Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Siti» Madridda 3 ta, «Chelsi» Parijda 5 ta gol o‘tkazdi. Kun o‘yinlari
Hujumchi yo‘qligida hujumchiga aylangan Valverde «Siti» himoyachilarini manekenga aylantirdi. «Chelsi» bosh murabbiyi esa «Tottenhem»dagi hamkasbining xatosini takrorladi, «Arsenal» Germaniyadan durang bilan qaytdi, «Budyo-Glimt» ertagi davom etadi.
Foto: Reuters
«Real» – «Manchester Siti» 3:0
Gollar: Valverde, 20 (1:0). Valverde, 27 (2:0). Valverde, 42 (3:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Vinisius Junior, 58’
«Real»: Kurtua, Ryudiger, Hausen, Mendi (Garsiya, 46), Aleksandr-Arnold (Karvahal, 83), Tshuameni, Pitarch (Mastantuono, 76), Arda Guler (Kamavinga, 70), Valverde, Vinisius Junior, Dias (Manuel Anxel, 76)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Geyi, O`Rayli, Husanov, Rodri, Bernardu Silva (Ayt Nuri, 70), Doku, Savio (Reynders, 46), Holand (Marmush, 82), Semenyo (Sherki, 70)
Ogohlantirishlar: Donnarumma, 57. Ayt Nuri, 82
Chempionlar ligasi klassikasiga aylangan «Real» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi o‘yinda muxlislar bu safar ham yorqin futbol tomosha qilishdi. Madridliklar jarohatlar tufayli Mbappe, Bellinghem, Rodrigo, Militao, Alaba, Karreras va Kamavinga kabi yetakchi futbolchilaridan foydalana olmaganiga qaramay, nomdor raqibga qarshi o‘yinda yirik hisobda g‘alaba qozonishni uddalashdi.
O‘yinni «Siti» faolroq boshladi, chap qanotda Doku bir necha bor Trentni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Belgiyalik vinger 17 daqiqa ichida uni uch marta muvaffaqiyatli aldab o‘tdi.
Ammo 20-daqiqada o‘yin kartinasi butkul o‘zgarib ketdi. Kurtua darvoza oldidan uzun pas berdi.

O‘ng qanotda oldinga tashlangan Federiko Valverde bir harakat bilan Niko O'Raylini ortda qoldirdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi.

Donnarumma oldinga chiqib keldi, ammo xavfni bartaraf eta olmadi, urugvaylik yarimhimoyachi to‘pni uning yonidan olib o‘tdi va bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi.

Yetti daqiqa o‘tib u markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi va ikkinchi golni urdi: Vinisius himoya chizig‘ini kesib o‘tuvchi pas berdi, Ruben Diash to‘pni to‘sa olmadi, himoyachilar ortiga ochilgan Valverde esa Geyidan ildamroq harakat qildi va Donnarummaga imkon qoldirmadi.

Shundan keyin «Siti» futbolchilari orasida tushkunlik yuzaga keldi, o‘yinning dastlabki qismidagi faollikdan asar ham qolmadi. Bo‘lim oxirida esa uchinchi gol o‘tkazib yuborildi. Chap qanotda Vinisius oldinga tashlandi, unga xalal berishga uringan Husanov yiqilib tushdi va hujum muvaffaqiyatli davom ettirildi, bu hujum yakunida avvaliga Dias to‘pni Ruben Diashning ustidan oshirib tashladi.

Keyin Valverde bu fintni Geyiga nisbatan ishlatdi va ikkinchi teginishda to‘pni darvozaga kiritdi – 3:0.

Ikkinchi bo‘limda Gvardiolaning almashtirishlar orqali burilish yasashga urinishlari behuda ketdi, mezbonlar bu ustunlikni saqlab qolishdi. Agar bir haftadan keyin «Etihad»da ham bu ustunlikni saqlab qola olishmasa, «Real» futbolchilari Valverdega nisbatan nohaqlik qilgan bo‘lishadi.
«Bayyer» – «Arsenal» 1:1
Gollar: Andrix, 46 (1:0). Havers, 89 – penalti (1:1).
«Bayyer» Blasvih, Kuansa, Andrih, Terriyer (Hofmann, 81), Tapsoba, Poku, Grimaldo, Garsiya, Palasios (Fernandes, 81), Maza (Tilman, 74), Kofane
«Arsenal»: Rayya, Timber, Saliba, Gabriel, Inakpiye, Rays, Subimendi, Eze (Jyezus, 82), Saka (Madueke, 60), Martinelli, Yokeresh (Havers, 74).
Ogohlantirishlar: Andrih 2, Poku 58, Palasios 63 – Martinelli 26, Subimendi 69.
Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichida navbatdagi sensatsiya ro‘y berishiga bir baxya qoldi. Umumiy guruh bosqichida 8 o‘yinda 8 g‘alabaga erishib, turnir g‘olibligi uchun yaqqol favoritlar qatorida sanalayotgan «Arsenal» «Bayyer» maydonida so‘nggi daqiqalarda penaltidan urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Holbuki Bundesliganing so‘nggi besh o‘yinida birgina g‘alabaga erishgan va turnir jadvalida oltinchi o‘rinda kelayotgan, so‘nggi ikki oyga yaqin vaqt ichida yetti nafar futbolchisi jarohat tufayli safdan chiqqan «Bayyer»da keyingi bosqichga chiqish uchun hech qanday imkoniyat yo‘qligi taxmin qilinayotgandi.
Amalda esa mezbonlar tartibli himoyalandi va xavfli qarshi hujumlar uyushtirdi, ikkinchi bo‘lim boshida esa londonliklarga qarshi ularning qurolini ishlatdi – burchak zarbasidan keyin jamoa sardori Andrih hisobni ochdi. Kutilmagan zarba mehmonlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi, David Rayya o‘yinning qolgan qismida «Arsenal»ni bir necha bor qutqarishiga to‘g‘ri keldi.
O‘yinning oxirgi qismida esa «Bayyer» chuqur himoyalandi va bu jamoaga pand berdi. Ikkinchi bo‘lim davomida Saka o‘rniga tushirilgan Noni Madueke jarima maydoni ichida yiqildi, mezbon jamoa futbolchilari va muxlislar uni simulyatsiya ishlatishda aybladi, ammo hakam penalti qo‘yishi uchun kontakt yetarli edi.

Londonliklarning ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan yana bir futbolchisi Kay Havers 11 metrlik nuqtadan zarbani aniq ijro etdi va sobiq jamoasiga urgan golini nishonlamadi. Shu bilan o‘yin yakunlandi.
Bu durangdan keyin umumiy vaziyat o‘zgarmay qoldi: «Arsenal» favorit edi va favoritligicha qoldi. «Bayyer»ni endi bir haftadan keyin «Emireyts»da juda qiyin o‘yin kutmoqda.
«PSJ» – «Chelsi» 5:2
Gollar: Barkolya, 10 (1:0). Gyusto, 28 (1:1). Dembele, 40 (2:1). Fernandes, 57 (2:2). Vitinya, 74 (3:2). Kvaratsxeliya, 86 (4:2). Kvaratsxeliya, 90+4 (5:2)
«PSJ»: Safonov, Markinos, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Joau Nevesh, Zayr-Emeri (Ernandez, 78), Barkolya (Mayulu, 78), Due (Kvaratsxeliya, 62), Dembele (Li Kan In, 69)
«Chelsi»: Yyergensen, Chaloba, Fofana, Kukurelya, Gyusto (Garnacho, 88), Jyeyms, Kaysedo, Fernandes, Pedru Netu, Palmer (Lavia, 83), Joao Pedro (Delap, 83)
Ogohlantirish: Kvaratsxeliya, 88
«PSJ» 2025 yil yozida klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida uchralgan mag‘lubiyat uchun «Chelsi»dan qasdini oldi. Bahorga kelib parijliklarda deyarli optimal tarkib yig‘ildi – hozirda asosiy tarkib futbolchilaridan faqat Fabian Ruis lazaretda qolmoqda. Luis Enrike hujum chizig‘ida Usmon Dembele, Bredli Barkolya va Dezire Due uchligiga ishonch bildirdi, Liam Rosenior esa kutilmaganda asosiy darvozabonni almashtirib, Sanches o‘rniga Filip Yorgensenni boshlang‘ich tarkibga kiritdi.
Mezbonlar ilk daqiqalardan kuchli bosim o‘tkazishdi va bu 10-daqiqada Barkolyaning goli bilan yakunlandi. «Chelsi» ham tezkor goldan o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va bo‘lim o‘rtalariga borib Malo Gyusto javob golini urdi. Bo‘lim oxiriga borib Dembele qarshi hujumda jamoasining ikkinchi golini urdi.
Tanaffusdan keyin o‘yin biroz tinchlandi, 15 daqiqacha jamoalar xavfli vaziyatlarga ega bo‘lishmadi. Lekin shundan keyin gol ko‘proq kerak bo‘lgan mehmonlar oldinga chiqishdi va Enso muvozanatni tikladi.
Shundan keyin yana maydonda jimjitlik hukm surdi. Birinchi bo‘limda katta kuch sarflab yuborgan jamoalar tejamkor rejimga o‘tishdi. Bunday holatda zaxira imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Luis Enrike Xvicha Kvaratsxeliya va Li Kan Inni maydonga tashlash orqali hujum chizig‘ini kuchaytirdi. Mehmonlar ustozi esa boshlang‘ich tarkibga ishonch bildirishda davom etdi.
U ishonch bildirgan Yorgensen 74-daqiqada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, uning muvaffaqiyatsiz uzatmasidan keyin Barkolya to‘pni egallab oldi va Xvichaga uzatdi, u esa Vitinyani zarbdor pozitsiyaga chiqardi.

