Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh tez orada Eron bilan tinchlik bitimi e’lon qilishi mumkin
AQSh prezidenti Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni nazarda tutadi.
AFP via Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuv yaqinligi va tafsilotlar tez orada e’lon qilinishini aytdi. U kelishuv Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishni nazarda tutishini aytdi, biroq tafsilotlarni oshkor qilmadi.
Shanba kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy davlat televideniyesi efirida so‘nggi haftada AQSh va Eron pozitsiyalari yaqinlasha boshlaganini aytdi, biroq bu asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini anglatmasligi haqida ogohlantirdi va Amerika tomonini «ziddiyatli bayonotlar» berishda aybladi.
Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va boshqa davlatlar rahbarlari bilan «Tinchlikka oid o‘zaro anglashuv memorandumi» bo‘yicha «juda samarali suhbat» o‘tkazganini yozdi.
«Umuman olganda kelishib olingan va Amerika Qo‘shma Shtatlari, Eron Islom Respublikasi va ro‘yxatda keltirilgan boshqa bir qator davlatlar tomonidan yakuniy tasdiqlovni kutmoqda», – dedi Tramp.
«Hozirda bitimning so‘nggi tafsilotlari muhokama qilinmoqda, ular tez orada e’lon qilinadi», – deya qo‘shimcha qilgan u.
U, shuningdek, shanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatlashgani va bu muloqot «juda yaxshi o‘tgani»ni aytdi.
Prezident kelishuv tafsilotlarini oshkor qilmadi, biroq har qanday kelishuv Eronning yadro quroliga ega bo‘lish imkoniyatini butunlay istisno qilishini ta’kidladi.
«Men faqat biz istagan hamma narsani olgan taqdirmizdagina kelishuvga imzo chekaman, – dedi u. – Biz bitim tuzamiz yoki shunday vaziyat bo‘ladiki, hech bir mamlakat hali bunday kuchli zarbaga duch kelmagan».
Shanba kuni davlat televideniyesi efirida chiqish qilgan Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy ham «o‘zaro anglashuv memorandumi» haqida gapirib, Eron «14 banddan iborat hujjat shaklida» kelishuvga erishish niyatida ekanini ta’kidladi.
Baqoiy memorandum ustidagi ishlar yakuniy bosqichga yaqinlashayotgani, shundan so‘ng 30-60 kun ichida muzokaralarning yangi raundlari o‘tkazilishi mumkinligini, «bu esa yakuniy kelishuvga erishish imkonini berishi»ni ta’kidladi.
Bu vaqtda esa AQSh davlat kotibi Marko Rubio ehtiyotkorona optimizm bilan fikr bildirgan.
Hindistonga tashrifi chog‘ida u BBC muxbiriga yaqin bir-ikki kun ichida yangilik paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi, ammo yuz foiz kafolat bermadi. Rubio, shuningdek, AQShning Eron yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi pozitsiyasini ta’kidlab, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish yo‘lini Eron tomonidan bojlarsiz ochish zarurligini aytdi.
U mamlakat o‘zining yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini ham topshirishi kerakligini qo‘shimcha qilgan.