O‘zbekiston | 12:37 / 26.01.2023
8455
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda savdo markazlari, ko‘ngilochar majmualar va istirohat bog‘lari odatiy ish rejimiga qaytyapti

15 yanvardan beri O‘zbekiston poytaxtida ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari, savdo-ko‘ngilochar majmualari va istirohat bog‘lari soat 10:00 dan 17:00 gacha ishlayotgan edi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda kuzatilgan anomal sovuq ob-havo kunlari Toshkent shahridagi oziq-ovqat do‘konlari va umumovqatlanish korxonalaridan tashqari barcha savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ko‘ngilochar savdo markazlari va istirohat bog‘lari vaqtincha qisqartirilgan ish rejimiga o‘tkazish tavsiya etilgan edi.

Shahar hokimligi buni aholi xonadonlariga elektr energiyasi va gaz ta’minotini uzluksiz yetkazish maqsadi bilan izohlagan.

"Bugungi kunda havo harorati yaxshilanayotganligi va holat barqarorlashayotganligi bois yuqoridagi barcha korxonalar doimgidek ish rejimida faoliyat olib borishlari mumkin", deyiladi hokimlikning 26 yanvar kungi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 15 yanvar kuni shahar hokimligi soat 17:00 dan boshlab barcha savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari, ko‘ngilochar majmualar va istirohat bog‘lari yopilishini xabar qilgan edi.

Shu bilan birga, oziq-ovqat do‘konlari, kafe va restoranlar odatdagidek rejimda ishladi.

Avvalroq shahar hokimligi elektr tarmog‘idagi yuklamani kamaytirish va markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimidagi haroratni oshirish maqsadida ko‘p qavatli uylarning issiq suv ta’minoti tizimidagi haroratni kamida uch kun muddatga vaqtincha pasaytirishga majbur bo‘lishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid