizga ishonchimiz komil bo‘lishi kerak», deydi Vindzor-Esseks tibbiyot birlashmasi tibbiy ofitseri Vajid Ahmad.
Aytish joizki, Kanada-AQSh chegarasi 21 martda yopilgan, faqatgina ma'lum toifa kasb egalarigina chegaradan o‘tishiga ruxsat bor.
Detroyt va Vindzor shaharlarini Detroyt daryosi ajratib turadi. Odatiy kunlarda bir shahardan ikkinchisiga ko‘prik yoki suvosti tunnel yo‘li orqali bir necha daqiqada o‘tib olish mumkin.
Detroyt va uning atrofidagi hududlarda virusdan zararlanish holatlari 20 mingga yaqinni tashkil etmoqda. Butun Kanada bo‘ylab esa 30 mingga yaqin zararlanish va 1200ga yaqin o‘lim qayd etilgan.
Detroytda aholi soni Vindzordagiga qaraganda 20 baravar ko‘p. Infeksiya yuqtirish holatlari va o‘limlar soni bir necha o‘n karraga farq qiladi.
Doktor Vajid Ahmadning aytishicha, Vindzordagi kasallik yuqtirishning har uchinchi holati AQShga kunlik ishlash uchun boradigan tibbiyot xodimlariga bog‘liq.
Tibbiyot xodimining kun tartibidagi o‘zgarish
Doktor Dufresne 11 yildan beri Detroytdagi turli kasalxonalarga Vindzordan qatnab ishlaydi.
«Chegara qo‘riqchilari hurmat bilan munosabatda bo‘lishyapti. Kanada chegara xizmati tomonidan barcha tibbiyot xodimlari mashinalariga qatnov uchun maxsus stiker berilgan», deydi doktor Dufresne.
Biroq Dufresneda endi kuchli dezinfeksiyadan iborat ishdan keyingi alohida kun tartibi ham bor.
U mashinasini garajga qo‘yishi bilanoq tezda barcha kiyimlarini va sumkalarini yuvish uchun ajratadi, mashinani dezinfeksiya qilib, so‘ng yuvinishga kiradi.
«Michigandagi holatni Vindzorga solishtirishning o‘zi dahshatli. Men xavfdan ogohman va uni cheklashga harakat qilaman. Lekin o‘z bemorlarimga qarashdan voz kechmayman», – deydi Laura.
Shuningdek, unga Vindzordagi ayrimlar taklif qilgandek, maktab yoshidagi ikki bolasidan oylab yoki haftalab ajralib Detroytda biror mehmonxonaga ko‘chib o‘tish niyati ham yo‘q.
«Detroyt – kar'yera uchun qulay shahar…»
Odatda, Detroyt shifoxonalari Vindzordagilarni faollik bilan ishga qabul qilib kelgan. Doktor Dufresnening aytishicha, Vindzordagi kichik shifoxonlarga solishtirganda Detroytda ishlash karera qilish uchun ham yaxshi. Vindzorda murakkab tibbiy yordam yoki alohida tibbiy parvarishga muhtoj bemorlar shahardan 120 mil (193 km atrofida) uzoqlikdagi viloyat shifoxonalariga yuboriladi.
Doktor Ahmad shuncha tibbiy xodimining Vindzordan doimiy ishga qatnashiga qaramay, ularning qatnovi statistikasi yuritilmasligini aytmoqda.
Henri Ford tibbiyot tizimi ma'lumotlariga ko‘ra, Detroytdagi 6ta tibbiy muassasaning 6200 hamshirasidan 538 nafari – kanadaliklar.
Masalan, Dufresne – jarrohlik hamshirasi, u ishlaydigan guruhning qariyb 40 foizi Vindzorda yashaydi.
Qanday qilib chegaradan o‘tuvchilarni kamaytirish mumkin
Doktor Ahmadning fikricha, Kanada rasmiylari tibbiyot xodimlari chegarani kamroq kesib o‘tishiga e'tibor qaratishi kerak. Bunda ularni Detroyt mehmonxonalarida qolishga jalb qilish, yarim stavkaliklarga chegarani kesib o‘tishga ruxsat bermaslik va ehtiyoj bo‘lsa, xalqaro qatnovchilarni uylarida o‘zlarini oilasidan izolyatsiya qilishga erishish kabilar amalga oshirilishi mumkin.
Dufresne esa ba'zi hamkasblari ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchraganini, ulardan biri hatto bankka kiritilmaganini aytmoqda.
«Menimcha, odamlar qo‘rqyapti. Ularda noto‘g‘ri axborotlar ko‘p», – deydi u.
«Tibbiyot xodimi uchun chegara ahamiyatsiz...»
Ko‘pchilik tibbiyot xodimlari o‘zlarining kasallik riskini kamaytirish bo‘yicha mutaxassis ekanliklari va Vindzordagi holatni ham tushunishlarini ta'kidlashmoqda.
«Ba'zi odamlarning ichi negativga to‘lgan. Axir tibbiyot xodimlari savdo markazlarida aylanib yurishgani yo‘q-ku», – deydi Detroytdagi shifoxonalardan birining administrativ tibbiyot xodimi Zain Ismoil.
Zain Detroytdan o‘z uyiga – Vindzorga qaytganida tashqariga chiqmaydi. Ro‘zg‘orga kerakli narsalarni do‘stlari xarid qilib olib kelib berishmoqda.
«Agar sen tibbiyot xodimi bo‘lsang, qaysi chegara ekanining farqi yo‘q: sen bitta yo‘ldan borishing kerak», deb hisoblaydi Zain Ismoil.
Mavzuga oid
08:10
Aleksandr Darchiyev RFning AQShdagi yangi elchisi bo‘lishi mumkin
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024