Jahon | 13:03 / 07.09.2025
19126
7 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bo‘ylab yopirilma hujum. Rossiya rekord darajada ko‘p dron uchirdi

Kiyevda turar joylar vayron bo‘lgan va hukumat binosida yong‘in chiqqan.

Foto: Serhii Korovainyi / Reuters / Scanpix / LETA

RF qurolli kuchlari 7 sentabrga o‘tar kechasi uchuvchisiz uchar qurilmalar hamda raketalar bilan Ukraina bo‘ylab navbatdagi yirik hujumni amalga oshirdi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukraina hududlari bo‘ylab 818 ta havo hujumi vositalari orqali hujum qilgan: ukrain shaharlariga 805 ta dron (bu miqdor «Shaheed» dronlarini ham, imitator dronlarni ham o‘z ichiga oladi), «Iskander-K» rusumli to‘qqizta qanotli raketa, «Iskander-M» yoki KN-23 tizimlaridan uchirilgan to‘rtta ballistik raketa.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari 747 ta dron hamda «Iskander-K» rusumli raketalardan to‘rttasini urib tushirgan yoki zararsizlantirgan. «37 ta lokatsiyada to‘qqizta raketa va 56 ta zarbdor dron kelib urilishi, sakkizta lokatsiyada urib tushirilgan dron va raketalar qoldiqlari tushishi qayd etildi», – deyilgan Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari xabarida.

Rossiyaning bu hujumi foydalanilgan dronlar soni bo‘yicha rekord darajadagi hujum bo‘lgan.

Eng jiddiy oqibatlar poytaxt Kiyevda qayd etilgan: bir necha turar joy binosi vayron bo‘lib, uch kishi halok bo‘lgan, jumladan bir ayol va emizikli bola ham.

Hujum oqibatida shikastlangan ko‘p qavatli uylardan biri. Kiyev, 2025 yil 7 sentabr
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

Svyatoshinskiy rayonida to‘qqiz qavatli uy kuchli darajada zararlangan. Shahar meri Vitaliy Klichko xabar berishicha, bu bino to‘rtinchi qavatdan sakkizinchi qavatgacha qisman vayron bo‘lgan, yong‘in kelib chiqqan. Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati ham to‘qqiz qavatli uyda yong‘in sodir bo‘lgani va orayopmalarning qisman qulagani haqida xabar berdi – ammo oltinchidan to‘qqizinchi qavatgacha. Gap bitta bino haqida ketyaptimi yoki yo‘qmi, bunisi aniq emas. Bundan tashqari, dron parchalari 16 qavatli turar joy binosiga tushib, 15-16 qavatlarda yong‘in keltirib chiqargan. Shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish stansiyasi va omborlar yaqinida avtomobillar yonib ketgan.

Darnitskiy rayonida to‘rt qavatli turar joy binosi shikastlangan: uchinchi va to‘rtinchi qavatlarda yong‘in ro‘y bergan, uchinchi qavat qisman vayron bo‘lgan.

Pechersk rayonida, Klichkoning xabariga ko‘ra, hukumat binosida ham yong‘in chiqqan. Telegram-kanallarda Ukraina hukumati a’zolari o‘tiradigan bino tomida yong‘in bo‘layotgani aks etgan kadrlar tarqalgan. Mamlakat bosh vaziri Yuliya Sviridenko «dushman hujumi natijasida birinchi marta hukumat binosi tomi va yuqori qavatlari shikastlangani»ni tasdiqlagan.

Ukraina politsiyasiga ko‘ra, hujum oqibatida Kiyevningda Svyatoshinskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli uyga zarba oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. «Xarobalar ostidan 32 yoshli ayol va uning ikki oylik o‘g‘lining jasadi chiqdi. Yana uchta ko‘p qavatli binoda ham yong‘in ro‘y bergan», deyiladi xabarda.

Oila boshlig‘i og‘ir tan jarohatlari olgan.

Vitaliy Klichko Darnitskiy rayonida ham bir keksa ayol hujum qurboni bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, Svyatoshinskiyda vayron bo‘lgan uy hududida yana qurbonlar aniqlanishi mumkin.

Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati boshlig‘i Timur Tkachenko shahar bo‘ylab zarba oqibatlarida yaralanganlar soni 20 nafarni tashkil etayotganini xabar qilgan.

Ukrainaning boshqa hududlari ham zarbalar ostida qolgan:

Kiyev oblasti. Xususiy uylar, omborlar, otxona shikastlangan (yetti ot nobud bo‘lgan). Tinch aholi vakillaridan bir nafari yaralangan.

Odessa. Ko‘p qavatli turar joy binosiga zarar yetgan: o‘t o‘chiruvchilar yuqori qavatdagi yong‘inni o‘chirishgan. Shuningdek, to‘qqiz qavatli uyda, omborxonalarda yong‘inlar sodir bo‘lgan, Sport saroyi shikastlangan. Uch kishi jabrlangan.

Kriviy Rih. Transport va shahar infratuzilmasi obektlari, korxona, ta’lim muassasasi, 10 ga yaqin ko‘p qavatli uylar, xususiy sektordagi uylar, savdo obektlari va garajlar shikastlangan. Uch kishi jarohatlangan.

Dnipro shahri va Dnipropetrovsk oblasti. Dniproda infratuzilma vayron bo‘lgan, oblast hududida Kriviy Rihdan tashqari, xususiy uylar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, issiqxona va xo‘jalik binolari shikastlangan. Ikki kishi halok bo‘lgan, bir kishi yaralangan.

Poltava oblasti. Fuqarolik infratuzilmasi obektlariga zarar yetgan, ishlab chiqarish binolarida yong‘inlar sodir bo‘lgan, elektr ta’minotida avariyaviy uzilishlar yuzaga kelgan. Kremenchug shahrida Dnipro daryosi ustidagi ko‘prik shikastlangan, kechuvdagi harakat to‘sib qo‘yilgan. «Ukrzalіznitsya» temiryo‘l infratuzilmasi shikastlangani haqida xabar bergan.

Zaporijjya oblasti. Zaporijjyada nomi aytilmayotgan binoga zarba kelib tushgan. Tsexlardan biri shikastlangan. Shuningdek, 16 ta ko‘p kvartirali uylar hamda 12 ta xususiy uy shikastlangan. Orixiv obshchinasida aviabomba zarbasi ikki kishi hayotiga zomin bo‘lgan.

Rossiyaning yopirilma hujumi vaqtida bombapanagohda yashirinayotgan ona va bola. Kiyev, 2025 yil 7 sentabr
Thomas Peter / Reuters / Scanpix / LETA

«Dunyo bu vayrongarchiliklarga nafaqat so‘z bilan, balki harakat bilan ham javob berishi kerak. Sanksiyalar bosimini kuchaytirish kerak – birinchi navbatda Rossiya nefti va gaziga. Kremlning harbiy mashinasiga zarba beradigan yangi cheklovlar kerak. Eng muhimi – Ukrainaga qurol kerak. Bu terrorni to‘xtatadi va Rossiyaning har kuni ukrainlarni o‘ldirishga urinishiga yo‘l qo‘ymaydi», – deydi Sviridenko.

Mavzuga oid