O‘zbekiston | 00:45 / 26.12.2020
86665
6 daqiqa o‘qiladi

«Hu anavi yigit so‘zga chiqsin, tayyorlanmaganga o‘xshaydi» - Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvi qanday o‘tdi?

Hayotda endigina o‘z yo‘lini izlayotgan, har imkoniyatga umid bilan qarayotgan yoshlar uchun prezident bilan uchrashuv – katta voqea. Ana shu voqea 25 dekabr kuni Toshkentdagi «Humo arena»da bo‘lib o‘tdi.

Foto: KUN.UZ

Shavkat Mirziyoyev forum doirasida yoshlar bilan uchrashib, muloqot qildi. Uchrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolar yechimiga oid rejalar bayon qilindi, vazifalar belgilandi.

Avvaliga e’lon qilingan yangiliklarning ayrimlarini sanab o‘tsak:

  • Ikki va undan ortiq farzandi oliy o‘quv yurtida shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu kreditlarni yoshlar OTMni bitirib, ishlashni boshlaganlaridan keyin uzishi mumkin bo‘ladi.
  • 2021 yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etiladi. Hozirgi Prezident stipendiyasi faqat bir o‘quv yili uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ushbu grant mablag‘lari to‘rt yil davomida to‘lab boriladi.
  • IELTS, TOEFL, GMAT va SAT kabi imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
  • Hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi topshirildi.
  • Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.
  • Jamg‘arma yoshlarning loyihalarini qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.
  • Kasb-hunar hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratiladi. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi. Bu maqsadlar uchun 2021 yilda 45 million dollar ajratiladi.
  • Toshkent shahrida zamonaviy muhtasham kutubxona barpo etiladi va bu ma’rifat saroyi ilm-fanning so‘nggi yutuqlari asosida jihozlanadi.
  • Maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida «Bo‘lajak olim» tanlovini tashkil qilish orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalariga 50 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

«Bir soniya ham vaqtingiz bekor o‘tmasin! Yoshlik – umrning eng bebaho davri. Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!

Sizlar – mustaqillik farzandlarisiz. Ota-bobolaringiz ko‘rgan to‘siq va qiyinchiliklarni ko‘rmay, ozod Vatanda erkin nafas olib, voyaga yetyapsizlar. Yuksak maqsadlar yo‘lida siz – yoshlar hal qiluvchi kuch bo‘lishingiz kerak. Men sizlarning zimmangizga yuklangan ana shunday ulkan mas’uliyatni, tom ma’nodagi tarixiy vazifani sharaf bilan ado etishingizga qat’iy ishonaman», – dedi prezident yoshlarga qarata.

Ma’ruzadan so‘ng davlat rahbari yoshlar bilan bevosita muloqot qildi.

Tadbirda kutilmagan, qiziqarli holatlar ham kuzatildi. Masalan, Navoiy viloyatidagi yoshlardan biri minbarga chiqish arafasida turganida eng oxirgi qatorda o‘tirgan yigit qo‘l ko‘targani ko‘rindi. Prezident hokim va minbarga chiqishga tayyorlanayotgan nomzodni to‘xtatib, o‘sha yigitni chaqirishlarini so‘radi va shunday dedi:

– Hu o‘sha, orqadan qo‘l ko‘targan yigit so‘zga chiqsin. Tayyorlanmaganga o‘xshaydi.

Bu so‘zlar butun ishtirokchilarning tabassumiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, so‘zga chiqqan yigitning taklifi (u hayajon tufayli negadir «talab» deb atadi, prezident kulib qabul qildi) g‘ayrioddiyligi bilan ko‘pchilikni hayratga soldi:

– O‘zim Nurotadanman. Bizda tarixiy joylar juda ko‘p, lekin tarixiy filmlarimiz kam. Haligacha 40–50 yil avval olingan filmlarni tomosha qilamiz. Taklifim, tarixiy serial olinsa va men shunda bir rol ijro etsam.

Davlat rahbari bu taklifni qabul qilishini va bu yigitga albatta rol berilishini mutasaddilarga tayinladi.

Samarqand viloyatidan so‘zga chiqqan qiz esa juda esda qolarli taklif bildirdi.

– Ma’lumki, tarixiy darsliklarimizda ma’lum davrlarga nafrat ruhida yozilgan mavzular ko‘p uchraydi. Aslida darslik faqat xolis axborot yetkazish bilan shug‘ullanishi lozim, – dedi u.

Prezident bu taklif bo‘yicha ham batafsil tushuntirish berdi va darsliklarni yaratish, umuman ta’lim tizimini zarur adabiyotlar bilan ta’minlash hamisha diqqat markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.

So‘zga chiqqan yoshlardan biri o‘z ijodiy faoliyati haqida so‘zlab berayotganida, davlat rahbari yonida o‘tirgan Toshkent shahar hokimiga qarata: «Ko‘rdingmi, qanday yoshlarimiz bor?!» degan so‘zlari o‘rtada turgan mikrofon orqali butun zalga eshitilib ketdi.

Yoshlar forumida esda qolarli daqiqalar anchagina ko‘p bo‘ldi. Eng muhimi, bu jarayon faqatgina ma’lum kampaniya doirasida bo‘lmasligi, yoshlar bilan ishlash muntazam va tizimli olib borilishi kerakligi ta’kidlandi.

Abror Zohidov
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid