Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQShda federal qatl jazosi otib o‘ldirish orqali qayta tiklanmoqda
AQSh Adliya vazirligi o‘lim jazosini qo‘llashni kuchaytirish bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi. Ular orasida otib o‘ldirish orqali qatl etish hamda “o‘lim jazosi ishlarini ko‘rib chiqishni tezlashtirish uchun ichki jarayonlarni maqbullashtirish” ham bor.
Foto: iStock
AQShda Jo Bayden prezidentligi davrida joriy etilgan federal qatllarga moratoriy bekor qilinmoqda. Bu haqda 24 aprel, juma kuni AQSh Adliya vazirligi saytida e’lon qilingan press-relizda ma’lum qilindi.
“Bugun Adliya vazirligi qonuniy o‘lim hukmlarini talab qilish, qabul qilish va ijro etish bo‘yicha o‘z majburiyatini tiklash choralarini ko‘rdi. Bu o‘lim jazosiga hukm qilingan mahkumlar apellyatsiya qilishning barcha imkoniyatlaridan foydalanib bo‘lganidan keyin qatllarni amalga oshirishga yo‘l ochadi”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, qabul qilingan choralar qatorida Donald Trampning birinchi prezidentlik muddatida qo‘llangan o‘lim inʼeksiyasi protokolini qayta joriy etish, qatl usullari qatoriga otib o‘ldirish kabi qo‘shimcha usullarni kiritish, shuningdek, o‘lim jazosi bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishni tezlashtirish uchun ichki jarayonlarni maqbullashtirish bor.
Adliya vazirligi bunday qadamlar “eng shafqatsiz jinoyatlarni tiyib turishda hal qiluvchi ahamiyatga ega” bo‘lishini ta’kidladi.
AQSh bosh prokurori vazifasini bajaruvchi, Adliya vazirligi rahbari Todd Blansh Bayden ma’muriyatini oliy jazo chorasidan voz kechgani sabab “Amerika xalqini himoya qilish bo‘yicha burchini bajarmaslik”da aybladi.
“Prezident Tramp rahbarligida Adliya vazirligi yana qonun ijrosini ta’minlamoqda va jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda”, — dedi u.
2025 yil yanvarda Donald Tramp federal darajada o‘lim jazosini qayta tiklash to‘g‘risida farmon imzolagan va bosh prokurorga barcha shtatlarni o‘lim inʼeksiyalari uchun yetarli miqdorda preparat dozalari bilan ta’minlashni topshirgan edi.
Bungacha o‘lim hukmlarini ijro etishga moratoriy 2021 yilda bosh prokuror Merrik Garland tomonidan joriy etilgan.
2025 yil 7 mart kuni AQShda 15 yil ichida birinchi marta otib o‘ldirish orqali o‘lim hukmi ijro etildi.
Qatlga hukm qilingan Bred Kit Sigmon 2001 yilda sobiq sevgilisining ota-onasi — Devid va Gledis Larkni beysbol bitasi bilan o‘ldirgan.
Uning advokatlariga ko‘ra, erkak o‘zi qatl usuli sifatida otib o‘ldirishni tanlagan, elektr stuli yoki o‘lim inʼeksiyasidan voz kechgan. Hukm ijro etilgan paytda Sigmon 67 yoshda bo‘lgan.
Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, uni qatl xonasiga olib kirib, kresloga o‘tkazishgan. Otgan shaxslar devordagi teshiklar orqali o‘q uzgan, shu sababli ularni na mahkum, na guvohlar ko‘rgan.
Mavzuga oid
21:32 / 25.04.2026
Uitkoff va Kushnerning Eron bilan muzokaralar uchun Pokistonga safari bekor qilindi
21:06 / 25.04.2026
2 mln dollar – JCh-2026 finaliga chiptalar astronomik narxlarda sotilmoqda
20:02 / 25.04.2026
Politico Rubioni 2028 yilda AQSh prezidentligiga nomzod deb hisoblamoqda
19:07 / 25.04.2026