O‘zbekiston | 08:58 / 03.01.2022
14493
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat bog‘chalarida uch turdagi guruhlar tashkil etiladi

2022 yil yakuniga qadar 6 yoshli bolalarni maktabgacha tayyorlov tizimi bilan qamrab olish darajasini 90 foizga yetkazish mo‘ljallanmoqda. Bu 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasida belgilangan.

Foto: Fotolia

Qayd etilishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida quyidagi guruhlar tashkil qilinadi: to‘liq kunlik guruhlar; qisqa muddatli guruhlar; majburiy bepul tayyorlov guruhlari.

Maktabgacha ta’lim tizimiga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish orqali yangi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etiladi. 2022 yilda davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi 1300 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish ham ko‘zda tutilgan. Bog‘cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimi joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim tizimi xodimlarining malakasini oshirish shakl va metodikalari xalqaro tajriba asosida qayta ko‘rib chiqiladi.

Hududlarda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining kredit-modul tizimiga asoslangan uzluksiz malaka oshirish tizimi joriy etiladi. Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruv kadrlari zaxirasini maqsadli o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid