Sport | 09:33 / 23.02.2026
3515
5 daqiqa o‘qiladi

Veronada qishki Olimpiya o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi

2026 yilgi o‘yinlarning rasmiy yopilish marosimi Italiyaning Verona shahridagi qadimiy amfiteatrda o‘tkazildi. Tomoshani turli baholarga ko‘ra 8–12 ming nafar tomoshabin kuzatdi. Olimpiya bayrog‘i 2030 yilgi qishki o‘yinlarni qabul qiladigan Fransiyaga topshirildi.

Foto: Mixail Tereshchenko/TASS

Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlarida bo‘lib o‘tgan 25-qishki Olimpiya o‘yinlarining yopilish marosimi Veronadagi Arena di Verona’da — milodiy taxminan 30 yillar atrofida qurilgan Rim amfiteatrida yakshanba, 22 fevral kuni kechqurun bo‘lib o‘tdi. Turli baholarga ko‘ra, “Go‘zallik amaliy harakatda” (Beauty in Action) shiori ostida o‘tgan marosimni tribunalardan 8–12 ming nafar tomoshabin kuzatgan. Sportchilar paradida esa taxminan 1,5 ming nafar olimpiadachi — o‘yinlarda qatnashganlarning yarmidan sal ko‘prog‘i ishtirok etdi.

Ikki yarim soat davom etgan xayrlashuv marosimi italyan operasiga, shuningdek ham klassik, ham zamonaviy raqslarga bag‘ishlandi. Barchasi “Operadagi tun” nomli qisqa metrajli filmdan boshlandi: unda Juzeppe Verdining “Aida” va “Rigoletto” operalari qahramonlari ko‘rsatildi. Keyin bu personajlar arenada paydo bo‘lib, go‘yo “jonlandi”. Marosimda, jumladan, italyan qo‘shiqchisi Akille Lauro, dijyey Gabri Ponte va balet artisti Roberto Bolle ham ishtirok etdi.

Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS

Veronada hayvonlarga zarari sababli feyyerverklar taqiqlangani uchun marosimda feyyerverk o‘rniga yorug‘lik shousi namoyish etildi. Tashkilotchilar umuman olganda o‘z maqsadlaridan biri sifatida “tarixdagi eng ekologik o‘yinlar”ni o‘tkazishni atagan.

Sportchilar paradida Olimpiadada qatnashgan barcha 92 mamlakat vakillari bor edi. Germaniya bayrog‘ini chanachilar Tobias Vendl va Tobias Arlt ko‘tarib chiqdi: ularning har biri bittadan oltin (estafetada) va bittadan bronza medalini (juftlikda) qo‘lga kiritgan. Biroq Olimpiadada bellashgan 185 nemis atletidan marosimda atigi 18 nafari ishtirok etgan.

Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS

O‘yinlarda neytral bayroq ostida qatnashgan rossiyalik sportchilar ham paradda ishtirok etdi. 13 nafar rossiyalikdan marosimda besh nafari bo‘lgan: chang‘ichilar Saveliy Korostelev va Darya Nepryayeva, figurali uchish sportchilari Pyotr Gumennik va Adeliya Petrosyan, shuningdek alpinist Nikita Filippov. Oxirgisi yagona mukofotni olgan rossiyalik bo‘ldi: u kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Neytral bayroq ostidagi atletlarning paradda paydo bo‘lishi kutilmagan holat bo‘ldi, chunki oldinroq Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (MOQ) kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Mark Adams bunday sportchilar bu tadbirda ishtirok eta olmasligini aytgan edi.

Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS

Marosim davomida Milan va Kortina-d’Ampetsso shaharlari merlari O‘yinlar bayrog‘ini MOQ prezidenti Kirsti Koventriga topshirdi, u esa o‘z navbatida bayroqni Fransiyaning Provans — Alplar — Lojuvard sohil hamda Overn — Rona — Alp mintaqalari rahbarlariga berdi. Keyingi qishki Olimpiada 2030 yilda aynan shu hududlarda o‘tkaziladi.

Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS

Koventri o‘tgan o‘yinlarni “chindan ham sehrli” deb atadi. “Siz qishki o‘yinlarning yangi turini tashkil etdingiz va kelajak uchun yangi standart belgiladingiz”, — dedi u. Olimpiada tashkiliy qo‘mitasi rahbari Jovanni Malago esa bu sport bayramini “ikki haftadan keyin” yana “takrorlash”ga va’da berdi — 6 mart kuni ochiladigan Paralimpiya o‘yinlarida.

Marosim oxirida Olimpiya olovi ikki joyda o‘chirildi: Milandagi Tinchlik arkasida (Arco della Pace) va Kortina-d’Ampetsso shahridagi Dibona maydonida (piazza Dibona). Veronadagi marosim 6 fevral kuni Milandagi “San-Siro” futbol stadionida bo‘lib o‘tgan ochilish marosimiga qaraganda ancha kamtarona muhitda o‘tdi. O‘shanda Merayya Keri va Andrea Bochelli chiqish qilgan tadbirga 60 mingdan ortiq tomoshabin yig‘ilgan edi.

Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS
Foto: AP/TASS

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid