Istiqboli ko‘rinmayotgan istiqbolliklar. Samarqand markazidagi jarlikda «jon saqlayotganlar» haqida
Samarqand chiroyli shahar, juda chiroyli shahar. Shuning uchun yiliga yarim milliongacha sayyohlar bu ko‘hna shaharni tomosha qilish uchun dunyoning to‘rt tomonidan kelishadi. Ammo bu shaharda bir mahalla borki, u yerga borsangiz, tushkunlikka tushib qolasiz...
Bu mahallaning nomi Istiqbol, ammo u yerda yashayotganlar istiqbolida mavhumlik ko‘rishmoqda, xolos.
Xalq tilida «Oxunboboyev» deyiladigan katta ko‘cha bor. Bu ko‘cha Samarqand shahrining ikki tomonini birlashtiradi. Ko‘cha bo‘yida archalar ekilgan va uning markazi katta jarlik ustidan o‘tadi. O‘sha jarlikda esa har qancha g‘alati bo‘lmasin odamlar yashashmoqda. Istiqbolliklar sovuq kunlar kelishi bilan hududda gaz yo‘qligini aytib bizga murojaat qilishdi.
Butun mamlakatda gaz va svet yo‘qligi yangilikmas, ammo bu mahallada gaz yo‘qligi yagona muammo emas.
Sobiq Oxunboboyev ko‘chasidan o‘tayotganda balandlikda qabriston ko‘rinadi. Mahalla mana shu yerda joylashgan. Odamlar ikki tepalik orasidagi jarlikda yashamoqda. Jon saqlamoqda deyilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi. Axir, yomg‘ir yog‘sa, suv bosadigan, qorda muzlab qoladigan, yozda chang-to‘zonga to‘ladigan joyda yashaydiganlarga yana qanday ta'rif berish mumkin?
Bu uylar «snos» bo‘lishi va u yerda yashayotganlar boshqa yerga ko‘chirilishi haqida ko‘p marta gapirilgan. Aholining aytishicha, bunday gaplar 2012 yilda Istiqbolni suv bosganidan so‘ng keng muhokama qilingan. O‘tgan yil ham fuqarolarning kadastr hujjatlari tekshirib chiqilgan va ularga bu uylar «snos» bo‘lishi mumkinligi aytilgan, ammo barchasi yana tezda unutilgan.
Fuqarolardan biri kuz kelishi bilan namiqishni boshlaydigan bunday uylarda yashagan qizi nogiron bo‘lib qolgani haqida aytadi. Uylarning devorlari zax bosib ketgan. Bu yerda yashayotgan bolalarga qiyin. Ular juda baland va xavfli zinapoyadan katta ko‘chaga ko‘tarilib maktabga qatnashadi. Qish kunlari tez qorong‘i tushadi va ota-onalar bolalarini xavotir bilan kutib o‘tirishadi.
Fuqarolar bir necha marta mahalliy hokimiyat vakillariga murojaat qilishgan, ammo hech qanday samara bo‘lmagan. Odamlarning aytishicha, shahar hokimligida faqat va'da berishdan nariga o‘tishmagan. Kunlar sovigan sari bu yerlarda yashash qiyinlashib ketishini bir qarashda anglash mumkin. Yozda ham tuzuk quyosh tegmaydigan bu yerlar qishda qanday bo‘lishini tasavvur qilavering.
Istiqbolga boradigan yo‘llar... Uni yo‘l deb atash mumkin bo‘lsa, odamlar bunday ko‘chalarda qanday yurayotgani kishini hayron qoldiradi. Biz borgan vaqtda yer muzlagani uchun ko‘chada yurish mumkin, boshqa vaqtda esa u yer balchiqqa aylanadi. Istiqboldagilar chiroyli kiyinib ko‘chaga chiqishlaridan ma'ni yo‘q, chunki yozda chang, qishda loy ko‘cha kiyimlarni iflos qilishga doim shay holatda. Tushunib turibsiz, u yerlarga avtobus tugul taksi ham kirmaydi.
Xullas ko‘hna shahar markazida hayotdan uzilib qolgan istiqbolliklarga yordam kerak. Axir ularning ham hamma qatori yashashga haqqi borku...
O‘tkir Jalolxonov
Mavzuga oid
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024