O‘zbekiston | 08:53 / 15.09.2020
4867
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash tartibi tasdiqlanadi

Tartib O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini to‘g‘ri aniqlanishini belgilab beradi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash to‘g‘risidagi tartibni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Bojxona hududiga olib kiriladigan tovarning bojxona qiymati tovarning bojxona qiymatini aniqlash usullaridan biri orqali aniqlanadigan va bojxona to‘lovlarini hisoblash maqsadida foydalaniladigan tovar qiymatidir.

O‘zbekiston Respublikasida qo‘llaniladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlanishi xalqaro amaliyotda foydalaniladigan umumiy tamoyillarga hamda O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari qo‘llaydigan xavfni boshqarish tizimiga asoslanadi.

Tovarning bojxona qiymati bojxona qiymati deklaratsiyasi (BQD) to‘ldirgan holda tovarlarni deklaratsiyalashda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan bojxona organiga ma'lum qilinadi.

Tovarning bojxona qiymati bojxona qiymatini aniqlashning keltirilgan usullariga muvofiq deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan ma'lum qilinadi.

Bojxona organi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tanlangan tovarning bojxona qiymatini aniqlash usulining va ma'lum qilingan bojxona qiymati hisoblab chiqarilishining to‘g‘riligini nazorat qilishni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 319-moddasiga muvofiq amalga oshiradi.

Olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlash quyidagi usullarni qo‘llash orqali amalga oshiriladi:

olib kiriladigan tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha (1-usul);

aynan bir xil tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha (2-usul);

o‘xshash tovarga doir bitimning qiymati bo‘yicha (3-usul);

qiymatlarni chegirib tashlash asosida (4-usul);

qiymatlarni qo‘shish asosida (5-usul);

zaxira usul (6-usul).

1-usul olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashning asosiy usuli hisoblanadi.

Agar olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashning 1-usulini qo‘llash mumkin bo‘lmasa, Tartibning 8-bandi uchinchi — yettinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan usullar ketma-ketlikda qo‘llaniladi. Bunda har bir keyingi usulning qo‘llanilishiga, agar bojxona qiymatini aniqlashda oldingisidan foydalanish mumkin bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi. 4 va 5-usullar teskari ketma-ketlikda qo‘llanilishi mumkin.

1-usul qiymatli asosga ega bo‘lgan tashqi savdo bitimlariga muvofiq olib kiriladigan tovarning bojxona qiymatini aniqlashda qo‘llaniladi.

2- va 3-usullar ilgari 1-usul bilan aniqlangan aynan bir xil yoki o‘xshash tovarlarga doir bitim qiymatidan bojxona qiymatini aniqlash uchun asos qilib olinadigan baza sifatida foydalanishga asoslangan. Bunda deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan amalda mavjud bo‘lgan tashqi savdo bitimlarining narxi va tovarlarning O‘zbekiston Respublikasi chegarasi orqali olib o‘tilishi to‘g‘risidagi hujjatlar asosida tasdiqlangan ma'lumotlarni qo‘llaydi.

4- va 5-usullar bojxona qiymatini hisoblab chiqarishning tubdan boshqacha asosni nazarda tutadi:

4-usul tovarlarning dastlabki holati o‘zgarmagan holatda (yoki qayta ishlangan holatda, agar qayta ishlanganlik holati tovarlarning narxiga ta'sirini aniqlash mumkin bo‘lsa) sotiladigan narxga asoslanadi;

5-usul tovar eksportyor mamlakatda ishlab chiqarish va olib chiqish uchun ketgan xarajatlar to‘g‘risidagi axborotlarga asoslanadi.

Mazkur usullarning qo‘llanilishi uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni olish muayyan qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli ularning qo‘llash ketma-ketligi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan o‘zgartirilishi mumkin.

6-usul o‘zidan oldingi usullardan hech birini qo‘llash imkoniyati mavjud bo‘lmaganda qo‘llaniladi. Ushbu usul bo‘yicha bojxona qiymati bojxona organlarida mavjud bo‘lgan narx ma'lumotlari asosida aniqlanadi. Bojxona organlari BQDda mavjud bo‘lgan axborotlarni yig‘ish, umumlashtirish va tizimlashtirishni ta'minlaydi.

Agar bojxona organi tovarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda aniqlaydigan bo‘lsa, u 1 — 5-usullarning shartlarini qo‘llashda bir muncha qayishqoqlikni nazarda tutuvchi 6-usuldan foydalanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid