O‘zbekiston | 20:29 / 28.11.2020
24443
4 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyot institutlari talabalari o‘z yashash hududlariga amaliyotga yuborilmoqda. Vazirlik izoh berdi

Kun.uz murojaatlar bo‘limiga tibbiyot institutlarida tahsil oluvchi qashqadaryolik bir guruh talabalardan murojaat kelib tushdi. Unda shunday deyiladi: “Institut bizni o‘zimizning viloyatimizga amaliyotga jo‘natyapti. Lekin boshqa hududlardagi talabalar o‘qishlarini davom ettirishmoqda. Savol tug‘iladi – nega aynan qashqadaryoliklar?”. Masalaga oydinlik kiritish, umuman bunday amaliyot nima sababdan o‘tkazilayotganini bilish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi Fan va ta'lim boshqarmasi boshligi O‘ktam Ismoilov bilan suhbatlashdik.

 – O‘ktam Safoyevich, talabalarning amaliyot o‘tashiga qanday zarurat paydo bo‘ldi?

– Har bir talabaga amaliyot zarur. Ayniqsa bizning sohamizda talaba faqat nazariyani o‘rganib hech qachon shifokor bo‘la olmaydi. Tibbiy ta'lim azaldan amaliyot bilan birga olib borilgan. Ayni paytda bu masala kun tartibiga chiqqani ham aniq sabablarga, huquqiy asosga ega. Ma'lumki, O‘zbekiston prezidentining “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Unda shunday band bor:

2021 yil 1 yanvardan boshlab qishloq vrachlik punkti oilaviy shifokor punkti deb, qishloq va shahar oilaviy poliklinikasi esa oilaviy poliklinika deb qayta nomlanadi. Bunda, ushbu chora-tadbirlar mavjud shtat birliklari doirasida amalga oshiriladi.

Bu bandning mavzuga aloqador jihati shundaki, ko‘pchilik talabalar amaliyotdan uzoqlashdilar, o‘zlarining kelajakdagi potensial ish joylari bo‘lgan oilaviy poliklinikalarga bormaydilar. Farmonda talabalarning amaliyotga uzviy biriktirilishi ham ko‘zda tutilgan.

Hujjatga asosan vazirligimizning maxsus buyrug‘i ham chiqarilgan. Bir so‘z bilan aytganda, butun dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, shifokor amaliyotsiz shifokor bo‘la olmaydi.

– So‘zlaringiz bilan birga murojaatdagi savol ham o‘rinli. Amaliyot zarur ekan, nega aynan qashqadaryolik talabalargina bu jarayonga jalb qilinmoqda?

– Bu yanglish tushuncha. Gap shundaki, 20 kun davom etishi mo‘ljallangan bu amaliyot Qashqadaryo viloyati misolida boshlandi va bosqichma-bosqich hamma hududlarda davom ettiriladi. Qashqadaryoda boshlanishiga sabab, davlat rahbarining viloyatga tashrifi davomida aholini ro‘yxatdan o‘tkazish, antropometrik ko‘rsatkichlarini aniqlash va salomatligini tekshirish topshirig‘i berilgan. Bu jarayonga barcha soha xodimlari singari o‘sha hududlik yuqori kurs talabalari, klinik ordinatorlar va magistrlar ham jalb qilinmoqda.

– Bu amaliyot uchun haq to‘lanadimi, unga borish majburiymi?

– Yuqorida aytganimda amaliyot ham ta'lim jarayonining uzviy bir qismi hisoblanadi, faqat unga mavjud vaziyatdan kelib chiqib jiddiy e'tibor berilyapti xolos. Pandemiya davrida tibbiyotga jiddiy yuklama tushdi, yangi-yangi vazifalar berilyapti, katta islohotlar amalga oshirilyapti. Bunday jarayonlardan professor-o‘qituvchilar va talabalarning chetda qolishi to‘g‘ri emas.

Endi bevosita savolingizga kelsak, talabalarning yo‘lkiralari to‘lab beriladi. Ammo ularning vaqtincha faoliyati uchun haq to‘lash ko‘zda tutilmagan.

Barcha qatnashishi shart bo‘lsa-da, kasallikka chalinganlar, homiladorlar va boshqa qator sabablarga ko‘ra talaba amaliyotga jalb qilinmasligi mumkin. Bu borada ta'lim muassasalari rahbariyati o‘rganib chiqadi va xulosa chiqaradi.

Eng muhimi, talabalar o‘zlari yashaydigan hududda, ota-onalari bag‘rida amaliyotni o‘taydilar va bu ham ularga katta tajriba bo‘ladi.

 Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid