O‘zbekiston | 13:47 / 30.04.2024
4243
2 daqiqa o‘qiladi

Chirchiq daryosida qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 80 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan Toshkent shahar Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi bo‘yida navbatdagi reyd tadbirlari olib borildi.

Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi

Reyd davomida daryoning muhofaza mintaqasida 1 dona ekskavator va 2 dona yuk mashinasi yordamida qum-shag‘al qazib olinib, o‘rniga qurilish beton qoldiqlari joylashtirilayotgani aniqlandi va transport vositalari voqea joyida to‘xtatildi. O‘rganish davomida bu ishlar MChJga tegishli texnikalar yordamida hech qanday ruxsatnomasiz amalga oshirilayotgani aniqlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sergeli tumani hokimining 2019 yil 26 avgustdagi farmoyishiga asosan Sergeli tumani, Quruvchi dahasi, 25-uyda joylashgan 2,26 gektar yer maydoni obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida MChJga biriktirib berilgan. Farmoyishning 3-bandida mazkur hududda daraxt va gul ko‘chatlarini ekish belgilanib, 4-bandida biriktirilgan hududda qurilish va boshqa chiqindilarni joylashtirish javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Farmoyish talablariga amal qilinmagani natijasida «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun 22-moddasi hamda «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida»gi qonun 41-moddasi talablari buzilgan. Tabiatga qum-shag‘al qazib olinishi natijasida 21,4 milliard, chiqindilar noqonuniy joylashtirilishi natijasida esa 112,5 million so‘mga yaqin zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Bosh prokuratura xatiga asosan Toshkent shahar Sergeli tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining boshqa bir qismida ham o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada daryoning muhofaza zonasi va qirg‘oq bo‘yida taxminan 4 gektarga yaqin maydonda qazish ishlari amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori esa qariyb 62,3 milliard so‘mni tashkil qildi.

Yuqoridagi har ikki holatga huquqiy baho berish, aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish va tabiatga yetkazilgan zararni undirish maqsadida barcha hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Mavzuga oid