Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Barcha NNTlar 1 fevralgacha o‘tgan yildagi o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni adliya organlariga taqdim etishlari shart
Mamlakatimizni yanada demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chuqur islohotlar davomida aholi keng qatlamlari manfaatlarini qo‘llab-quvvatlaydigan turli fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlarining (NNT) jadal rivojlanishiga alohida e'tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, NNTlar faoliyatiga doir asosiy prinsiplarning Konstitutsiyamizda, qator qonunlarda mustahkamlab qo‘yilganligi ularning izchil rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
NNTlarning rivojlanishida, tom ma'nodagi mustaqilligi va erkinligini ta'minlashga qaratilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi, “Homiylik to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlar qabul qilingan bo‘lib, mazkur qonunlar fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy hayotdagi faolligini yuksalishida haqiqiy rag‘bat bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar shular jumlasidandir. Mazkur qonunlarning qabul qilinishi nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini yanada mustaxkamlanishiga va belgilangan tartibda jamoatchilik nazoratini olib borishlariga huquqiy sharoit yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 12 dekabrdagi PQ-2085-sonli “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorining qabul qilinishi davlatimiz tomonidan mamlakatimizdagi NNTlarga bo‘lgan yuksak e'tiborning ifodasi sifatida o‘zini namoyon etib, NNTlarga bir qator imtiyozlar yaratildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2014 yil 10 mart 57-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2013 yil 12 dekabrdagi PQ-2085-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi Qarori bilan “Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi. Shuningdek, NNTlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2015 yilning 4 iyun kuni “Nodavlat notijorat tashkilotlari tadbirlarini kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 177-mh-sonli, “Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan adliya organlariga taqdim etiladigan hisobot shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 178-mh-sonli buyruqlari qabul qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 mart kungi 57-sonli qarori qabul qilingunga qadar, NNTlar tomonidan adliya organlariga har chorakda, ya'ni bir yilda 4 marotaba hisobot taqdim qilinardi. Ushbu qaror bilan esa yilda bir marta hisobot taqdim etishi belgilandi. Shu bois barcha NNTlar tegishli adliya organiga yuqoridagi qarorga asosan, har yili 1 fevralgacha – o‘tgan yildagi o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni, shu jumladan faoliyatni moliyalashtirish manbalari va mablag‘larning sarflanishi to‘g‘risidagi deklaratsiyani, mavjud a'zolar soni to‘g‘risidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha taqdim etishlari shartligi belgilangan.
Shuningdek, qonun hujjatlarida NNTlar tomonidan hisobotlarni taqdim qilish tartibi va shartlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 239-moddasining beshinchi qismiga asosan nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etmasligi, o‘z vaqtida taqdim etmasligi yoki belgilanmagan shaklda taqdim etishi, o‘z faoliyati to‘g‘risida bila turib noto‘g‘ri ma'lumotlar taqdim etishi, xuddi shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining axborotni, shu jumladan ular tomonidan mol-mulk va pul mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risidagi tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etmasligi – mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Masalan, o‘tgan yil davomida adliya organiga o‘z vaqtida yoki lozim darajada hisobot topshirmagan 170 dan ortiq NNT mansabdor shaxslari ma'muriy javobgarlikka tortilgan. Xulosa o‘rnida shuni ta'kidlash lozimki, fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan NNTlar qonun hujjatlariga qat'iy rioya qilgan holda faoliyat ko‘rsatishlari lozim. Shu bilan birga, NNTlarning jamiyatda huquqbuzarliklarni oldini olish, sog‘lom muhitni shakllantirishda davlat tashkilotlari bilan birga hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishlari davlatimizning barqaror rivojlanishining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Adliya vazirligi mas'ul xodimi
J.Uzakov
Mavzuga oid
13:54 / 22.12.2025
Investitsiya vositachilari uchun xizmatlar va cheklovlar belgilandi
21:44 / 16.12.2025
Tadbirkorlik sohasidagi 1600 dan ortiq ma’muriy talab bekor qilinadi
08:42 / 12.12.2025
Adliya vazirligi feyk xat va havolalardan ogohlantirdi
10:48 / 25.11.2025