O‘zbekiston | 15:42 / 06.09.2022
12345
2 daqiqa o‘qiladi

Kundalik tizimiga obuna bo‘lish ixtiyoriy sanaladi - XTV

Kundalik.com tizimiga obuna bo‘lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Foto: nuz.uz

Qayd etilishicha, Kundalik.com raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, o‘qituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, o‘quvchilar davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalik elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qo‘lda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflanishi oldi olinadi. 

Bildirilishicha, mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, o‘qituvchi vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Rivojlangan mamlakatlar o‘qituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin.

Kundalik.com loyihasi to‘liq investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun budjet mablag‘lari sarflanmaydi.

Mazkur elektron kundalik narxi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qog‘oz kundalik narxiga mos tarzda belgilangan. 2020 yilda uning yillik obuna narxi (365 kun) 9200 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 8600 so‘mni, 2022 yilda 8000 so‘mni tashkil etmoqda.

Ta’kidlanishicha, Kundalik.com tizimi ota-onalar uchun qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, onlayn tarzda farzandlari darsga qatnashayotgani, darsni qay darajada o‘zlashtirib borayotgani, ertangi kungi uy vazifalari xususida tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid