O‘zbekiston | 08:55 / 13.08.2018
10126
6 daqiqa o‘qiladi

OTMni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri raislik qiluvchi Jamg‘armani boshqarish kengashi tomonidan amalga oshiriladi.

Kengash tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri tomonidan tasdiqlanadi. Kengash tarkibiga Vazirlik va oliy ta'lim muassasalarining rahbar va mas'ul xodimlari (7-9 kishi) kiritiladi.

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Jamg‘arma mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan tadbirlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

hisobot yili yakuni bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘larining tushumi va xarajatlari to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qilish;

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

oliy ta'lim muassasalarining to‘lov-kontrakt (shu jumladan oshirilgan to‘lov-kontrakt) shaklida o‘qitishdan tushadigan mablag‘larining mazkur mablag‘lar bo‘yicha daromadlar va xarajatlar smetalarida aks ettiriladigan yil boshiga qoldiq (tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilgan mablag‘lar ham inobatga olingan holda) qismining 5 foizi miqdoridagi ajratmalar;

xayriya beruvchilar mablag‘lari, xalqaro tashkilotlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarining ixtiyoriy xayr-ehsonlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan tushadigan mablag‘lar.

Jamg‘armaga Oliy ta'lim muassasalarining to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan o‘tkaziladigan ajratmalar joriy yilning 1 aprelidan kechiktirmay tushirilishi shart.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish va oliy ta'lim muassasalari kitob fondini to‘ldirishga;

o‘quv binolari, talabalar yashash joylari, sport inshootlari va boshqa infratuzilma obektlarini moddiy holatini yaxshilash, shu jumladan ularni zarur zamonaviy o‘quv va ilmiy-laboratoriya uskunalari, mebel, inventarlar bilan jihozlashga va boshqa tovar-moddiy qiymatliklar xarid qilishga;

o‘quv binolari, talabalar yashash joylari, sport inshootlari va boshqa infratuzilma obektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash ishlarini (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish xarajatlarini inobatga olgan holda) amalga oshirishga, ularni kuzatuv, nazorat va identifikatsiya tizimlari, vositalari va qurilmalari bilan ta'minlashga;

axborot-kommunikatsiya, multimedia va tarmoq qurilmalari, texnikalari, vositalari hamda dasturiy ta'minotlarni xarid qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, axborot-ta'lim resurslarini ishlab chiqish, o‘quv

va boshqaruv jarayonini avtomatlashtirishga xizmat qiluvchi tizimlarni yaratish, vazirlik va ta'lim muassasalari o‘rtasida elektron axborot almashinuvini tashkil etish, interaktiv ta'lim resurslar va ma'lumotlar bazasini shakllantirish, “Elektron ta'lim” tarmog‘i qurilmalarini ishchi holatda saqlash va xizmat ko‘rsatishga;

o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni zarur sarflash materiallari va butlovchi qismlar bilan ta'minlashga;

xorijiy olim, professor-o‘qituvchi va mutaxassislarni respublika oliy ta'lim muassasalari hamda rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish muassasalari o‘quv jarayoniga, shuningdek, ta'lim jarayonini isloh qilish va takomillashtirish maqsadlarida ekspert va konsultantlarni jalb etishga;

investitsiya loyihalari doirasida loyihaoldi, loyiha, tanlov hamda shartnoma hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish, tovar qabul qilish bilan bog‘liq bo‘lgan deklaratsiya-sertifikatsiya ishlari, vaqtinchalik ombordan foydalanish va konsalting xizmatlari uchun haq to‘lashga;

respublika oliy ta'lim muassasalarida ijtimoiy, tarbiyaviy, psixologik va boshqa o‘quv-uslubiy, ilmiy loyihalar hamda tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish (ishchi guruhlarning ish haqi, xizmat safari va boshqa xarajatlar)ga;

professor-o‘qituvchilar yoki talabalar o‘rtasida o‘tkaziladigan respublika tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash va rag‘batlantirishga;

mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda faollik ko‘rsatgan oliy ta'lim muassasalarining rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilarini moddiy rag‘batlantirishga;

kam ta'minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi talabalarni ijtimoiy himoyalash tadbirlari (bir yilda bir talabaga eng kam ish haqining 10 (o‘n) baravari miqdoridan oshmaydigan bir martalik moddiy yordam)ga;

vakillik tadbirlarini (xorijiy delegatsiyalarni kutib olish, transport xizmati, tarjimonlarni jalb qilish, sovg‘a va suvenirlar sotib olish, ovqatlantirish) o‘tkazishga;

zarur hollarda, oliy ta'lim muassasalarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari hamda stipendiya to‘lovlarini amalga oshirish uchun 6 oygacha bo‘lgan muddatga foizsiz ssuda mablag‘lari ajratishga;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlariga ko‘ra o‘tkaziladigan sport-sog‘lomlashtirish va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga;

Vazirlik rahbar va xodimlarini xorijiy boshqaruv idoralari, ta'lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga tajriba o‘rganish va hamkorlik o‘rnatish maqsadlarida xorijiy xizmat safariga yuborishga;

Vazirlikda tashkil etiladigan ekspert-tahlil guruhlariga haq to‘lashga.

Mavzuga oid