«Chelsi» yana oldinga tashlandi va biroz o‘tib Joau Pedro Safonov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi, ammo ofsayd holati qayd etildi va gol bekor qilindi.
Kvaratsxeliya esa qolgan daqiqalarda bir-biridan chiroyli gollar urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Endi parijliklar bir haftadan keyin Angliyaga uchta gol ustunligi bilan safar qiladi. «Chelsi» chorakfinalga chiqishi uchun mo‘jiza ro‘y berishi kerak bo‘ladi.
«Budyo-Glimt» – «Sporting» 3:0
Gollar: Fet, 32 – penalti (1:0). Blomberg, 45+1 (2:0). Heg, 71 (3:0)
«Budyo-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Gundersen, Berkan, Sevold, Berg, Fet (Saltnes, 79), Even (Euklenn, 87), Hauge, Blomberg (Myayattya, 75), Heg (Helmersen, 79)
«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Diomande, Fresneda, Vayannidis (Morita, 63), Yulmann, Simoyes (Santush, 63), Trinkau, Luis Gilerme (Bragansa, 79), Katamu (Fayye, 63), Suares
Ogohlantirishlar: Gundersen, 44. Heg, 76 – Yulmann, 20
«Budyo-Glimt»ning Chempionlar ligasidagi yurishi davom etadigan bo‘lmoqda. Mavsum kashfiyotiga aylangan norveglar turnirda qatorasiga beshinchi g‘alabaga erishdi – bu guruh bosqichining so‘nggi turlarida «Manchester Siti» va «Atletiko», o‘tish bosqichida «Inter» ustidan qozonilgan g‘alabalar ortidan ro‘y berdi. Xetil Knutsen shogirdlarining navbatdagi qurboni «Sporting» bo‘ldi.
«Budyo-Glimt» o‘yinning ilk qismida yuqori pressing uyushtirdi va mehmonlar maydonning ikkinchi qismiga o‘tishga ham qiynalishdi. Portugallar darvozaboni Ruy Silva bir necha bor jamoasini goldan qutqardi, ammo 29-daqiqada mezbonlar to‘purari Sondre Fet penaltidan hisobni ochdi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa farq ikkitaga oshdi: skandinavlar o‘yin boshidan buyon qo‘llagan uslub nihoyat ish berdi – uzoq masofadan to‘p jarima maydoniga yetkazib berildi, Blomberg barchadan ildamroq harakat qildi va Silvani yana bir bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqishga majbur qildi.
Ikkinchi bo‘limda «Sporting» ustozi Ruy Borjyesh uchtalik almashtirish orqali o‘yinda burilish yasashga urindi, ammo bu ham yordam bermadi. «Budyo» ko‘p o‘tmay uchinchi golni ham urdi – jarima maydoni ichkarisiga xavfli uzatma yana ish berdi, bu safar jamoaning yana bir to‘purari Kasper Heg aniq zarba berdi.
O‘yinda zarbalar soni bo‘yicha tenglik kuzatildi (10:9, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 5:2), shu bilan birga, xG bo‘yicha norveglar raqibga qaraganda ancha yaxshi ko‘rsatkich qayd etishdi (2,46 ga qarshi 0,51). Jamoani keyingi bosqich bilan tabriklasa ham bo‘ladi, 17 mart kuni Lissabonda o‘tadigan o‘yinda «Sporting» uchta gol farqini yo‘qqa chiqarishiga ishonish qiyin.
Mavzuga oid
18:39 / 04.04.2026
Abduqodir Husanov navbatdagi kubokka bir qadam yaqinlashdi
22:18 / 01.04.2026
Abduqodir Husanov «Manchester Siti»da uchinchi marta oyning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi
12:13 / 27.03.2026
Italiya va Turkiya JChga yaqinlashdi. Kun o‘yinlari
23:27 / 22.03.2026