O‘zbekiston | 08:01 / 02.04.2021
8643
3 daqiqa o‘qiladi

Masdar O‘zbekistonda birinchi shamol elektr stansiyasi qurishni boshladi va uning loyihaviy quvvatini kengaytirish to‘g‘risida bitim imzoladi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

1 aprel kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha yetakchi xalqaro kompaniyalardan biri bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarining Masdar kompaniyasi tomonidan Navoiy viloyati Zarafshon shahrida shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida Masdar kompaniyasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Energetika vazirligi o‘rtasida qurilayotgan elektr stansiyasi loyihaviy quvvatini 500 MVt.dan 1,5 GVt.gacha oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.

Sardor Umrzoqov o‘z nutqida Masdar O‘zbekiston va BAAni bog‘lovchi mustahkam ko‘prikka aylanishi va u orqali O‘zbekistonda faoliyat olib borish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining yangi kompaniyalari kirib kelishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Masdar kompaniyasi O‘zbekiston hukumati bilan Navoiy viloyati Zarafshon shahrida quvvati 500 MVt bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiqish, uni qurish va foydalanish bo‘yicha ikki tomonlama bitim imzoladi. Stansiya kompaniyaning muqobil energetika sohasida mintaqadagi ikkinchi loyihasi bo‘ladi.

Dastlab 600 mln dollarga baholangan loyiha kengaytirilgandan so‘ng qariyb 1,8 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishi kutilmoqda.

Loyiha quvvatining 1,5 GVt.ga oshirilishi kelgusida O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan shamol elektr energiyasi miqdorini 3 GVt.ga yetkazish va muqobil energiya manbalarining mamlakat umumiy energiya balansidagi ulushini 26 foizga yetkazishga imkon beradi.

Zarafshon shahridagi shamol elektr stansiyasi 2024 yil oxirigacha tijoriy foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 500 MVt quvvatga ega loyiha 500 000ta xonadonga yetarli hajmda elektr energiyasi ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 mln tonnaga kamaytirishni ta'minlab berishi ko‘zda tutilgan edi. Endilikda bu raqamlar 1,5 million xonadon va 3,3 mln tonna karbonat angidridga ko‘payadi.

Mavzuga oid