Mahr – ayolning haqi. Uning miqdori qancha va qanday ado qilinadi?
Nikoh – mo‘minning hayotidagi muqaddas rishta. Bu jarayonda kuyovning kelinga mahr berishi esa amalga oshirilishi farz hisoblangan amallardir. Bu orqali birgalikdagi hayoti davomida erkakning ayolga nafaqa qilishi lozimligi uqtiriladi. Xo‘sh, ayollar o‘zlariga beriladigan mahr haqida nimalarni biladi?
Kun.uz mahrning nima ekanligi va unga nima berilsa joizligi yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazdi. Tabiiyki, bu jarayonda turmush qurganlarga savol berildi va natijalarga ko‘ra mahrni ko‘proq sovg‘a deb tushunadigan ayollar ko‘pchilikni tashkil qildi. Ba'zilar buni nikoh paytida eshitishganini aytishdi. Mahr haqida umuman bilmaydigan ayollar ham uchradi. Shundan kelib chiqqan holda bu masalada bilimga ega bo‘lgan zamondoshlarimizdan ham fikr so‘radik.
Odinaxon Muhammad Sodiq, olima:
– Mahr bu ayol va erkak o‘rtasida aqdi nikoh qilingan paytda kelinga beriladigan moliyaviy haq hisoblanadi. U ayol kishining haqqidir. Qur'oni Karimda 4 o‘rinda uni berishga buyruq qilingan. Payg‘ambarimiz s.a.v ham «Mahr berish uchun bir temir uzuk bo‘lsa ham topgin», deya uylanadigan kishiga mahr berishga buyruq qilganlar.
Mahrni kuyov beradi – uning ota-onasi emas. Bu bilan unga oilaboshilik mas'uliyati anglatiladi. Mahr miqdorining eng kami 4,25 gramm tillaga tenglashtiriladi. Shu qiymatdan tushmasligi kerak. Eng ko‘pining esa chegarasi yo‘q: hisobsiz mol-mulk bo‘lishi ham mumkin.
Turmush quradigan yoshlarimizga mahr berish va olish farzi haqida ta'limot berilishi lozim. Yigitlarga zimmasidagi mahr berish, qizlarimizga mahr talab qilish huquqlari, miqdori haqida anglatish kerak bo‘ladi. Hozirgi paytda bu masalani ko‘pchilik yaxshi anglamayapti. Buni nikoh paytida yoshlarga anglatish imom-domlalarning vazifasiga kiradi. Nikoh paytida kelinda hayajon yoki uyat hissi tufayli buni so‘ray olmasligi mumkin. Shunday vaziyatda uning otasi yoki aka-uka, yaqinlaridan biriga bu vazifa yuklatiladi. Kelinning nomidan mahr miqdorini e'lon qilib, talab qilishlari joiz bo‘ladi.
Mahr berilish muddatiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: mu'ajjal, ya'ni tezlatib beriladigan mahr va muajjal, ya'ni keyinroq beriladigan mahr. Kelishilgan mahrning bir qismini to‘y paytida berish, qolganini vaqt o‘tib aytilgan muddatida berish mumkin. Ayniqsa hozir bu muddatni guvohlar ishtirokida kelishib olish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Boshqa qarzlar kabi mahr ham erkakning zimmasida to vafotiga qadar turaveradi.
Mahrga qo‘lga kiritiladigan mol-mulk berilishi vojib bo‘ladi: u tilla, pul uy-joy bo‘lishi mumkin. Ma'naviy narsalar mahr sifatida berilmaydi – ular mahr bo‘la olmaydi, chunki ular qo‘lga kiritiladigan mulk emas. Agar uy-joydan ma'lum xonalar ajratib berilsa, o‘sha xona uning mulki hisoblanadi. Agar sabablarga ko‘ra turmush davom etmaydigan bo‘lsa, o‘sha joy uning mulkidir, istasa kirib yashashi, istasa uning qiymatini so‘rab, hisoblab haqqini olishi mumkin. Er-xotin bo‘lib yashagandan keyin qanaqa ayb bilan ajrashgan taqdirda ham ayol mahrini olishi shart. Avvallari bu qozilar orqali hal qilingan. Islomiy davlatlarda bu qonunga kiritilgan: erkak kishi mahrni aytilgan vaqtda bermasa tegishli tartibda qonunan hal qilinadi. Bizda ko‘pincha imom-domlalarga murojaat qilinadi.
Sayyid Ahmad Saydaraliyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo bo‘limi mutaxassisi:
– Mahr masalasi Islom shariatida juda muhim masalalardan biri ekanligiga uning aynan Qur'oni Karimda zikr qilinishi kifoya qiladi. Niso surasida «Modomiki nikoh bilan ayollardan foydalanar ekansiz, ularning belgilangan, o‘lchangan mahrlarini berib qo‘ying» deyilgan. Afsuski oxirgi paytda bu masala ancha oqsab qoldi. Ko‘p holatda shunchaki nikoh paytida bir sidra zikr qilinadi, ammo amalda hech narsa qilinmaydi. Uni bir eslab o‘tiladi, keyin esa ayol kishi kechib yuboradi degan fikr paydo bo‘lib qoldi. Ayollar o‘zining mahr degan haqqi borligini, uni chin ko‘ngildan olishlari mumkinligini sezmagan, bilmagan holatlar ko‘p. Hatto mahr nima ekanligini bilmaydigan ayollar qancha. Mahr bu ayol kishining haqqidir. Unga berayotgan narsamiz bevosita o‘zining tasarrufida bo‘lishi kerak. Oilada, ijtimoiy holatda ishlatiladigan narsa bo‘lmasligi kerak. Masalan, kir evish mashinasi, televizor yoki mebel kabilar bo‘lmasligi kerak. Mahrning miqdori bugungi kunda 1,5-2 mln atrofida bo‘lishi kerak. Bu eng kam mahr miqdori hisoblanadi. Bundan kam bo‘lmasligi lozim, ko‘pining chegarasi yo‘q.
Gulchehra Matkarimova, yuridik fanlar doktori:
– Bugun nikohga kirishish jarayonida erkak va ayol munosabatlariga ahamiyat berilmay qo‘ydi. Hammaning xayolida faqat to‘y qilish. Nikoh shartnomasi mahrning zamonaviy ko‘rinishi hisoblanadi. Bu bizga Yevropadan kirib kelmagan. Oldin ham O‘rta Osiyo halqlarida nikoh shartnomasi mavjud bo‘lgan. Mahr ham bekorga kiritilmagan. Bu ayolni himoya qiladigan mexanizm. O‘sha ayolning turmushi buziladigan yoki eri vafot etadigan holatlarda ayolni himoya qilish. Mahr berishdan qochish juda yomon holatlarga olib kelmoqda. Nikoh shartnomasi tuzishni, mahr berishni istashmaydi. Ayrimlar kelinni uyiga ro‘yxatga qo‘yishni istamaydi, oqibatda farzandlari bilan ko‘chada qolish holatlari ro‘y beradi.
Yaqinda bir yoshgina taqvodor kelin murojaat qildi. Turmush o‘rtog‘i juda katta qori yigit ekan. Buni qarangki, mahrida hech narsa yo‘q. Shunday bilimli, hamma narsani tushunadigan insonlar o‘rtasida mahr munosabatlariga jiddiy qaramas ekan, oddiy dunyoviy insonlardan nima talab qilamiz?
Demakki, Islom ma'rifatini singdirishimiz kerak, uni tarqatishdan charchash kerak emas. Masalan, Fransiyada bunday darslar kiritilgan, bizga ham kerak shu narsa. Tarbiya kabi darslarda o‘rgatishimiz lozim. Dinshunos emasman, lekin ota-bobolarimiz mahrni qanday berilishi haqida singdirishgan bizga. Biz ham bolalarimiz ongiga singdirib borish, uni odatga aylantirishimiz kerak.
Hozirda Oila kodeksi yangidan ishlandi, nazarimda bu kodeksda mana shu masalalarniyam inobatga olish kerak. Yoki buning majburiyat hissini, mas'uliyatini ko‘tarishimiz kerak. Chunki ayollar mulksizligi jamiyatga juda katta zarar keltiryapti. Bu masala ustida dinshunos olimlarimiz, deputatlarimiz ishlashi kerak. Mahrni odatga aylantirish, mas'uliyat yukini yuqoriga ko‘tarish lozim. Agar bunga yuridik shakl berish imkoni bo‘lsa uni kiritish yoki bunga imkon bo‘lmasa, bolalarimiz ongiga singdirish, tarbiyalashda e'tiborni kuchaytirishimiz kerak.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi
Mavzuga oid
11:28 / 22.07.2024
Nikohlanuvchilar qanday tibbiy ko‘riklardan o‘tishi kerak?
10:02 / 08.07.2024
Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi
15:47 / 23.04.2024
“Nikohni bekor qilish ishi odamni bezdiradi, ammo hayotning haqiqatlari oldida jimman” – sudya iqrori
11:39 / 25.03.2024