O‘zbekiston | 09:50 / 11.10.2024
2951
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda har bir tumanning bosh rejasi ishlab chiqiladi

Poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov prezident shahardagi har bir tumanning bosh rejalarini ishlab chiqish taklifini berganini ma’lum qildi. Toshkentda tirbandliklarni bartaraf etish bo‘yicha Yo‘llarni boshqarish departamenti tashkil etish rejasi aytildi.

Foto: «O‘zbekiston 24»

Toshkent shahrining 12 ta tumani uchun alohida bosh rejalar ishlab chiqiladi. Bu haqda poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi taqdim etildi. Unda Toshkent shahri hududi 3 ta zonaga ajratiladi: konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya. Bunda ekologik muammolar, «uydan savdo va xizmat ko‘rsatish obektlariga 15 daqiqada yetib olish» tamoyili hamda Toshkent viloyati tumanlarini poytaxt bilan yagona aglomeratsiya sifatida rivojlantirish hisobga olingan.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qoshida ishchi guruh ikki yil davomida Singapur, Angliya, Xitoy va Yevropa davlatlaridan mutaxassislarni jalb qilgan holda bosh reja loyihasini ishlab chiqqan.

«Taqdimot yakunida prezident kerakli qo‘shimchalar kiritish zarurligini ta’kidladi. Bosh reja tasdiqlangandan keyin barcha rejalashtirilgan ishlarning qoidalari aniq belgilanadi. Prezident har bir tumanning shahar ehtiyojlaridan kelib chiqib, bosh rejalar ishlab chiqishni ham taklif qildi. Bosh rejada hududning bugungi qiyofasi, shuningdek, bir yil, besh yil va o‘n yillikdagi qiyofasi qanday ko‘rinishda bo‘lishi aks ettiriladi, chunki bizning bosh rejamiz 2045 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqilgan», — dedi poytaxt hokimligi rahbari.

Shavkat Umurzoqov bosh reja bilan tasdiqlanadigan qoidalarga rioya qilish uchun kerakli mutaxassislarni tayyorlash zarurligini ta’kidladi.

«Bugun Toshkent shahrida ishlayotgan arxitektorlar, loyihachilar hokimlar xorijiy tajribani o‘rganish, kerak bo‘lsa arxitektorlarimiz borib tajribani o‘rganib kelishi haqida topshiriq berdilar. Uzoq muddatli mutaxassislarni tayyorlash uchun Toshkent shahar hokimligi qoshida Qurilish vazirligi bilan birgalikda Toshkent shahar Shaharsozlik institutini yaratish tavsiya etiladi, men o‘ylayman, bu katta mutaxassislarni tarbiyalash uchun imkoniyat beradi», — dedi u.

Hokim shahardagi tirbandlik muammosiga ham to‘xtalib o‘tdi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Transport vazirligi va shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahar yo‘llarini boshqarish departamenti tashkil qilinmoqda.

Mavzuga oid