Iqtisodiyot | 13:54
425
3 daqiqa o‘qiladi

Investitsiya vositachilari uchun xizmatlar va cheklovlar belgilandi

Adliya vazirligida qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisining faoliyatiga oid nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat investitsiya vositachisining mijoz oldidagi majburiyatlari, axborot taqdim etish tartibi hamda taqiqlangan harakatlarni aniq belgilaydi.

Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan nizomga ko‘ra, investitsiya vositachisi — mijozning topshirig‘iga binoan, mijoz nomidan va uning hisobidan qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchisi hisoblanadi

Nizomda investitsiya vositachilari mijozlar bilan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishi, shu jumladan brokerlik va boshqa xizmatlarni amalga oshirishi nazarda tutilgan. Shuningdek, investitsiya vositachilari emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarning joylashtirilmagan qismini sotib olish majburiyatini olgan yoki olmagan holda emitent nomidan sotish bo‘yicha shartnoma tuzishi mumkin. 

Nizomda vositachining mijoz oldidagi qator prinsipial majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Xususan, mijoz topshiriqlarini halol va adolatli bajarish, topshiriqlarni tushgan vaqti bo‘yicha ijro etish, shuningdek bitimlarni mijoz manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirish talab etiladi. 

Nizom investitsiya vositachisiga bir qator harakatlarni qat’iy taqiqlaydi. Jumladan, mijozlarga qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilishdan daromadni kafolatlash, mijoz topshirig‘isiz uning qimmatli qog‘ozlari yoki mablag‘laridan foydalanish (shartnomada maxsus hollardan tashqari), shuningdek insayder/maxfiy axborotdan foydalanish va bozorda hiyla-nayrang ishlatish mumkin emas. 

Bundan tashqari, qimmatli qog‘ozlar va ularga doir narxlar haqida qasddan buzib ko‘rsatilgan axborot berish orqali sotib olishga yoki sotishga undash ham taqiqlangan. 

Nizomga muvofiq, mijozning talabiga binoan investitsiya vositachisi davlat ro‘yxatidan o‘tganlik hujjati, litsenziya ko‘chirma nusxasi, komissiya va yig‘imlar miqdori, qimmatli qog‘ozlar chiqarilishining davlat ro‘yxatidan o‘tganligiga doir axborot kabi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak. 

Eslatma: amaldagi tartibda avvalgi me’yoriy hujjatlar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda — xususan, 2002 yilda tasdiqlangan tegishli nizom 2025 yil 24 dekabrdan davlat reyestridan chiqarilgani qayd etilgan. 

Mavzuga oid